Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 16:52

Moskva rasmiylarining bildirishicha, dovuldan halok bo‘lgan 16 kishining 11 nafari poytaxt, 5 nafari esa Moskva viloyatida yashagan. Moskva viloyatida halok bo‘lganlardan 1 nafari balog‘atga etmagan bola ekani aytildi.

Moskva viloyat sog‘liqni saqlash departamenti rahbari Aleksey Xripun 30 may kuni tabiiy ofat tufayli jabrlangan 168 odam tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganini bildirdi. Ulardan 108 nafari, jumladan, 22 nafar yosh bola kasalxonalarga yotqizilgan.

Xripunning bildirishicha, kasalxonada qolayotganlardan 8 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Moskva meri Sergey Sobyanin bu so‘nggi 20 yilda Rossiya poytaxtida yuz bergan eng qattiq dovul bo‘lganini bildirar ekan:

“Bu misli ko‘rilmagan bir fojea bo‘ldi. Bu voqea kunduz kuni, ayni tig‘iz bir paytda yuz bergani uchun ham qurbonlar soni ko‘p bo‘ldi”, deb aytdi.

Unga ko‘ra, Moskva hukumati bugun halok bo‘lganlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatish masalasini hal qiladi.

Moskva nashrlariga ko‘ra, hukumat halok bo‘lganlarning oilalariga 1 million rubldan ko‘mak ko‘rsatishni rejalamoqda.

Energetika vazirligi 29 may kuni kunduzgi soat 4lar atrofida boshlangan dovul oqibatida Moskvada 7,5 mingga yaqin odam elektr ta’minotisiz qolganini bildirdi.

Moskva meri Sergey Sobyaninga ko‘ra. tezligi soatiga 110 kilometrni, sekundiga 28 metrni tashkil qilgan dovul 3500 daraxtni tomiri bilan qo‘porib tashlagan. Natijada o‘nlab avtomobilga shikast yetgan. Sug‘urta shirkatlari ziyonni to‘lab berish bo‘yicha murojaatlar oqimi to‘xtamayotganini xabar qilmoqdalar.

Tabiiy ofat jamoat transporti, xususan, avtobus, trolleybus, tramvay va hatto bir joyda metro harakatida uzilishlarga olib keldi.

Kommunal xizmat xodimlari tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilishga urinmoqdalar.

Rossiya poytaxti so‘nggi 20 yil ichida bu kabi tabiiy ofat bilan qarshilashmagan edi. 1998 yilgi bo‘ron oqibatida Moskvada, turli ma’lumotlarga ko‘ra, 8 kishidan 11 kishigacha nobud bo‘lgan.

Favqulodda holatlar vazirligi dovul xavfi 31 maygacha saqlanib qolinayotgani to‘g‘risida moskvaliklarga SMS ogohlantiruv jo‘natmoqda.

Moskvada bo‘lgani kabi kuchli dovullar Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham bo‘lib o‘tdi. Qozog‘istonning Taraz shahrida yuz bergan dovulda, so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda 2 kishi halok bo‘lgan. Sekundiga 27 metr tezlikda esgan dovul yangi qurilgan uyning tomini yopayotgan bu ikki kishini uchirib ketgan. Bundan tashqari tabiiy ofatdan uch kishi jarohatlangan.

Qirg‘izistonning Chuy viloyatida sekundiga 28 metr tezlikda esagan shamol qator uylarning tomni uchirib ketgani aytilmoqda. Bishkekda shamolning kuchi sekundiga 21 metr bo‘lgan. Qirg‘iziston rasmiylari hozir dovuldan ko‘rilgan zarar miqdori o‘rganilayotganini, odamlar halok bo‘lmagani va jabrlanganlar yo‘qligini bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG