Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:40

17 yil so‘ngra o‘g‘lining boshsiz jasadini topgan ona Mirziyoevdan yordam kutmoqda (VIDEO)


1976 yilda Toshkentda tug‘ilgan Dilshod Niyozov qabridan olingan suyaklar
1976 yilda Toshkentda tug‘ilgan Dilshod Niyozov qabridan olingan suyaklar

Toshkentlik 67 yashar Gulchehra Niyozova o‘g‘li sirli o‘limidan so‘ng 17 yil davomida sirtdan qidiruvda bo‘lgani, uning nomidagi uy esa 15 yildan so‘ng davlat hisobiga noqonuniy ravishda musodara qilib yuborilganini iddao qilmoqda.

Bu ayolning hikoyasi asnosida esa, jasadning boshi ekspertiza bilan ko‘milish orasida sirli ravishda g‘oyib bo‘lishi, egasi qidiruvda bo‘lgan uyning "fohishaxonaga aylangani"yu shahar hokimiyati foydasiga musodara qilinganiga oid favqulodda ayanchli manzara shakllanadi.

Shu bois, OzodMikrofon rukniga murojaat qilgan toshkentlik onaning 17 yilga cho‘zilgan o‘ta ayanchli ko‘rgiliklardan iborat uzun hikoyasini imkon qadar qisqartirib, dahshatga soluvchi voqealarning boshi - 2000 yilning fevralidan boshlab bayon qilishga urindik.

Sirli qotillik

1976 yilda Toshkentda tug‘ilgan Dilshod Niyozov, onasi Gulchehra Niyozovaning da’vosiga ko‘ra, Yashnobod (sobiq Hamza) tumanidan sotib olgan 1 xonali uyida sirli ravishda o‘ldirib ketilgan.

Ozodlikka taqdim qilingan Yashnobod tuman prokuraturasiga oid qator hujjatlarda Dilshod Niyozov va yana bir shaxsning jasadi 2000 yilning 18 fevralida Hamza tumanidagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, 10 "b" uydagi 104-xonadondan topilgani aytilgan.

Ammo, Dilshod Niyozovning o‘z uyida dahshatli tarzda o‘ldirib ketilgani qotillikdan 17 yil o‘tib, rasman qayd etildi.

Bunga qadar Niyozov o‘z uyida "25-30 yoshlardagi ikki noma’lum shaxsni o‘ldirib, ustiga ohak sepib, devorga suvab tashlaganlikda gumon qilinib, sirtdan qidiruvga berilgan" edi.

Gulchehra Niyozova nomidan Ozodlikka gapirgan qizi - Lobar Baxmetovaga ko‘ra, qotillik bo‘lgan kezdayoq yaqinlari Dilshodni tanasidagi alohida belgilaridan tanigan, uning qotil emas, qotillik qurboni ekanini rasman tasdiqlatishga uringan. Ammo, noma’lum sabablarga ko‘ra, ularning arzi qondirilmagan:

- O‘shandayoq DNK sini tekshiringlar, deganmiz, hech kim quloq solishmagan. Onamga kvartiradan chiqqan o‘liklar noma’lum shaxslar umumiy qabristoniga ko‘mvorilgan, deyishgan. U tergovchilar, melisalar ishdan bo‘shab ketishdi ham. Ammo, biz akamning o‘ldirilganini rasman tasdiqlatish, uning jasadini topib, otamizning xilxonasiga ko‘mish uchun 17 yil yugurdik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga rahmat, u kishi saylanganidan keyingina arizamizni qabul qilishdi va akamning o‘lganini tasdiqlatdik. Toshkent shahar prokurori, Yashnoboddagi tergovchilarga ham katta rahmat! - deydi Lobar Baxmetova.

17 yil kechikkan DNK tekshiruvi

Lobar Baxmetovaga ko‘ra, 2017 yilning yanvaridan boshlab, huquq-tartibot organlari tomonidan ularga berilgan javob xatlarida ilgari siljish boshlangan.

Baxmetova Yashnobod tumani prokuraturasi, Toshkent shahar IIB, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi, Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan berilgan hujjatlarning nusxalarini Ozodlikka yo‘lladi.

Hujjatlar mazmuniga ko‘ra, marhum Dilshod Niyozovning onasi - 67 yashar Gulchehra Niyozovaning arizasiga binoan, 17 yil muqaddam Yashnaoboddagi 1 xonali uyda aniqlangan qotillik yuzasidan qayta tergov boshlangan.

Uydan topilgan ikki murda ko‘milgan "O‘rtasaroy" qabristonidagi 2 ta - 1060 va 1061-qabrlar ochilgan.

Natijada, "X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazining 18.05.2017 yildagi 2666/12D-sonli DNK ekspertizasi xulosasiga ko‘ra "O‘rta-Saroy" qabristoniga 02.03.2000 yilda 1060 tartib raqami ostida dafn etilgan noma’lum shaxs 1976 yilda tug‘ilgan Niyazov Dilshod Yadgarovich ekanligi aniqlangan".

Boshsiz jasad

Ammo, qabrlardan chiqqan jasadlarning bosh suyaklari yo‘q.

Vaholanki, Ozodlikka Niyozovlar oilasi taqdim qilgan - 2000 yildagi ekspert xulosasida - jasadlarning boshi borligi qayd etilgan.

- Qabrni ochishdi, ikkala o‘likning ham boshi yo‘q. Mana sizga yana bitta muammo. Hech kim bilmaydi, akamning o‘ligining boshi qaerda? 17 yil izlab, 23 yoshida o‘lib ketgan bechora akamning jasadni topdim - endi boshini topish kerak. Tergovchiga ham yangilik bo‘ldi. Bu ichki ishlarning biz bilmagan yana qancha fosh qilinmagan sirlari bor ekan, jinoyatlari bor ekan?! - deydi ko‘rguliklaridan dahshatga tushgan Lobar Baxmetova.

Egasiz uy musodarasi

2000 yilda qotillik bo‘lgan uy - Yashnobod tumanidagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan 10 "b" uyning 104-xonadoni 2015 yilning 24 noyabrida Toshkent shahar hokimiyati hisobiga musodara qilingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi nomi bilan imzolangan hujjatda, bu xonadonning 2015 yil 17 iyunda qo‘shmachilik jinoyati ishi doirasida chiqarilgan hukmga binoan "jinoyat quroli sifatida davlat egaligiga o‘tkazilgan"i aytilgan.

Lekin, Lobar Baxmetova Ozodlikka taqdim etgan hujjat - Jinoyat ishlari bo‘ycha Yakkasaroy tumani sudi hukmida 104-xonadon tilga olinmagan.

- Hozir, Toshkentda egasi qidiruvda bo‘lgan juda ko‘p kvartiralarni davlat olib qo‘yyapti. Akam sirtdan qidiruvga berib yuborilgani uchun, uning uyini onamning nomiga o‘tkazolmayotgan edik yillardan beri. 2015 yilga kelib esa, qanaqadir fohishalik ishiga qo‘shib, qidiruvda bo‘lgan akamning uyini ham shahar hokimiyati olib qo‘ygan, buni biz keyin bildik. Vaholanki, bu uy o‘sha sudni hukmida ko‘rsatilmagan, - deydi Lobar Baxmetova.

11 bolalik onadan Mirziyoevga ariza

17 yil deganda o‘g‘lining boshsiz jasadini topgan va marhum turmush o‘rtog‘ining xilxonasiga ko‘mishga muvaffaq bo‘lgan 67 yashar Gulchehra Niyozova, arizasiga ko‘ra, shu kunda bolalari va nabiralaridan iborat 14 kishilik oila bilan Sergeli tumani, Qo‘ylik massividagi "4 xonali uyda qayd etilgan va yashamoqda".

Uning qizi Lobar Baxmetova esa 17 yildan buyon marhum akasiga qarashli Yashnoboddagi 1 xonali uyda yashamoqda. Lobarning 4 nafar farzandi bor.

Ammo, uyni marhumning nomidan - merosxo‘r nomiga o‘tkazish urinishi 2000 yildan beri natijasiz qolmoqda.

- Bir tomondan uylanmasdan 23 yoshida o‘lib ketgan akamdan yolg‘iz yodgorlik shu uy - uni saqlab qolishga harakat qilayapmiz. Ikkinchi tomondan, shu uy bizdek katta oilaga juda ham zarur. Men 2000 yildan beri 4 bolam bilan shu uyda yashayman. Biz otasiz o‘sganmiz, onam 11 bolani yolg‘iz katta qilgan. Prezidentimizdan shu muammoimizni hal qilib berishlarini iltimos qilamiz, - deydi Lobar Baxmetova.

Ozodlik toshkentlik Niyozovlar oilasi murojaati taqdirini kuzatishda davom etadi.

* * * * * * * * * * * * * * * * * * * * *

Muhim eslatma: OzodMikrofon rukniga bo‘lgan murojaatlar mazmuni uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas. Bu rukn mushtariylarga o‘z fikrini erkin ifoda qilishi uchun berilgan minbardir!

XS
SM
MD
LG