Линклар

Moskva sudi Kremlga yaqin oligarx Alisher Usmonovning muxolifat yetakchisi va korrupsiyaga qarshi kurash faoli Aleksey Navalniyni o‘ziga tuhmat qilganlikda ayblab bergan da’vo arizasini ko‘rib chiqishni boshladi.

Lyublinsk tuman sudi hakami 30 may kuni majlis boshlanishida¸ da’vogar ham, ayblanuvchi ham jarayonning videotranslyatsiya qilinishga rozi bo‘lganiga qaramay¸ mahkama eshituvlarining videotranslyatsiya qilinishga ruxsat berilmaslik qarorini e’lon qildi.

Ish qo‘zg‘atilishiga Navalniyning bosh vazir Dmitriy Medvedevni Rossiya va chet ellardagi boyligini boshqarish uchun xayriya jamg‘armalaridan foydalanish orqali ommaviy korrupsiyaga sababchi bo‘lganini iddao qiluvchi videosi sabab bo‘ldi.

Navalniy o‘z tekshiruvlari xulosasiga tayanib turib¸ Usmonovni 50 million AQSh dollarlik dang‘illama hovlini Medvedevga qarashli jamg‘armalardan biriga “hadya sifatida” berganini jamoatchilikka e’lon qilgan.

Sud majlisiga Navalniyning o‘zi, Usmonov nomidan esa uning advokati Genrix Padva keldi.

Navalniy advokati suddan oligarxning da’vosini rad etishni so‘rab, bunaqa ishlar odatda arbitraj sudida tinglanishi kerakligini aytdi.

Sudya ushbu iltimosni, shuningdek, Navalniy himoyachilarining “Sotsgosproekt” ijtimoiy jamg‘armasidan iddaoga sabab bo‘lgan hovli qanday sotib olingani to‘g‘risidagi hujjatni taqdim etish so‘ralgan iltimosini rad etdi.

Da’vo arizasiga ko‘ra, milliarder Usmonov o‘ziga u yoki bu shaklda yetkazilgan zarar uchun tovon puli talab qilayotgani yo‘q.

Asli namanganlik milliarder Navalniydan videoblog orqali Usmonovning pora bergani, jinoyatchi bo‘lgani, Rossiyada soliq to‘lamagani, Sovet Ittifoqi vaqtida zo‘rlash uchun qamalib chiqqani, konchilik korxonalarini noqonuniy xususiylashtirishda ishtirok etgani to‘g‘risidagi iddaolarini qaytarib olish va kechirim so‘rashni talab qilmoqda.

29 may kuni o‘z saytida Alisher Usmonov e’tirozlariga yana bir bor videoblog orqali javob qaytargan Aleksey Navalniy¸ oligarxga qo‘ygan ayblarini hujjat va dalillar orqali qayta takrorladi va bu hujjatlarning sudga taqim etilishini bildirdi.

Aleksey Navalniyning Bosh vazir Dmitriy Medvedevni korrupsiyada ayblashga qaratilgan surishtiruvidagi bosh figura sanalgan Alisher Usmonov bilan videotortishuvi¸ keyingi haftalar davomida Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida eng ko‘p ko‘rilayotgan va muhokama qilinayotgan voqeaga aylandi.

XS
SM
MD
LG