Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 02:32

GM Uzbekistan shirkati o‘zida ishlab chiqarilgan avtomobillarni 1 iyundan o‘zbek so‘miga sotishni boshlashi haqida e’lon qilgach, O‘zbekiston mashina bozorlarida yangi ajiotaj boshlandi. Bozorda mashinalar narxi bir kunda o‘rtacha 20 foizga qimmatladi. Ko‘pchilik savdogarlar 1 iyundan “mashina salonlarda qimmatlarmish” degan gumonga asosan¸ ularni sotmay qo‘ygan. Avtosalonlarda ham 29 maydan 31 mayga qadar “inventarizatsiya sabab” avtomobillar sotish to‘xtagan.

GM Uzbekistan shirkati mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda 1 iyundan mamlakatning barcha avtosalonlarida mashinalar o‘zbek milliy so‘mida sotilishini tasdiqladi:

- Muhtaram prezidentimizning farmonlari bor. O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda "O‘zavtosanoat" GM Uzbekistan avtomobillarini 1 iyundan ichki bozorda milliy valyuta - so‘mga sotishga o‘tish taklifiga rozilik bersin, deb 26 may kuni farmon chiqarganlar, shu bo‘yicha 1 iyundan mashinalar so‘mga sotiladi, - dedi GM Uzbekistan shirkati mulozimi.

Bu suhbatdosh¸ GM Uzbekistan avtomobillarining so‘mda sotilishi ular narxiga qanday ta’sir qilishi haqida ma’lumoti yo‘qligini bildirdi:

- 1 iyundan keyin mashinalarning narxlari qanday bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q. Lekin, shuni aytishim mumkin hozir hamma salonlarda inventarizatsiya bo‘layapti. Hozir yangi tizimga tayyorlanishayapti, - dedi GM Uzbekistan shirkati mulozimi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ GM Uzbekistan avtomobillarining so‘mga sotilishi arafasida avtosalonlardagi savdoning to‘xtatilgani munosabati bilan mashina bozoridagi narxlar o‘rtacha 20 foizga ko‘tarilgan:

- Savdogarlar 1 iyundan “mashina qimmatlarmish” degan o‘yda mashinalarini sotmay turishibdi. Sotadiganlari 20-30 foiz qimmat narx aytishayapti, - deydi Toshkentning Sirg‘ali avtomobil bozoridagi mashina dallollaridan biri.

Toshkent mashina bozorining kunda-shundalaridan biri¸ iqtisodchi Tohir Sobirov hukumat qarori ijrosi jarayonida avtomobil bozorida mavhum vaziyat yuzaga kelganini aytadi:

- Aniq ma’lumot yo‘q. Mashinani haqiqatan so‘mga sotadimi? Sotsa, qanaqa narxda bo‘ladi? Masalan 4 ming, 5 ming dollarlik mashinalar bor. Agar uni davlat kursida hisoblasangiz ancha arzon mashina bo‘ladi. Endi o‘shaning narxi qanaqa bo‘ladi? Bugungi davlat kursiga qarab belgilashadimi yoki "qora bozor"ga qarab narx qo‘yishadimi? Hozir shu savollar ochiq turibdi, - deydi Tohir Sobirov.

Ayrim ekspertlar bu tadbir O‘zbekistondagi naqd pul taqchilligi sharoitida odamlardan naqd pulni yig‘ib olish va qora bozorda AQSh dollari qimmatini ushlab tushirish uchun qilinayotgan amal ekanini aytishmoqda.

Tohir Sobirov ham bu farazlarda jon bor, degan fikrda:

- Hozir “qora bozor”da bir AQSh dollari 8500 so‘mga yetgan. Ertadan mashinalarni so‘mda sotishsa, odamlar qoplab so‘m olishni boshlaydi. So‘mga talab ortadi va o‘z-o‘zidan so‘mning kursi oshadi. Buni avvallari ham qilishgan. Aholidan so‘mni olib bo‘lishgach¸ yana mashinalarni dollarda sotishga o‘tishgan, - deydi Tohir Sobirov.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning aksariyat qismi eksport qilinishi bois, o‘zbekistonliklar oldindan avtomobilq narxining 85 foizini to‘lashga va bir yil mobaynida o‘z xaridi tayër bo‘lishini kutishga majbur.

GM Uzbekistan shirkati mulozimi 2017 yil 1 iyundan oldin tuzilgan shartnomalar bo‘yicha mashina shartnomada ko‘rsatilgan narxda egalariga yetkazib berilishini aytdi:

-1 iyundan keyingi narxlardagi o‘zgarish undan oldin shartnoma imzolaganlarga taalluqli bo‘lmaydi, - dedi GM Uzbekistan shirkati mulozimi.

Yiliga 250 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega ekani aytiladigan GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida Nexia, Cobalt, Lacetti, Malibu, Gentra, Matiz, Spark va Damas avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

XS
SM
MD
LG