Линклар

Chodirxayol: Uch ijrochiga omad keltirgan “Sev qardoshim” qo‘shig‘i tarixi


Shanoy¸ Zaynab Xonlarova va Dilfuza Ismoilova.

Shu kunlarda Toshkent to‘ylarining raqs qo‘shig‘iga aylangan “Sev qardoshim” ashulasi uni ilk ijro qilgan turk xonandasi Shanoy xonimni 1972 yilning eng mashhur qo‘shiqchisiga aylantirgan edi. Bu qo‘shiqni 1980 yilda Toshkentda kuylagan ozariy san’atkori Zaynab Xonlarova esa O‘zbekiston SSR xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

Toshkentlik 49 yashar Dilfuza Ismoilova bundan 17 yil oldin bu qo‘shiqni o‘zbek matn bilan kuylashni boshlab¸ hozirgacha mamlakat to‘yxonalariga tashrif buyurgan mehmonlarni raqsga tushirmoqda.

2005 yili “O‘zbektelefilm” kinostudiyasida Ibrohim Rasulov suratga olgan “Begona bahor” filmida Dilfuza Ismoilova “Sev qardoshim” qo‘shig‘ini ijro etganidan keyin bu qo‘shiq O‘zbekistonda yanada ommalashdi.

O‘sha payt diskotekalar repertuaridagi raqsbop “Shahnozalar” qo‘shig‘i o‘z o‘rnini “Sev qardoshim”ga bo‘shatib bergani eslanadi.

Istanbulni portlatgan "bomba"

Bundan 48 yil oldin 20 yashar turk qo‘shiqchisi Shanoy xonim ijro qilgan bu qo‘shiq Istanbul kazinolarida bomba kabi portlagan edi¸ deb eslaydi o‘zbekistonlik munaqqid va blogger Akmal Rizaev:

- Hozir 66 yoshga kirgan Shanoy xonim bu qo‘shiqni 1971 yili ijro qilgan edi. Bastakor unga bu qo‘shiqni keltirganida Shanoy xonim uncha mensimagan ham. Uning nazarida qo‘shiq kuyi primitiv tuyulgan. Ammo o‘sha paytda u zudlik bilan yangi plastinkani chiqarishi lozim edi. Qo‘shiq 1971 yilda "Benim Olursan/Sev Kardeşim" degan gramplastinkadan o‘rin oldi. Gramplastinkani hozir "vinil disk" deymiz. Uning ikki tomoniga qo‘shiq yoziladi. “Sev qardoshim” plastinkaning B tarafida edi. Aynan o‘sha tarafga yozilgan “Sev qardoshim” Turkiyaning kazino va tungi klublarida bomba kabi portlaydi. 1972 yilda bu qo‘shiq Turkiyada yilning eng mashhur qo‘shig‘i deya e’tirof etiladi. 1975 yilda bu qo‘shiq yozilgan plastinkalar Boku¸ Tbilisi va Toshkentdagi restoranlarda ham qo‘yila boshlandi. Men o‘zim 1978 yilda O‘zbekiston restoranida bu qo‘shiqqa raqs tushganman. Qayta-qayta buyurtma berardik¸ deb eslaydi san’atshunos munaqqid Akmal Rizaev Ozodlik bilan suhbatda.

Dunyoga keldik bir karra

Qayg‘uni to‘xtat va bu qo‘shiqni so‘yla

Sev qardoshim¸

E¸ ich¸ kul o‘yna....

Erk istagan ozariylar nidosi

“Sev qardoshim” qo‘shig‘ini taniqli ozarbayjon qo‘shiqchisi Zaynab Xonlarova 1979 yilda ijro qildi. Turk kazinolarida aytilgan yengilgina qo‘shiq matni ozariy tiliga moslanganida¸ shiddat kasb qildi¸ deydi ozarbayjonlik jurnalist va san’atshunos Turxon Karimov:

- Qo‘shiqni men Shanoy xonim ijrosida ham eshitganman. Layt (yengil) variantdagi qo‘shiq Xonlarova ijrosida shiddatli va yana ham ehtirosli bo‘ldi. Eng muhimi¸ mazmun o‘zgardi. 1988 yildan boshlab Ozarbayjon Xalq jabhasining erk va ozodlik talab qilingan mitinglarida bu qo‘shiq aytilardi. Maydon qo‘shig‘iga aylandi.

"Qo‘lingni ber menga¸ kel qardoshim¸ maqsadimiz doim bir bo‘lsin. Qalblarimiz birlikda ursin. Baxtimiz bir bo‘lsin¸qayg‘umiz ham bir"¸ degan satrlar maydonni junbushga keltirgan edi. Maqsadi¸ shodligi va qayg‘usi ham bir bo‘lgan xalq nidosisiga aylandi bu qo‘shiq¸ deydi Turxon Karimov.

Rashidovni maftun qilgan qo‘shiq

O‘zbekistonlik munaqqid Akmal Rizaevning aytishicha¸ 1980 yilda bu qo‘shiqni Zaynab Xonlarova Toshkentda ijro etgan:

- Aynan shu qo‘shiq o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovga juda ma’qul tushgan. Xonlarova Melodiya firmasida ishlab chiqilgan va “Sev qardoshim” qo‘shig‘i bosilgan oltin diskni Rashidovga hadya qilgan. Shundan keyin Zaynab Xonlarovaga O‘zbekiston SSR xalq artisti unvoni berilgan edi¸ deya eslaydi suhbatdosh.

Ozarbayjon jurnalisti Turxon Karimovga ko‘ra¸ Xonlarova 1981 yili O‘zbekiston SSR xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan.

- Zaynab Xonlarova Armaniston xalq artisti unvonini ham o‘sha paytda olgan. SSSR xalq artisti unvonini ham olgan. Qizig‘i shundaki¸ “Sev qardoshim” qo‘shig‘idagi qalblar¸ maqsadlar¸ sevgi va qayg‘u bir bo‘lsin¸ degan g‘oya Sovet Ittifoqi uchun ham jozibali g‘oya edi. Shu bois¸ bu qo‘shiq dunyoqarashi turli bo‘lganlar uchun ham mushtarak qadriyatga aylandi¸ deydi suhbatdosh.

“Sev qardoshim” o‘zbekcha zehniyat ifodasiga aylandimi?

- Men yaqinda internetda o‘zbek pop qo‘shiqchisi Dilfuza Ismoilova ijrosida “Sev qardoshim” qo‘shig‘ini eshitib mamnun bo‘ldim. Ayni ohang¸ ammo so‘zlari sal boshqacha¸ deydi ozariy jurnalisti Turxon Karimov.

Turkiyada ko‘ngilga orom beradigan ¸ Ozarbayjonda maydonlarga erksevarlarni chorlagan qo‘shiq O‘zbekistonda dunyo dardini unutib¸ bir kun bo‘lsa ham¸ davron surishni targ‘ib qiladigan nosiyosiy shukrona qo‘shiq tarzida qayta tug‘ildi.

Kel do‘st¸ unut

Dunëning dardini.

Kel do‘st¸ unut

Tashvishlaring.

Barin unut¸

O‘zingni tut

O‘yna¸ kul¸ yayra....

"Bu qo‘shiqni kuylashni yoshligimdan istaganman"¸ deydi o‘zbek qo‘shiqchisi Dilfuza Ismoilova Ozodlik bilan suhbatda:

- Kichik paytimdan xirgoyi qilib yurardim Xonlarovaga havas qilib. Institutni bitirgach¸ bu qo‘shiqni ayting¸ deb taklif qilishganida ko‘zimdan ësh chiqib ketgan bolalik orzuim ushalganidan. Keyin Zaynab Xonlarovadan izn olib¸ ijro qildim. So‘zlarini Tohir Muhammad o‘zbekchalashtirib berdi¸ Rustam Mahmudov aranjirovka qildi. Mana 17 yildan beri qaerga borsam¸ shu qo‘shiqni so‘rashadi¸ degan Dilfuza Ismoilova bu qo‘shiqdan bir parchani xirgoyi qilib berdi.

Dunyoga kulib bir qara¸

O‘zing uchun ham yasha bir bora¸

O‘tgan umring qaytmas yana¸

Kunda o‘ynab kulganing qolar.

Yolg‘on dunyoni rost dema¸

Ishonib¸ har kimni do‘st dema¸

Ko‘rgan kuningni oz dema¸

Kutgan baxtli kunlar kelar yana.

Kel do‘st¸ unut

Dunyoning dardini.

Kel do‘st¸ unut

Tashvishlaring.

Barin unut¸

O‘zingni tut¸

O‘yna¸ kul¸ yayra....

Ijrochiga omad keltiradigan qo‘shiq

- Qo‘shiq energetikasi juda pozitiv.¸ deydi ozariy jurnalisti Turxon Karimli. Unga ko‘ra¸ “Sev qardoshim" qo‘shig‘i o‘z ijrochisiga omad keltiruvchi xususiyatga ega:

- Xosiyatli qo‘shiq¸ degan hodisa bor. “Sev qardoshim" qo‘shig‘i ana shu tip qo‘shiq namunasidir. Qo‘shiq melodiyasi va matni universal. Bu qo‘shiqni g‘arib kuylasa boy bo‘ladi¸ boy kuylasa hayot ma’nosini tushunadi. Quvnoqlarni ma’yus¸ yig‘laganlarni kuldirib¸armonlilarni umidvor qiladigan qo‘shiq bu¸ deydi Turxon Karimov.

XS
SM
MD
LG