Линклар

Farg‘onalik tadbirkorlar “Bolalar sporti” fondiga pul o‘tkazishga majburlanyapti


Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarning Ozodlikka shikoyat qilishicha, tuman hokimligi va soliq inspeksiyasi mulozimlari tadbirkorlardan “Bolalar sporti” jamg‘armasiga bir million so‘mdan pul o‘tkazishga majbur qilmoqda. Tadbirkorlar, bundan tashqari, muntazam ravishda obuna va metallolom uchun pul o‘tkazishga majburlanayotganini iddao qilmoqdalar.

Oltiariq tumanida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlardan biri Ozodlikka bu haqda shikoyat qilar ekan, “Bolalar sporti”ga pul o‘tkazish uchun ular coliq idorasi inspeksiyasiga chaqirtirilganini aytdi:

- Soliq idorasida inspeksiya boshlig‘i, hokim o‘rinbosari bor edi. Bir million so‘m “Bolalar sporti” fondiga pul o‘tkazasan dedi. Buncha pulga imkonim yo‘q desam, bo‘lmasa 500 ming so‘m o‘tkazasan, dedi. Har yili bir-ikki marta ana shu fondga majburan pul o‘tkazdiradi. Shuncha pul qaerga chiqib ketyapti, bolalar sportiga qanday foydasi bo‘lyapti, o‘zlari ham aytib berolmaydi, dedi tadbirkor.

"Bolalar sporti"ga majburiy pul o‘tkazish uchun tadbirkorlarga shunday qog‘oz berilgan
"Bolalar sporti"ga majburiy pul o‘tkazish uchun tadbirkorlarga shunday qog‘oz berilgan

Uning aytishicha, aslida ixtiyoriy homiylik rutbasida bo‘lgan pul o‘tkazish, ixtiyoriy-majburiyga aylanib ketyapti:

- Agar siz shu pulni o‘tkazmayman desangiz, bo‘pti o‘zingdan ko‘r deyishadi. Keyin shantaj boshlanadi. Korxona yoki do‘koningizni arzimagan bahonalar bilan soliqchilar bosadi. Kerak bo‘lsa, militsiya va prokuraturani ham ishga solishadi. Bu metodni hamma tadbirkoralar yaxshi bilib olgan. Shuning uchun, “olsinu daf bo‘lsin”, deydida shu pulni berib tinchishadi, dedi tadbirkor.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir tadbirkor esa, ular “Bolalar sporti” fondidan tashqari obuna va metallolom uchun ham pul o‘tkazishga majburlanayotganini aytdi:

- Hamma tadbirkorlar obuna va metallolomdan bezib qolgan. Obunaga bir million so‘m, metallolomga 500 ming so‘m o‘tkazdiradi. Obuna bo‘lgan gazetalarimizni yarmi ham bizga yetib kelmaydi. Metallolomga topshirilgan pul ham qaerga ketayotganini biz bilmaymiz. Lekin hokimlik va huquq-tartibot organlari bosimi ostida biz shularni to‘lashga majbur bo‘lib kelayapmiz, dedi ikkinchi tadbirkor.

Uning aytishicha, katta amaldorlarga qarashli do‘kon va ishlab chiqarish korxonalari har qanday to‘lovlardan ozod qilingan:

“Shunday do‘kon va AYoQShlar borki, ularning “krishasi” MXXchilar yoki militsiya boshliqlari deyishadi. Ularning mushugini hech kim pisht demaydi. Qani bir soliqchi kirib ko‘rsinchi, o‘sha kuni enasini ko‘radi. Zapravkasidan 20 litr benzin olsangiz, 17 litr beradi. Nega 3 litr kam berdingiz desangiz, so‘kib beradi. Biz tadbirkormiz va bular erkatoy tadbirkoralr ekanligini yaxshi bilamiz, deydi tadbirkor.

Oltiariq tumani soliq inspeksiyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, “Bolalar sporti”ga pul o‘tkazilayotganini tasdiqladi. Biroq mulozimning aytishicha, bu tadbir ixtiyoriy tarzda amalga oshirilyapti:

- To‘g‘ri, bizda borib aytilyapti. Agar, ma’qul kelsa, o‘z hisobida ortiqcha pul bo‘lsa, “Bolalar sporti” fondiga o‘tkazib berish so‘ralyapti. Lekin majburlash yo‘q. Bizda “erkatoy” do‘konlar va AYoQShlar ham yo‘q. Hamma qonun oldida bir xil javob beradi, dedi soliq inspektsiyasi mulozimi.

Shavkat Mirziyoev 7 yanvar kuni prokuratura xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda prokurorlardan tadbirkorlar faoliyatiga korrupsion to‘siqlarni qo‘yayotgan amaldorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni iltimos qilgan edi.

-Tadbirkor yo‘liga qarshi chiqish davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqishdir. Afsuski, bu borada aytilayotgan gaplar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlarga nisbatan ta’magirlik holatlari hali-beri uchrab turibdi. Bu esa tadbirkorlarda haqli norozilik uyg‘otmoqda. Bunday holatlarning har biri bo‘yicha aybdor shaxslarni aniqlab,so‘zsiz jinoiy javobgarlikka tortish shart, -degan edi Mirziyoev.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi 2012 yilning 31 oktyabrida O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov farmoni bilan tuzilgan edi.

O‘zbekistonda tadbirkorlar turli xil xayriya jamg‘armalariga, jumladan, bolalar sportini rivojlantirish fondiga bir necha yillardan buyon pul o‘tkazishga majburlanyotganidan shikoyat qilib keladilar.

XS
SM
MD
LG