Линклар

O‘zbekiston prezidenti 29 may kuni siyosiy boshpana berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. 5ta bob va 25ta moddadan iborat bu hujjat shu paytgacha siyosiy qochqinlik masalasi mavhum qolayotgan O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga siyosiy boshpana berish tizimini bayon qiladi.

O‘zbekiston prezident devoni tizimida ishlaydigan mulozimga ko‘ra¸ bu nizom O‘zbekiston hududida ko‘p yillardan beri huquqiy muallaq xolatda yashayotgan shaxslarning O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga qilgan yuzlab murojatlariga javoban qabul qilingan.

- Murojaat qilganlar juda ko‘p¸ Ulardan 273 kishiga O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan fevral oyida vatandoshlik berildi. Afg‘oniston¸ Tojikiston va Turkmanistondan kelib O‘zbekistonda yashayotgan shahslardan mingga yaqin ariza portalga kelib tushdi. Ularning hammasi norasmiy qochqinlar edi. Vaziyatni o‘zi bu masalani yechish uchun huquqiy asos zarurligini taqozo qildi. Qisqa muddatda bu nizom ishlab chiqildi¸ deydi mulozim.

Unga ko‘ra¸ 20-25 yildan beri O‘zbekiston hududida yashagan ko‘plab odamlarning hukumatga qilgan sanoqsiz murojaatlari e’tiborsiz qoldirilgan:

- 29 may kungi nizom asosida siyosiy qochqin maqomini olgan shaxs va uning oila a’zolari O‘zbekiston vatandoshlari kabi huquq va erkinliklardan foydalanadi. Faqat saylash¸ saylanish kabi siyosiy huquqlari bo‘lmaydi¸ deydi mulozim.

E’tiroz

Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otaevaga ko‘ra¸ O‘zbekiston yangi qonun chiqarmasdan BMT qochqinlar konvensiyasini qabul qilib mavjud muammoni yechish mumkin:

- O‘zbekiston BMT konvensiyasini imzolamagan davlat bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari Andijon voqealaridan keyin BMT qochqinlar idorasining Toshkentdagi vakolatxonasi ham yopilgan edi. 19 may kungi nizom bilan tanishdim. Juda umumiy gaplar. Hususan siyosiy qochqinlikning tezgina olib qo‘yilishi mumkinligi meni hushyor torttirdi. Bu holat korrupsiyaga sabab bo‘lishi mumkin¸deydi Otaeva.

Umidvor qochqinlar

1992 yili Tojikistondagi urushdan qochib kelib O‘zbekistonda yashayotgan jurnalistning aytishicha¸ siyosiy boshpana berish tartibi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekistonda yashayotgan minglarcha qochqinlar orzu qilib kutgan hujjat:

-Hujjatda ijtimoiy-siyosiy faoliyati, diniy e’tiqodi, yoki milliy mansubligi uchun ta’qib qilingan kishiga jabrlanuvchi sifatida siyosiy boshpana berilishi aytilgan. Shularni hammasi menga to‘g‘ri keladi. Tojikistondagi fuqarolar urushi paytida o‘zbek gazetasida ishlaganim¸ titul millat sohibi bo‘lmaganim va diniy e’tiqodim farqli bo‘lgani uchun tazyiq qilindim. Biz yillar davomida O‘zbekiston hukumatidan huquqiy panoh kutib keldik. Nihoyat Mirziyoev paytida bu orzu ushaldi deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG