Линклар

Qirg‘iz deputati millatchilarni vatandoshlikdan mahrum etishni taklif qildi


Qirg‘iziston parlamenti binosi.

Qirg‘iziston parlamentining 1 iyunda o‘tgan umumiy yig‘ilishida ayrim deputatlar millatlararo nizo qo‘zitgan yoki qo‘zitishga harakat qilgan odamlarni vatandoshlikdan mahrum qilish, ularga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishni taklif qildilar.

Deputatlarning bu masalani ko‘tarishlariga jurnalist Ulug‘bek Boboqulovning Farg‘ona.ru saytida chop etilgan maqolasi sabab bo‘ldi.

Deputat Muradil Mademinov 2010 yilgi O‘sh voqealaridan so‘ng mamlakatda barqarorlikni tiklash o‘ta qiyinchilik bilan amalga oshirilganini eslar ekan, millatlararo nizo qo‘zg‘ashga harakat qilayotgan odamlarni vatandoshlikdan mahrum qilish kerak, degan fikrni aytdi.

Deputat Altibaeva esa:

-Hozirgacha iyun qirg‘inida farzandlarini yo‘qotgan ayollarning ko‘z yoshi to‘xtagani yo‘q. Jurnalistning bu maqolasi fitna. Bu maqola voqeaning navbatdagi yilligi yaqinlashib kelayotgan bir paytda yozildi. Qirg‘izistondagi barqarorlikni mana shu kabi birgina so‘z izdan chiqarishi mumkin. Huquq-tartibot tuzilmalari bu kabi maqolalarga e’tibor qaratib, baho berishi lozim, -deb fikr bildirdi.

Jurnalist Ulug‘bek Boboqulov bu kabi tanqidlarga javob berar ekan Ozodlik radiosiga ayrim odamlar uning maqolasi mazmuni va mohiyatini tushunmay, noto‘g‘ri xulosa chiqarganlarini aytdi:

-Men maqolamda ijtimoiy tarmoqlarda millatlararo nizoni qo‘zg‘atuvchi postlar va fikrlar yozilmoqda deb, o‘sha fikrlarni rus tiliga tarjima qilib qo‘yganman xolos. Bundan maqsad, bu kabi holatlarga maxsus xizmatlarning e’tiborini jalb qilish edi. Maxsus xizmatlar siyosiy masalalar bilan shug‘ullanmay, bu kabi holatlarning oldini olishi kerak, -dedi Ulug‘bek Boboqulov.

Jurnalistning Farg‘ona ru saytida chop etilgan maqolasida ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri va provokatsion ma’lumotlarning joylashtirlishi ortidan ayrim millatchilar Qirg‘izistonda yachshayotgan boshqa xalqlarga nisbatan haqoratli va zo‘ravonlikka da’vat etuvchi chaqiriqlarni yozib qoldirayotgani, bunday vaziyatga maxsus xizmatlar panja ortidan qarashda davom etayotgani aytilgan.

Bu maqola chop etilganidan so‘ng Qirg‘iziston milliy jamoatchilik telekanali Ulug‘bek Boboqulov “xalq dushmani” sifatda tamsil etilgan deyarli 10 daqiqali maxsus ko‘rsatuvni namoyish qildi.

Teleko‘rsatuvda ishtirok etgan ekspertlar jurnalist Novken tumanida sodir bo‘lgan maishiy nizo to‘g‘risida tasdiqlanmagan ma’lumotni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilishi ortidan bildirilgan “salbiy fikrlar to‘g‘risidagi xabarni rasmiy xalqaro saytda e’lon qilish natijasida ijtimoiy tarmoqlarda fikr qoldirgan millatchilardan ko‘proq zarar yetkazdi”, kabi fikrlarni bildirganlar.

2010 yilning iyun oyida Qirg‘izistonning janubiy viloyatlarida yuz bergan millatlararo to‘qnashuvlar natijasida 442 odam halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG