Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:31

Afg‘oniston poytaxtida amalga oshirilgan hujumda 90 kishi nobud bo‘ldi


Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari xodimlari va fuqarolar bomba o‘rnatilgan mashina portlagan joy atrofida turibdi. 2017, 31 may.
Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari xodimlari va fuqarolar bomba o‘rnatilgan mashina portlagan joy atrofida turibdi. 2017, 31 may.

Kobulning chet mamlakatlar elchixonalari joylashgan mavzesidagi kamida 90 kishining umriga zomin bo‘lgan va 400 dan oshiq kishini yarador qilgan yuk mashinasidagi bomba portlashidan so‘ng oradan bir kun o‘tib ham bu mudhish jinoyat uchun hech bir guruh mas’uliyatni zimmasiga olmadi.

Afg‘onistondagi “Tolibon” guruhi voizi Zabihulloh Mujohid 31 mayda ro‘y bergan portlash uchun javobgarlikni qat’iy rad etdi hamda tinch aholiga talofat yetkazgan va aniq maqsad ko‘zlanmagan hujumlarni toliblar ham qoralayotganini xabar qildi.

Ammo Reyter axborot agentligining xabar qilishicha, Afg‘onistonning bosh razvedka agentligi – Milliy xavfsizlik direksiyasi bombani “Tolibon” guruhi bilan bog‘liq Haqqoniy tarmog‘i Pokiston ko‘magida portlatdi, deb hisoblaydi. Ushbu ayblovni Afg‘onistonning ayrim sobiq rasmiy kishilari ham bildirdi.

Qo‘shni Pokistonning Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotida “terrorchilik hujumi”ni qoralab, Afg‘oniston bilan birdamlik izhor qildi.

Ilgari musulmonlarning muqaddas oyi Ramazon vaqtida ko‘pdan-ko‘p hujumlar uyushtirgan Islom davlati (ID) ekstremistik guruhi ushbu xunrezlik haqida lom-mim demadi. Vaholanki, ID joriy yilda Kobulda sodir bo‘lgan hujumlar, jumladan, mart oyidagi harbiy shifoxonada uyushtirilgan va 50 dan oshiq kishining boshiga yetgan qirg‘inni uyushtirgan edi.

Kechagi hujum butun dunyoda hamdardlik hislari va qahr-g‘azab uyg‘otdi.

BMT Xavfsizlik Kengashi (XK) uni “jirkanch va qo‘rqoqlarcha” hujum deb atadi hamda barcha mamlakatlarni jinoyatchilarni izlab topish va javobgarlikka tortishda Afg‘oniston hukumatiga ko‘maklashishga qat’iy da’vat qildi.

XK tarqatgan bayonotda aytilishicha, 15 mamlakat a’zo bo‘lgan kengash terrorchilik barcha shakl va ko‘rinishlarida xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solishini yana bir karra ta’kidladi.

Stefan Dujarrik, BMT bosh kotibi Antonio Guterreshning voizi:

“BMT bosh kotibi Guterresh janoblari bugun (31 may) ertalab Kobulning diplomatiya vakolatxonalari joylashgan mavzesiga uyushtirilgan terrorchilik hujumini keskin qoralaydi. Bosh kotib ushbu hujumdan nafratlanayotganini izhor qildi va terrorchilik va buzmakor ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Tinch aholiga qarshi kim aybdor, kim aybsizligini o‘ylab o‘tirmay, hujum qilish inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol tarzda buzilishidir va uni hech qachon oqlab bo‘lmaydi”.

Kobul politsiyasining bildirishicha, ertalabki tig‘iz paytda Vazir Akbar Xon mavzesida portlagan moddalar yonilg‘i tashuvchi yuk mashinasiga yashirilgan ekan.

O‘lgan va yaralanganlarning ko‘pchiligi ayollar va bolalardir, deya banoyot berdi Afg‘oniston hukumati. Sog‘liqni saqlash vazirligi vayronalar ostidan jasadlar chiqarib olinayotgani sari o‘lganlar soni ortib borishidan ogohlantirdi.

Ichki ishlar vazirligi voizi o‘rinbosari Najib Donishning “Ozodlik” radiosiga ma’lum qilishicha, 50 dan oshiq avtomobil butunlay vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Bir qancha uylar ham shikast topgan.

NATO yetakchiligidagi Qat’iy ko‘maklashish missiyasiga ko‘ra, ko‘plab chet el elchixonalari va o‘zining bosh qarorgohi joylashgan hamda qattiq qo‘riqlanadigan Yashil zonaga kirishidan oldin Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari yuk mashinasining yo‘lini to‘sgan va portlash mo‘ljalga yetib borishi oldini olishga harakat qilgan.

O‘lgan va yarador bo‘lganlarning ko‘pchiligi Afg‘oniston vatandoshlaridir, ammo yaradorlar orasida chet elliklar ham bor.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani hujumni “harbiy jinoyat” deya keskin qoraladi.

Ashraf G‘ani, Afg‘oniston prezidenti:

“Men bugun, 31 mayda Kobul shahrida sodir etilgan terrorchilik hujumi qurbonlari oilalariga chuqur ta’ziya izhor qilaman, ushbu hujum oqibatida ko‘plab vatandoshlarimiz qurbon bo‘ldi, ancha-muncha davlat binolariga ziyon etdi. Ushbu shafqatsiz hujum sabab vatandoshlarimiz muqadads Ramazon oyida qayg‘uga botdi”.

Afg‘oniston prezidenti voiziga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp Ashraf G‘aniga hamdardlik bildirdi va ko‘mak berishga tayyor ekanini aytdi.

Davlat departamentidan xabar qilishlaricha, AQSh elchixonasi yonida 9 nafar afg‘on qo‘riqchisi halok bo‘ldi, 11 nafar shartnoma asosida xizmat qilayotgan amerikalik yaralandi. Yana bir afg‘on qo‘riqchisi bedarak yo‘qolgan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabrielning aytishicha, ushbu mamlakat elchixonasi xizmatchilari yaralangan va bir nafar afg‘on qo‘riqchisi halok bo‘lgan.

Bi-Bi-Siga ko‘ra, bir afg‘on haydovchisi o‘ldi va to‘rt nafar jurnalist yaralandi.

Eronning IRNA axborot agentligi ma’lum qilishicha, Eron elchisi yashab turgan qarorgohga qattiq shikast yetgan va diplomatiya binosi vayron bo‘lgan.

Yana ma’lum bo‘lishicha, Fransiya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Qozog‘iston elchixonalari ham shikastlangan, ammo biror xodimi yarador bo‘lgani haqida xabar berilmadi.

NATO “Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini, ayniqsa, politsiya va talofat oqibatlarini tugatishga kirishgan kishilarni jasurligi” uchun maqtadi.

Portlash Afg‘oniston poytaxtidagi hujumlar turkumining so‘nggisi bo‘ldi. 2017 yilning dastlabki uch oyida Kobul shahriga uyushtirilgan ko‘plab hujumlar oqibatida poytaxt nomi bilan ataluvchi viloyatda hisobsiz qurbonlar berildi, ayniqsa, hujumlarga tinch aholi ko‘p ro‘para bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG