Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:02

Asakada bozorning ko‘chirilishidan norozi savdogarlar hokimga arz qildi


Asaka dehqon bozori yopilganiga 20 kun bo‘ldi, lekin rekonstruksiya ishlari hanuz boshlanmadi.

Andijonning Asaka tumani markazidagi dehqon bozorining ko‘chirilishi shu bozorda tirikchilik qilib kelgan dehqonlar va savdogarlar noroziligini uyg‘otdi. Savdogarlar vakillarining Ozodlikka aytishicha, 31 may kuni o‘nlab tadbirkor boshqa bozorga majburlab ko‘chirtirilgani va u bozorda umuman savdo qila olishmayotgani haqda tuman hokimligiga arz qilib borgan, eski bozorga qaytarishni talab qilgan.

Asakalik savdogarlardan biri Ozodlik bilan suhbatda agar hokimlik ularning talabini bajarmasa Toshkentga, prezident devoniga shikoyat qilajaklarini aytdi.

- Bizni dehqon bozorimizga qaytaring deb yuzdan ortiq tadbirkor kecha hokimlikka bordik. Bizni chekkaroq joyga ko‘chirgan, u erda savdo umuman yo‘q, "Asaka dexqon bozoriga qaytaring yoki Toshkenta arz qilib boramiz", dedik. Hokimni yordamchisi bizga “hammasi yaxshi bo‘ladi”, “hammasi yaxshi bo‘ladi” dedi, lekin haligacha natija yo‘q. Bozorni buzilishiga hali hokimni qarori ham chiqmagan ekan, chiqmagan karorga bizni ko‘chirib tashlashibdi, - deydi asakalik tadbirkor.

Andijonning Asaka tumani markazidagi dehqon bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanishi sabab qilib ko‘rsatilib, bozor 11 may kuni yopilib, savdogarlar tuman chekkasidagi “Tasanno” savdo majmuasiga qo‘chirilgan.

Asaka tumani dehqon bozorining rekonstruktsiya uchun yopilgani haqidagi Andijon bozorlar uyushmasining e’loni.
Asaka tumani dehqon bozorining rekonstruktsiya uchun yopilgani haqidagi Andijon bozorlar uyushmasining e’loni.

Asakalik boshqa bir savdogar "Tasanno" deb ataluvchi savdo majmuasida umuman sharoit yo‘qligini aytadi.

- Bozorni qayta rekonstruksiya qilamiz deb, bizni otxonaga ko‘chirib qo‘ydi. Tadbirkorlar kunda janjal qilishyapti hokim va nalog bilan. Stadionga o‘xshagan yerda savdo qilyapmiz, yopiq joyi yo‘q, 40 daraja issiq, o‘zingiz o‘ylang, narsalar 10 soatga bormasdan achib qolyapti. Bu yerga kirgan odam gangib qoladi. Meva-chevani oldida tovuqni emi ham turibdi, tovuqni emini oldida un ham turibdi, non ham turibdi. Oldingi bozorda tartib bor edi, - deydi asakalik savdogarlar.

Asaka dehqon bozorining ko‘chirilishidan norozi savdogarlarning janjal ko‘tarayotgani aks etgan videolar.

Asaka tumani hokimiyatining Ozodlik bog‘langan rasmiysi bozor hokimning qarori bilan ko‘chirilganini aytdi.

- Bu ishlar - bozorlarni tartibga solish bo‘yicha butun respublikada ko‘rilayotgan choralarning bir qismi. Bozor rekonstruksiya bo‘ladi. Odamlarga yaxshi sharoit yaratish maqsadida bo‘lyapti bu. Bu yerda nafaqat savdogarlarga, balki haridorlaga ham sharoit bo‘ladi. Shuning uchun vaqtincha tepadagi bozorga ko‘chirdik. Olti oylarda bitadi, sal sabr qilishsa hammasi yaxshi bo‘ladi, - dedi hokimlik mulozimi.

Bundan avval ham O‘zbekistonning boshqa viloyat va tuman markazlarida bozorlarning buzilishi tadbirkorlarning keskin noroziligi manzarasida kechgan edi.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Anvar Nazirov mamlakat bo‘ylab bozorlarning buzilishi hukumatning o‘ylamasdan qilayotgan tadbirlaridan biri ekanini aytadi:

- Nima uchun tadbirkorlar bilan gaplashmasdan, ularni fikrini o‘rganmasdan hukumat bozorni buzyapti. Ahir bu ijtimoiy ob’ektku?! Bu yerda nafaqat tadbirkorlarga ish yaratiladi, shahar aholisi, iste’molchilarni fikrlarini ham inobatga olishi kerak edi. Hozir hukumat o‘zini aytganini qilaman deb, hech qaysi tomonni vaqtida ogohlantirmasdan bu ishni qilayotgani umuman aqlga sig‘maydi, - deydi Anvar Nazirov.

O‘tgan oy Jizzax va Samarqandda yillardan beri ishlab kelgan savdogarlardan bir guruhi bozorlarning yangi joyga ko‘chirilishi tufayli ish joyisiz qolganidan Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

Bozor rahbariyati esa, savdogarlarning iddaolari asossiz ekanligi, barcha ishlar mamlakat Prezidentining Dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ular o‘rnida zamonaviy savdo majmualari qurish haqidagi 25 mart kungi qarori qarori doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG