Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:25

Ahmadboy piramidasi: "Meni ushlab ketishmadi, melisaga o‘zim bordim"


Otabek Mamirbekov
Otabek Mamirbekov

Chinozlik Ahmadboy Tursunboevning "moliyaviy piramidasi"ga avval o‘zining, so‘ngra tanish-bilishlarining pulini olib borib bergan va endilikda firibgarlikda ayblanayotgan toshkentlik Otabek Mamirbekov Ozodlikka murojaat qilib, mahalliy Internet nashrlarida uning sha’niga "bo‘hton xabarlar" tarqalganini iddao qildi. Odamlardan pul va mashina olib, o‘z nomidan Ahmadboyga topshirganini tan olgan Otabek, o‘zi ham bu moliyaviy o‘yinlar qurboni bo‘lganini aytdi.

O‘zbekistondagi mahalliy Internet nashrlarida “bir yilda 53 mashinani aldov yo‘li bilan egalaridan olib, boshqalarga sotib yuborgan qallob” qo‘lga olingani haqida xabar tarqaldi.

Toshkent IIBB saytidan olindi. Otabek Mamirbekov
Toshkent IIBB saytidan olindi. Otabek Mamirbekov

Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasining bu xabarida tilga olingan toshkentlik Otabek Mamirbekov Ozodlikka murojaat qilib, u qo‘lga olinmaganini, balki chinozlik Ahmad Tursunboevning moliyaviy piramidasi fosh bo‘lganidan so‘ng, uning o‘zi ichki ishlar bo‘limiga borib, hamma aybini tan olganini aytdi:

- Bu yolg‘on ma’lumot, hech kim meni ushlab kelmagan. Ahmadboy qamalganidan so‘ng, o‘zim borganman. To‘g‘ri, men aybimni yuz foiz tan olaman. Odamlardan mashina va pul olib o‘z nomimdan Ahmadboyga olib borib berganman va bu odamlarning pullari mening bo‘ynimda. Men bundan tonmayman, deydi Otabek.

Otabekning aytishicha, u Ahmadboyga o‘z hisobidan 140 ming AQSh dollari va 53 nafar odamdan 200 ming dollardan ko‘p qiymatdagi pul va avtomobilь olib borib bergan:

- Men odamlarning pulini yeb yuborganim yo‘q. Tergovda ham hujjatlar bilan buni isbotlab berdim. Hammasini Ahmadboyga berib, hujjatlashtirganman. Kimdir 3 ming, kimdir 4 ming dollar bergan, kimdir mashina bergan. Hamma odamlar o‘z ixtiyori bilan menga olib kelib bergan. Bu odamlar tanishlarim, tanishlarimning tanishlari, dedi Otabek.

Ahmadboy bilan hech qanday yaqinligi yo‘qligini ta’kidlagan Otabek, o‘zi ham “bir-ikki so‘m ishlab qolmoqchi” bo‘lganini tan oladi:

- Ahmadboy menga tanish ham emas, qarindosh ham emas. El qatori borganman. Bir hafta kuzatib surishtirganman, hatto militsiya xodimlari uning ishxonasini qo‘riqlab turganini ko‘rib, ishonganman. Avval o‘zimning pulimni berdim, keyin boshqalardan olib berdim. Bu nafs ekan, xato qildim. 2016 yilda qildim bu ishlarni. Albatta, endi qattiq pushaymonman, deydi suhbatdosh.

Otabek agar qamalmasa, ishlab, olgan pul va mashinalarni ishlab qaytarib berishga va’da qiladi:

- Odamlarga vaqt beringlar, men ishlab pullaringni qaytaraman deyapman. Meni qamatgandan nima foyda? 2-3 yilda bo‘lsa ham do‘stu qarindoshlar yordamida sekin-sekin uzaman. Chunki hozir mendan chiqadigan bir so‘m ham yo‘q. Uy-joyimni sotdim, bor narsamni sotdim, uchta yosh bola bilan hozir ijarada o‘tiribman. Bir yildan buyon tergovga qatnayman, lekin kimdir rozi, kimdir qamataman, da’vomdan kechmayman deyapti, dedi Otabek.

Otabek Mamirbekovga “Kaptiva” mashinasini bergan toshkentlik Sharofiddin aka uni qamatishdan naf yo‘qligini, aksincha ishlatib qarzlarini to‘latish kerakligini aytdi:

- Men mashinamni o‘z ixtiyorim bilan bergan edim. Alloh nasib qilsa, o‘sha bola sog‘-salomat yursa, ishlab qaytarib beradi. Bu bolaning aybi shundaki, u tez boy bo‘lib ketishni xohladi. Ishlab beradi, lekin bir umr qarz bo‘lib qoldida, dedi Sharofiddin aka.

Otabek Mamirbekovning aytishicha, u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 1-qismi - firibgarlik, ya’ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishda ayblanmoqda.

Otabek Mamirbekov barcha aybni tan olayotganini va shuning uchun ham advokat yollamaganini aytadi. U hozir shahardan tashqariga chiqmaslik sharti bilan ochiqda.

Otabek Mamirbekov ishini tergov qilayotgan Sirg‘ali tumani IIB tergov bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi telefon orqali bu haqda ma’lumot bermasligini aytdi.

2016 yilning 15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Ahmadboy nomi bilan tanilgan chinozlik Ahmad Tursunboevni hibsga olgan edi.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar etkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

O‘tgan yilning sentabr oyida Toshkentdan yuborilgan MXX maxsus guruhi Ahmad Tursunovning xazinachisi bo‘lgan Izzatning uyida tekshiruv o‘tkazib, to‘rt metr chuqurlikda maxsus qurilgan bunkerdan bir necha million dollarlik naqd pul va tilla-taqinchoqlarni olib ketgani haqida voqea guvohlari Ozodlikka gapirib berishgan edi.

Ahmad Tursunboev ustidan sudning qachon boshlanishi Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG