Линклар

Otasining ko‘z o‘ngida hibsga olinganidan buyon og‘ir psixologik jarohatni boshidan kechirayotgan 11 yashar nogiron bolaning buvisi - toshkentlik pensioner Shohida Inog‘omova "O‘zbekistonda bolalar otalar uchun javob beradimi?" degan savol bilan prezidentga murojaat qildi.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida istiqomat qiladigan Shohida Inog‘omovaga ko‘ra, o‘tgan yil 19 oktabr kuni tonggi soat 6:15da uyiga IIV xodimlari bostirib kirgan va baqir-chaqir bilan tintuv qilib, o‘g‘li Inog‘omov Husniddinni hibsga olgan.

Ayolning iddao qilishicha, ichki ishlar xodimlari "qonunga zid ravishda, o‘ta qo‘pol shaklda harakat qilgan". Bunga guvoh bo‘lgan 4 nabirasidan biri - 11 yashar nogiron bola Asadullohning ruhiy ahvoli keskin yomonlashgan va hanuzgacha o‘sha og‘riqli hodisa ta’siri ostida azob chekmoqda.

- Sahar soat 6:15 da eshik qo‘ng‘irog‘ini bir necha marta to‘xtovsiz jiringlatishganda, nabiralarim ham uyg‘onib ketishgan. O‘g‘limni: "Sizda gapimiz bor", olib chiqib ketishgan. Lekin, oradan ozgina o‘tib, 6 tasi uyga bostirib kirgan va hammayoqni tintishni boshlashgan. Kelinim bechora karaxt, 4 nabiram shokda. Baqir-chaqir qilishgan, qo‘pollik bilan. Shundan beri nabiralarimning hammasi shokda,- deya shikoyat qildi Shohida Inog‘omova.

Uning aytishicha, 11 yashar nabirasi - Asadulloh Abduhakimov yoshligidan nogiron - 3 yoshidan boshlab, Toshkent shahar Bolalar ruhiy-asab kasalliklari markazida ro‘yxatda turadi. Eshitish qobiliyati 70 foizga kam edi.

Ammo, buvisining da’vosicha, 2016 yilning 19 oktabrida sodir bo‘lgan dahshatli hodisadan so‘ng uning eshitish qobiliyati 90 foizga kamaygan.​

O‘sha hodisadan so‘ng Toshkent shahar Bolalar ruxiy-asab kasalliklari markazidan berilgan xulosada, bolaga biror "vaziyat ta’sirida yuzaga chiqqan rezidual-organik fondagi nevrotik reaksiya" tashhisi qo‘yildi.

Ya’ni, sodda aytganda, xasta bolakay tonggi uyqusini uxlayotgan paytda formalilarning shovqin-suroni ostida otasining hibsga olinishiga guvoh bo‘lgan kezda psixologik jarohat olgan.

- Bolam bechora shundan beri sababsiz yig‘layveradigan bo‘lib qoldi. Kechalari tushidan yig‘lab uyg‘onadi va "Dadamni polislar qayoqqa olib ketdi, dadam qani?!" deb baqirib yig‘lashni boshlaydi, yupata olmaymiz. Bir kuni qarasam, devorga rasm chizib qo‘yibdi: otasi kishanlangan holda o‘rtada turibdi. Ikki yonida melisa. Tepada devor ustidan anuv multfilmdagi o‘rgimchak odam tushib kelyapti. "Nima bu, bolam?" desam: Buvijon, o‘rgimchak odam menman, anavi polislarni chaqib, dadamni qutqaraman", deydi. Yurak-bag‘rim ezilib ketdi, - deydi Shohida Inog‘omova.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlarda qayd etilishicha, o‘sha hodisadan so‘ng Asadulloh 20 kun davomida davolangan.

Buvisi hozirga kelib ahvoli biroz yaxshilangani, yig‘ilari sal bosilgani, ammo uning hanuz psixologik travmadan azob chekayotganini aytarkan, buning oldini olish mumkin edi, deb ta’kidladi.

- Xo‘p otasi gunohkor ekan, deylik. Shu melisalar saharlab, baqir-chaqir qilmasdan, onasiga: "Biz tintuv qilishimiz kerak, bolalaringizni bir chekkaga olib turing! Vazifamizni bajarishimiz kerak", desa bo‘lmaydimi?! Shunga imkon bersa, bostirib kirmasdan, shovqin solmasdan, ishini qonun bilan bajarsa bo‘ladi-ku?! Otasi-ku 6 yilga qamalib ketdi. Lekin, bu bolasining hayoti ham o‘sha melisalarning noqonuniy harakatlari bilan ado bo‘ldi-ku?! Yana 3 ta nabiram bor, ular ham haligacha shokda. Hozir, ular ham otasi kabi haqsizlikka uchradi. Men rahbarlarimizdan bunday harakatga chek qo‘yishlarini so‘rayman, otasi uchun bolasi ham qo‘shilib javob berishi kerak emas! - deydi Shohida Inog‘omova.

Quyida bu ayol bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG