Линклар

Internetdagi “Qo‘rqmaymiz” guruhi qatnashchisi Ziyobek Asadov Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Prezidenti lavozimida o‘tkazgan dastlabki 6 oyini “quruq gap davri”, deb baholadi. Kuni kecha Mirziyoevning selektor majlislaridan birida O‘zbekiston moliya tizimini tanqid qilgani aks etgan audioyozuv tarqalib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tarmoq yuzerlaridan ba’zilari yangi rahbar "jasoratiga qoyil" qolishsa¸ boshqalari uni populistlikda aybladi. Bu muhokamani Qurultoy eshittirishida ham davom qildirib, Mirziyoevning siyosati populizmmi yoki islohotmi, degan savol javobini izladik.

Qurultoy qatnashchisi Mahmudjon Yo‘ldoshev nazarida “Shavkat Mirziyoevning yaxshi tashabbuslariga Karimov davridagi konservativ kuchlar to‘sqinlik qilmoqda”.

Muxolifat arbobi Erk demokratik partiyasi bosh kotibi¸ professor Otanazar Oripov nazarida “Tizimli siyosiy islohot o‘rniga sarosima va samarasizlik qorishmasi bo‘lgan harakat” ketmoqda.

Internetda tarqalgan audioyozuvda prezident Shavkat Mirziyoevning o‘zi boshqaruvdagi “tizimsizlik”ni qisman tan oladi.

Taxminan 3,5 daqiqalik audioyozuvda Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jaevga tanbeh berib moliyaviy tizim tanazzuliga e’tibor qaratadi.

- Bizda tizim tepada bor, pastda, mutlaqo tizim yo‘q desak, ishonaveringlar. Agarda bu tizimni mahkam ushlab, Toshkentda o‘tirgan Azimovga o‘xshaganlar pastga tushib ishlaganda, bu narsa bo‘lmasdi. Shu holatga keltirdik endi, iqtisodiy kompleksni. Na egasi bor, na so‘rovi bor! Yo‘q! Egasiyam yo‘q, so‘roviyam yo‘q! - deydi Shavkat Mirziyoev

XS
SM
MD
LG