Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:25

Donald Trampning Parijda 2015 yil iyulida qabul qilingan iqlim o‘zgarishi oldini olish bo‘yicha shartnomadan chiqish qarori AQSh hamkorlari tomonidan ham, raqib davlatlar tomonidan ham keskin tanqid qilindi. AQSh iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi moddalarni atmosferaga chiqarish bo‘yicha dunyodagi ikkinchi yirik davlat hisoblanadi.

Prezident Donald Tramp 1 iyun kuni Oq Uyda qilgan chiqishida o‘z qarorini sharhlar ekan, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij shartnomasi AQSh manfaatlariga zid kelishini, bu shartnoma AQShga nisbatan adolatsizlik timsoli ekanini alohida ta’kidladi.

- Amerika va uning vatandoshlarini himoya qilish bo‘ycha menga yuklangan yuksak vazifani bajarishim uchun Qo‘shma Shtatlar iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij shartnomasidan chiqadi. Ayni paytda Parij shartnomasiga qo‘shilish uchun yoki Qo‘shma Shtatlar, uning korxonalari, uning ishchilari, odamlari va soliq to‘lovchilari uchun adolatli bo‘lgan mutlaqo yangi shartlar asosida yangi shartnoma tuzish yo‘nalishida muzokaralar olib boriladi, - dedi Tramp.

AQSh prezidentining bu qarori xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidiga uchradi. Fransiya, Germaniya va Italiya rahbarlari qo‘shma bayonotida “Biz shartnoma qayta ko‘rib chiqilmaydi, degan qat’iy ishonchdamiz”, deb bildirildi.

Biroq Tramp o‘z nutqi davomida AQSh yangi shartnomaga erisha olmasa ham hech narsa yo‘qotmasligini bildirdi:

-Biz shartnomadan chiqdik, lekin muzokaralarni olib boramiz. Biz bu shartnoma adolatli bo‘lishi uchun harakat qilamiz. Agar bunga erisha olsak juda yaxshi bo‘ladi. Erisha olmasak ham hech narsa o‘zgarmaydi, - dedi Tramp 1 iyun kuni Oq Uyda so‘zlagan nutqida.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Tramp bilan 1 iyun kungi telefon suhbatida ham “shartnoma qayta ko‘rib chiqilmaydi”, deb qat’iy ta’kidladi.

Yevropa komissiyasi prezidenti Jan-Klod Yunker esa Trampning qarorini “jiddiy xato” sifatida baholadi.

Xitoyning Sinxua agentligi AQShning Parij shartnomaisdan chiqishini “global darajadagi omadsizlik” deb sharhladi.

Rossiya hukumati “Tramp qarorini hurmat qilishini”, biroq Moskva AQSh ortidan Parij shartnomasidan chiqishni rejalashtirmayotganini e’lon qildi.

Trampning qarori Qo‘shma Shtatlarda ham bahslarga sabab bo‘lmoqda. Kongressdagi respublikachilar Tramp “AQSh uchun manfaatsiz bo‘lgan shartnomadan chiqib jasorat ko‘rsatdi”, desalar, demokratlar “bu qaror ekologiya uchun fojea bo‘ldi”, deb hisoblamoqdalar.

Iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha Parij shartnomasi sobiq prezident Barak Obama tashabbuslaridan biri edi. AQShning ko‘plab shtatlari va shaharlari gubernatorlari Trampning bu qaroriga qarshi harakat qilishlarini hamda atmosferaga zaharli gazlarni chiqarish miqdorini kamaytirishlarini aytmoqdalar.

AQSh 195 davlat imzolagan Parij shartnomasidan chiqish ortidan bu shartnomaga qo‘shilmagan Suriya va Nikaragua kabi davlatlar qatoridan joy oldi.

Parij shartnomasi 2015 yilda atmosferani ifloslantirayotgan asosiy davlatlar tomonidan ma’qullanib, 2016 yil 22 aprelida Nyu-Yorkda imzolangan edi.

XS
SM
MD
LG