Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:12

OzodDayjest: Shayxontohur imomi kimo‘zarga iftorlik berayotganlarni tanqid qildi


O‘zbekistonda ikki karra Sotsialistik mehnat qahramoni Tursunoy Oxunovaning 80 yilligi nishonlandi. O‘zbek matbuoti oz maoshga rozi bo‘lmagan “qanoatsiz yoshlar”ni tanqid qildi. Shayxontohur tuman bosh imom-xatibi Ramazon oyidagi isrofgarchilikni qoraladi.

_____________________________________________________________

Buxoroda yoshlar “xarxasha”si: kollej bitiruvchilari kam maoshli ishlarni rad etmoqda

Buxoro viloyati Kogon tumanidagi o‘nlab kollej bitiruvchilari Mehnat bosh boshqarmasi taklif etgan ishlarni maoshi kam bo‘lgani bois rad etdi (“Jamiyat”, 26 may). Gazetada qanoatsiz yoshlar tanqid qilinib, katta muvaffaqiyat va maoshga bosqichma-bosqich erishilishi, narvonning eng yuqorisiga ko‘tarilish uchun quyi pog‘onalarni bosib o‘tishga to‘g‘ri kelishini ta’kidlanadi. “Yoshlarimizning yuqorida keltirgan raddiyalari ularga xos xarxasha, erkalik bo‘lib tuyuldi menga. “Oltin baliq” haqidagi ertak yodimga keldi: teshik tog‘oradan boshlangan mashmasha har safar kampir cholini qayta-qayta yangi talablar bilan dengiz bo‘yiga jo‘natishi bilan davom etadi... Natijada yana hammasi ortiga qaytib, chol va kampir teshik tog‘ora bilan qolib ketadi” deb yozadi gazeta.

Sho‘ro davlati Sotsialistik mehnat qahramoni Tursunoy Oxunova nomidan ustalik bilan foydalangan

Toshkent viloyati Chinoz tumanida mashhur paxtakor, ikki karra Sotsialistik mehnat qahramoni, xizmat ko‘rsatgan mexanizator Tursunoy Oxunova tavalludining 80 yilligi nishonlandi (“Darakchi”, 1 iyun). Qayd etilishicha, bir paytlar nomi tillarda doston bo‘lgan bu ayolni bugungi yoshlar tanimasligi mumkin. Negaki, keyingi chorak asr davomida sho‘ro davri qahramonlaridan sanalgan ushbu paxtakor ayol nomi matbuotda deyarli eslanmagan. Maqolada yozilishicha, T.Oxunova 22 yoshida 1959 yilgi paxta mavsumida mashinada 210 tonna paxta tergan. Keyingi yilda esa u 322 tonna paxta terib rekord o‘rnatgan. SSSR davrida Tursunoy ayaning nomidan davrning siyosiy mafkurasi yo‘lida ustalik bilan foydalanilgan. “Nima bo‘lganda ham Tursunoy aya o‘zining halol mehnati, ibratli hayoti bilan yorqin iz qoldirib ketdi” deb yozadi gazeta.

Imom-xatib: Iftorlikni xo‘jako‘rsinga qiluvchilar ko‘paymoqda

Ramazon oyida o‘z boyligini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida, xo‘jako‘rsinga dabdabali iftorlik qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Bu holni Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi Odilxon Ismoilov tanqid qilgan (“Oila davrasida”, 1 iyun). “Mehrga, e’tiborga, moddiy ta’minotga muhtojlar bir chetda qolib, qorni to‘qlar, boy-badavlat kishilarni iftorlikka chaqirishdan foyda yo‘q. Ustiga-ustak, bunday marosimlarda isrofgarlik juda avjiga chiqadi”, deydi Odilxon Ismoilov. Qayd etilishicha, Ramazonda kimo‘zar iftorlik qilish o‘rniga ehtiyojmandlarga xayr-saxovat ko‘rsatish, beva-bechoralarga taom va libos berish afzaldir.

XS
SM
MD
LG