Линклар

15 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:00

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Andijon viloyatiga safari payti qilgan ma’ruzasida huquq-tartibot idoralari, jumladan prokurorlar yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi turmush farovonligini oshirayotgan tadbirkorlarning hurmat-izzatini joyiga qo‘yishi, ularga “siz” deb murojaat qilishi lozimligini ta’kidladi.

“Tadbirkorni “siz” demagan prokurorni o‘z ishiga noloyiq deb bilaman. Har haftada viloyat, tuman va shahar prokurorlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ular dardini tinglasin. Ular faoliyatida uchrayotgan muammolarni hal qilish choralarini ko‘rsin. Negaki, bittagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkor jamiyat uchun kerakli odamdir”, - dedi Mirziyoev.

Shavkat Mirziyoev tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinliklar qo‘yilishi ishsizlikning ko‘payishiga, buning ortidan esa jinoyatchilikning o‘sishiga sabab bo‘lishini prokurorlarga eslatib o‘tdi.

"Prokuratura faqat jazolaydigan repressiya organi bo‘lib qolmasligi” lozimligini ta’kidlagan prezident Shavkat Mirziyoev prokurorlarni “tadbirkorlar bilan do‘st bo‘lish”ga chaqirdi.

Bundan avval O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev hukumat yig‘ilishi ekani ishonilgan tadbirda bank tizimi rahbarlariga xalq bilan yaqindan ishlamayotgani, xususan, uyma-uy yurib, kredit tarqatmayotgani uchun tanbeh bergan edi.

Jumladan, Mirziyoev O‘zbekiston Markaziy banki rahbari lavozimini bajarayotgan Saidolim Xo‘jaevga qarata sensirab: - Endi uyma uy yurib xalqimizni tadbirkor qilishga banklar vakil. Xo‘jaev, Xo‘jaev va yana Xo‘jaev Saidolim, shuni aytayapsanmi yo senga ham chora ko‘rishim kerakmi, - deya tanbeh bergan edi Mirziyoev.

Andijonlik tadbirkor Bunyodbek Ozodlik bilan suhbatda prezident Mirziyoevning prokurorlarni “siz” deb murojaat qilishga chaqirig‘iga munosabat bildirar ekan: - Prokurorlar sensirab gapirsa ham ishimizga to‘sqinlik qilmasa bo‘ldi, - deydi.

Toshkentning Chilonzor tumanidagi buyum bozoridagi tarborkorlardan biri prezident Mirziyoevning "prokuror tadbirkorni sizlasin!" degan chaqirig‘ini "populizm" deb atadi.

O‘zbekistonda huquq-tartibot organlarining tadbirkorlar faoliyatiga aralashuvi biznes rivojiga katta to‘siqlardan biri ekani aytiladi.

Bu borada O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga tadbirkorlardan shikoyatlar ko‘p tushgani aytilgandi.

XS
SM
MD
LG