Suriya demokratik kuchlari voizi Jihan Shayx Ahmadning 3 iyun kuni xabar berishicha, SDK “tez orada” Frot daryosining shimolida, Turkiya chegarasidan 90 km uzoqlikda joylashgan Raqqa shahrini qo‘lga kiritish uchun hujum boshlaydi.
Ayni xabarlar AQSh ko‘maklashayotgan Iroq hukumat qo‘shinlarining "Islom davlati" ekstremist guruhi (ID)ning ushbu mamlakatdagi so‘nggi muhim istehkomi bo‘lmish Mo‘sul shahrini to‘liq ozod qilish arafasida turgani to‘g‘risidagi bayonoti bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.
ID jangchilari 2014 yili hukumat qo‘shinlariga qarshi janglarda Suriya bilan Iroqdagi ko‘plab hududlarni qo‘lga kiritgan edi.
AQSh yetakchiligidagi koalitsiya qo‘shinlari ikkala mamlakatda ham ID guruhiga qarshi janglarda ko‘p joylarni qaytarib oldi, endi u qo‘shinlarga qattiq qarshilik ko‘rsatmoqda, chunki ID jangarilari mintaqadagi “xalifalik” deb atalmish hududining so‘nggi bo‘laklariga tish-tirnog‘i bilan yopishib olgan.
SDK jangchilari Raqqaning shimoliy va sharqiy mavzelari atrofidagi pozitsiyalarni egalladi va xabar qilishicha, Frot daryosining janubiy qirg‘og‘ida ID jangchilariga qarshi kurashda olg‘a siljimoqda.
SDK koalitsiyasiga kiruvchi YPG – Kurdlarning o‘zini-o‘zi himoya qilish otryadlari voizi Nuri Mahmudning Reyter axborot agentligiga ma’lum qilishicha, “qo‘shinlar shahar chekkasiga etib bordi, yirik amaliyot yaqin kunlarda boshlanadi...”
AQSh yetakchiligidagi koalitsiya voizi, polkovnik Rayan Dillon amaliyot qachon boshlanishini aytolmasligini bildirdi, ammo SDK jangchilari “kundan-kunga olg‘a siljimoqda” va Raqqadan 3 km narida turibdi, dedi.
Koalitsiya rasmiy kishilarining xomcho‘tiga ko‘ra, Raqqada ushbu hujumga qarshi 3-4 ming ID jangchisi tayyorgarlik ko‘rmoqda.
– Jang oson bo‘lmaydi, – dediYPG vakili Mahmud. – Albatta, IDning tunnellari, minalari, avtomobillarga o‘rnatilgan portlovchi moddalari va xudkush bomba potrlatuvchilari bor, ayni paytda ular tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda.
Suriya IDga qarshi jang bilan birga fuqarolar urushi domiga ham tushib qoldi. Rossiya bilan Eron prezident Bashar Asad hukumatini, Qo‘shma Shtatlar bilan Turkiya esa turli isyonchilar guruhlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Turkiya YPGga qarshi chiqmoqda va uni Kurdiston ishchilar partiyasiga (PKK) aloqador deb hisoblaydi.