Линклар

Londonda terror hujumida 7 kishi o‘ldi, 3 hujumchi otib tashlandi (VIDEO)


London ko‘prigida 3 shaxs kichik yuk mashinasini yo‘lovchilar ustiga soldi va restoranga hujum qildi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 3 iyun oqshom amalga oshirilgan hujum "terror akti" sifatida baholanmoqda. Politsiya, hodisadan 8 daqiqa o‘tib, 3 hujumchi otib o‘ldirilganini bildirdi.

Britaniya hokimiyat idoralarining ma’lum qilishicha, 3 iyun kuni mahalliy vaqti bilan soat oqshom soat 10da hujumchilar mikroavtobusni London ko‘prigidagi piyodalar ustiga haydagan, so‘ngra hodisa yaqinidagi restoran mijozlariga pichoq bilan tashlangan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, jami 10 kishi o‘lgan - 7 kishi terror hujumi qurboni bo‘lgan, hodisadan, 8 daqiqa o‘tib, 3 hujumchi otib tashlangan.

London tez tibbiy yordam xizmatining 4 iyun kuni ma’lum qilishicha, hujum sodir bo‘lgandan so‘ng butun shahar bo‘ylab 48 kishi kasalxonaga yotqizildi, kichik jarohat olgan bir qancha kishiga voqea ro‘y bo‘lgan joyning o‘zida tibbiy xizmat ko‘rsatildi.

London meri Sodiq Xonga ko‘ra, ayrim yaralangan kishilarning ahvoli o‘ta og‘ir.

4 iyun kuni ertalab poytaxt politsiyasining terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Mark Rouli hujumchilar 3 kishi bo‘lganiga ishonilayotgani, tergovchilar voqeani “terrorchilik hujumi” deb surishtirayotganini aytdi.

Hokimiyat idoralarining aytishicha, hujumchilar soxta portlovchi nimchalar kiyib olgan.

Ushbu terrorchilik hujumi uchun hech bir guruh mas’uliyatni zimmasiga olmadi.

Bu mart oyi oxiridan beri Britaniyada sodir etilgan uchinchi terrorchilik hujumidir, 22 mart kuni parlament yaqinidagi Vestminster ko‘prigida ham shunday fojia ro‘y bergan, 22 may kuni Manchester shahridagi stadionda amerikalik estrada xonandasi Ariana Grandening konserti vaqtida bomba portlatilgan edi.

Voqea hujumchilar oq mikroavtobusni London ko‘prigidagi yo‘ldan piyodalar yo‘lagiga burgani va bir qancha piyodani bostirib ketishi bilan boshlandi, dedi hokimiyat idoralari vakillari.

So‘ngra ular ko‘prik yaqinidagi Boro marketiga borib, politsiya otib o‘ldirishidan oldin gavjum restoran va barlarda besh-o‘n kishini pichoqladi.

O‘sha paytda London ko‘prigida bo‘lgan Bi-Bi-Si muxbiri Holli Jons “soatiga 50 milya (80 kilometr) tezlikda yurib kelayotgan” mikravtobusni ko‘rganini xabar qildi.

Boro marketidagi guvohlarning bildirishicha, pichoq bilan qurollanib olgan 3 kishi bar va restoranlarga bostirib kirib, duch kelgan odamlarni pichoqlay ketgan, u yerda ishlovchi kishilar yo qochib ketgan, yoki binolarning ichiga yashiringan.

Dastlab o‘ldirilgan 7 kishi ko‘prikdan o‘tayotgan piyodalar yoki marketdagi restoran mijozlari bo‘lgani aniq emas edi.

Bosh vazir Tereza Mey voqeani “dahshatli” va “mudhish voqea” deb atadi. U 4 iyun kuni hukumatning COBRA favqulodda qo‘mitasi majlisini o‘tkazdi.

London meri Sodiq Xon hujumchilarni “battol qo‘rqoqlar” deb atadi va “London hech qachon qo‘rqmaydi”, dedi.

Politsiya “kelgusi kunlarda butun London bo‘ylab faoliyatini kuchaytirishini rejalayotgani”ni xabar qildi.

Britaniya yaqinda ro‘y bergan terrorchilik voqealari va 8 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq saylovi oldidan xavfsizlik choralarini kuchaytirdi.

Britaniyada ketma-ket ro‘y bergan terrorchilik hujumlarini dunyo mamlakatlari va hukumatlari rahbarlari, jumladan, AQSh prezidenti Donald Tramp, Germaniya kansleri Angela Merkelь, Fransiyaning yangi saylangan prezidenti Emmanuel Makron va boshqa rahbarlar keskin qoralab chiqdi. Dunyo rahbarlari terrorchilikka qarshi kurashda Britaniya xalqi bilan birdam ekanini izhor qilmoqda.

XS
SM
MD
LG