Линклар

“Qadimiy Buxoro”ni zamonaviylashtirish bilan prezident sayyohlar sonini ko‘paytirmoqchi


Prezident Shavkat Mirziyoev maxsus qaror bilan Buxoroga xorij sayyohlarini ko‘proq jalb etish maqsadida eski shahar qismida “Qadimiy Buxoro” nomli zamonaviy markaz qurishga topshiriq berdi.

Loyiha sarmoyadori sifatida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov nomi ham tilga olingan bu qaror ijrosi ustida ish boshlanishi bilan Buxorodagi yuzga yaqin xonadonning ota-bobolaridan qolgan hovlilari buzilish¸ qadimiy Buxoro esa¸ xorijliklarni chorlovchi o‘ziga xosligidan ajrash tahdidi ostida qoldi.

Buxoroga qancha sayyoh keladi?

O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysiga ko‘ra¸ 2016 yili Buxoroga 70 mingga yaqin xorij sayyohi kelgan.

“Bu Buxorodagi mehnonxonalardan olingan ma’lumot asosida hozirlangan statistika. Ko‘p xorijliklar Samarqand¸ Buxoro va Xivani ko‘rishga keladi va mehmonxonada tunamasdan¸ o‘sha kunning o‘zida qaytib ketadi. Lekin ular bu statistikaga kiritilmagan. Taxminimizcha¸ 2016 yili Buxoroga 130 mingga yaqin xorijiy sayyoh kelib ketgan”¸ dedi qo‘mita mutaxassisi.

(Qiyos uchun – Pragaga 2016 yilda 6¸05 million xorijlik sayyoh kelgan – tahr.)

Turizm sohasi mutasaddisi¸ “Qadimiy Buxoro” loyihasi¸ sayyohlar sonini oshirish maqsadida qabul qilingan bo‘lsa-da¸ uning ijrosiga oid rejalanayotgan chora-tadbirlarda sayyohlik qo‘mitasi tavsiyalari ko‘p ham e’tiborga olinmayotganini aytdi.

“Biz prezident qarori ijrosiga aloqador idoralardan bittasimiz¸ xolos. U yerda yana qancha vazirlik va idoralar bor. Bu loyihada asosiy gapni¸ albatta¸ prezident¸ undan keyin mahalliy hokim aytadi.

Masalan¸ biz¸ xorij sayyohlarini ko‘paytirish uchun eski mahallalarni buzib¸ yaltiroq mehmonxona va restoranlar qurilsin¸ deb taklif bermadik. “Qadimiy Buxoro” uchburchagidagi hovlilarni buzish¸ prezident qarorining 11-bandida ko‘rsatilgan. Prezidentni bunday topshiriq berishga¸ taxminimcha¸ mahalliy hokimiyat ko‘ndirgan. Bizning hokimlar tarixiy obidalarni asrab-avaylash emas¸ ularni buzib¸ o‘rnida yaltillagan yangisini qurish bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ketgan”¸ dedi qo‘mita mulozimi mikrofonsiz suhbatda.

“Qadimiy Buxoro” loyihasi bilan sayyohlar soni 1¸9 martaga oshadimi?

“Qadimiy Buxoro” loyihasi Buxoroga keladigan xorij sayyohlari sonini 2021 yilga qadar 1¸9 marta oshirish maqsadida rejalanayotgan ulkan ishlarning bir qismi sanaladi.

O‘zbekiston turizm sanoati mutaxassislari Ozodlik bilan suhbatda¸ xorij sayyohlarini ko‘proq jalb etishni¸ qadim shaharlarni zamonaviylashtirib¸ mahalliy aholini shahar tashqarisiga haydash emas¸ balki ular uchun vizani bekor qilish va xorij valyutasining erkin oldi-berdisini yo‘lga qo‘yishdan boshlash lozimligini ta’kidladilar.

“Biz chet elliklar¸ xususan¸ G‘arb sayyohlari uchun vizani bekor qilish taklifini berdik. Lekin “ertaga O‘zbekistonga 5 million turist kelsa¸ ularni qaysi aeroportda kutib olib¸ qaysi mehmonxonada tunatamiz¸ avval infrastruktura quraylik¸ keyin vizani bekor qilaylik” degan idoralar prezidentning bu qarori ijrosini kechiktirdi. Xorij sayyohini O‘zbekiston¸ xususan¸ Buxoroga kelish fikridan uzoqlashtiradigan birinchi muammo o‘zi¸ viza muammosi.

Ikkinchisi¸ yo‘liga falon pul sarflab kelgan nemis yoki fransuz¸ pulini qaerda¸ qaysi kursda almashtiradi. Davlat kursida almashtirsa¸ safari yanada qimmatlashib ketishini ular ham biladi. Haqiqiy kursda almashtiradigan joy yo‘q¸ qora bozorga borish turist uchun xavfli. Konvertatsiya yo‘qligi¸ valyuta almashtirishning ochiq-erkin emasligi¸ bankomatlar tizimining yo‘qligi sayyohlarni cho‘chitadigan asosiy omillardan yana bittasi.

Uchinchisi¸ g‘arblik sayyohga Buxoro yo Samarqandda 5 yulduzlik mehmonxona kerak emas¸ sayyohning mahalliy odamlar orasida¸ ularning an’anaviy hayot tarzida bir-ikki kun bo‘lsa ham yashab ko‘rgisi keladi. Bed&Breakfast tipidagi¸ tunab¸ nonushtasini yeb¸ chiqib ketadigan uy-mehmonxonalar ko‘paysa¸ ham mahalliy aholiga daromad manbai ochiladi¸ ham mahalliy soliq oshadi¸ ham sayyohga qiziq va arzon qo‘noq bo‘ladi. Besh yulduzlik¸ hashamatli mehmonxonalar ham bo‘lsin¸ ularning ham mizoji bor¸ lekin nemis yoki avstraliyalik Buxoroga 5 yulduzlik mehmonxonada hordiq chiqarish uchun kelmaydi¸ u qadimiy shaharni ko‘rib¸ uning odamlari bugun qanday yashayotganini his qilish uchun shuncha yo‘l bosib keladi”¸ dedi O‘zbekiston sayyohlik tizimi mutaxassisi.

Buxoroni ko‘rgan xorijliklar qadim shaharning “zamonaviylashuv” ehtimolidan xavotirda

Buxorolik tarixchi va huquqshunos Shuhrat G‘aniev “Qadimiy Buxoro” loyihasi haqidagi xabarlar tarqalishi ortidan¸ qadim bu shaharni kelib ko‘rgan xorijdagi tanishlari xavotirga tushganini aytadi:

- Bu nafaqat buxoroliklarning¸ balki umrida bir marta bo‘lsa ham Buxoroni kelib ko‘rganlarning xavotiriga aylanmoqda. Uzoq davlatlardagi tanishlarimdan¸ Nyu Yorkdan shunaqa xatar bormi¸ deb so‘ralgan xatlar olayapman. Buxoroni ko‘rganlarni hayratga solgan narsa¸ shaharning infrastrukturasi¸ yo‘llari emas – yo‘llar dabdala¸ suvimizni ichib bo‘lmaydi. Ammo ularni hayratlantirgan narsa qadimiy shaharda hozirgacha odamlarning tarix bilan uyg‘unlikda yashab kelayotgani. Buxoro¸ Samarqandga o‘xshab¸ tarixiy obidalari hamma tomondan beton bilan o‘ralib¸ asfalt bosilgan shaharga aylanmay keldi. Buxoroning tarix nafasi ufurib turgan¸ ayni paytda bugun ham jonli hayot davom etayotgan yuzi saqlanib qoldi. Tarixiy obidalarning ichida yashab kelayotgan infrastrukturasi bor bu shaharning. Sayyoh shuni ko‘rish uchun¸ tarixning tirik qolayotgan to‘qimasini his qilish uchun keladi bu yerga – asfalt yo‘llar va hashamatli mehmonxona basseynida cho‘milish uchun emas¸ deydi bu suhbatdosh.

Turizmni rivojlantirish yo‘lida bir qadam olg‘a¸ ikki qadam orqaga!

O‘zbekiston prezidentligi vakolatlarini vaqtincha bajarish davridayoq Shavkat Mirziyoev sayyohlikni rivojlantirishni ustuvor iqtisodiy vazifalardan biri deb e’lon qildi.

2016 yilning 2 dekabr kuni Mirziyoev “O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon chiqardi va “O‘zbekturizm» kompaniyasini tugatib, o‘rnida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etdi.

Ayni farmon bilan muvaqqat prezident 2017 yil 1 aprelidan 15 mamlakat vatandoshlari¸ shuningdek 12 davlatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun O‘zbekistonga kirish uchun viza tartibi bekor qilishga topshiriq berdi.

Ammo 22 dekabr kungi boshqa bir farmon bilan prezident Mirziyoev bu qaror ijrosini 2021 yil 1 yanvarga qadar kechiktirdi.

Reuters agentligi o‘z diplomatik manbalariga tayanib¸ bu qarorning MXX raisi Rustam Inoyatov bosimi ostida bekor qilinganini xabar qildi.

XS
SM
MD
LG