Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:48

Irina Zaydman: Xalq Jasurning himoyasiga turdi va buni hamma ko‘rdi! (VIDEO)


Jasur Ibrohimov
Jasur Ibrohimov

Toshkentdagi kollejda ayovsiz kaltaklangach, shifoxonada vafot etgan 17 yashar Jasur Ibrohimov himoyasiga o‘tgan aksiya tashkilotchilaridan biri Irina Zaydman jamoatchilikning faol munosabati bois, bu ishga huquq-tartibot organlarining zarur darajadagi e’tiborini tortdik, degan xulosani tilga oldi.

Ozodlik bilan suhbatda faol ijtimoiy tarmoqlardagi e’lon ortidan poytaxtdagi "Do‘stlik" bog‘ida yig‘ilgan 400 atrofidagi kishiga nisbatan IIB yoki MXX tomonidan hech qanday bosim yoxud noqonuniy hatti-harakatlar bo‘lmaganini ham olqishladi.

Irina Zaydman - Facebook tarmog‘idagi Volontyori.uz sahifasi ma’muri - kollejda kaltaklangan 17 yashar Jasur Ibrohimovning oilasi murojaati ortidan bu aksiyaga qo‘l urganini aytmoqda.

4 iyun kuni Toshkentning "Do‘stlik" (sobiq "Bobur") bog‘ida Jasur Ibrohimovning o‘limi yuzasidan adolatli tergovni talab qilayotgan oilasini quvvatlagan yuzlab odam yig‘ildi.

17 yashar Jasurbek Ibrohimov 3 may kuni Tashkentdagi P.F. Borovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji yonida kaltaklangan. Hodisadan so‘ng u shifoxonada 5 bora jarrohlik amaliyotdan o‘tdi, ammo 1 iyun kuni vafot etdi.

Ozodlik bilan suhbatda Zaydman boqqa yig‘ilgan poytaxtliklardan 400 nafari marhum o‘quvchining oilasini quvvatlab petitsiyani imzolagan va, muhimi, IIV xodimlari bunga to‘sqinlik qilmaganini aytdi.

Irina Zaydmanga ko‘ra, bunga sabab, Nilufar Alieva murojaati va uni quvvatlagan petitsiya ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingach, "xalqning bu o‘quvchi himoyasiga turganidir".

- Men aynan bugungidek natijaga erishgan bo‘lardik, deb o‘ylamayman. Chunki, xalq Jasurning himoyasiga turdi va hamma butun O‘zbekiston bo‘ylab xalq uning himoyasiga turganini ko‘rdi. Menimcha, bizning imzo yig‘ish aksiyamiz behuda bo‘lmadi, - deydi Irina Zaydman.

Jasur Ibrohimov o‘limining adolatli tergov qilinishi so‘ralgan aksiya 4 iyun kuni bo‘lib o‘tishi haqidagi xabar 3 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi va bir sutkada 13 mingdan ortiq foydalanuvchi bu xabarni ulashdi.

Aksiya guvohlari ham Bobur parkida, kutilmaganda, yuzlab odam yig‘ilgani va petitsiyani imzolaganini ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar qildi.

Bu haqda O‘zbekistondagi qator Internet nashrlari ham xabar qildi va Zaydmanga ko‘ra, huquq tartibot-idoralari faollarning bu harakatiga to‘sqinlik qilmadi.

Aksincha, Toshkent shahar IIBBning Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev yig‘ilganlar bilan uchrashdi va shaxsan o‘zi, jinoyatchilar aniqlanib, jazolanishini va’da qildi.

- Petitsiyani imzolashni istovchilar parkda yig‘ilgach, huquq-tartibot idoralarining 20ga yaqin xodimi keldi. Ba’zilari formada, ba’zilari fuqarolik kiyimida edi. "Kelinglar, parkning o‘rtasida to‘dalashib turmanglar, chetga o‘taylik", deb, o‘rindiqlar bor joyga olib o‘tishdi. Biz bilan juda bosiq, yaxshi, qonuniy asosda muomala qilishdi va "Shovqin solmanglar, xavotir olmanglar, to‘dalashib turmanglar, uch-to‘rt kishidan kelib, imzolanglar" deyishdi, - dedi Irina Zaydman.

Aksiya davomida tashkilotchilar mikrofon olib, marhum o‘quvchining onasi - Nilufar Alievaning bu jinoyatni ochishda ko‘mak so‘rab, prezidentga yozgan murojaatini o‘qib eshittirdi va ishtirokchilar kelib, qog‘ozga qo‘l qo‘yishdi.

So‘ngra aksiya tashkilotchilari, mahalliy jurnalistlar va Jasurning ota-onasini shahar IIBBga olib borilgan va boshqarmada press-brifing o‘tkazilgan.

- IIBBga borganimizda, bu ishga aloqador, deyilganlarning hammasi chaqirilgan edi. Ular bilan ishlashayotgan edi. Ular ota-onalari bilan chaqirilgan edi. Xullas, shundan so‘ng mening ishonchim komilki, bu ishda bir sustkashlik bo‘lmaydi, haqiqat yuzaga chiqadi! - dedi Irina Zaydman.

Toshkent shahar IIBB ham ushbu brifing haqida xabar tarqatib, uchrashuvda jinoyatda gumon qilinayotgan Islom To‘laganovning ota-onasi axborot vositalari vakillarining savollariga javob bergani, dastlabki tergov harakatlari davom etayotganini bildirdi.

5 iyun kuni esa O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu ishning tergovini respublika Bosh prokurori o‘z nazoratiga olganini bildirdi.

"Jinoyat ishi 2017 yil 4 iyun kuni Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga qabul qilingan. To‘plangan dalillar majmui asosida I.Tulaganov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilindi va unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda jinoyatga aloqador shaxslar doirasini aniqlash yuzasidan tegishli tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan shaxsan nazoratga olindi", deyildi, jumladan, Bosh prokuratura bayonotida.

17 yashar Jasurbek Ibrohimov 3 may kuni Tashkentdagi P.F. Borovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji yonida kaltaklangan.

Hodisadan so‘ng u shifoxonada 5 bora jarrohlik amaliyotdan o‘tdi, ammo 1 iyun kuni vafot etdi.

XS
SM
MD
LG