Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:29

Putin: Qo‘limda Donald Trampga qarshi kompromat yo‘q


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 3 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi chog‘ida AQShning NBC News boshlovchisi Megin Kelliga intervyu bermoqda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 3 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi chog‘ida AQShning NBC News boshlovchisi Megin Kelliga intervyu bermoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin NBC telekanaliga bergan intervyusida o‘tgan yili AQShda bo‘lib o‘tgan prezident sayloviga Moskva aralashganini yana bir karra rad etdi va qo‘lida Donald Trampning obro‘sini to‘kishi mumkin bo‘lgan hech qanday material yo‘qligini bildirdi.

Putin NBC telekompaniyasining 4 iyun kuni efirga uzatilgan “Yakshanba kechasi Megin Kelli bilan” dasturidagi intervyusida Rossiyaning saylovga aralashgani to‘g‘risidagi gumonlar bilan bog‘liq bahslardan o‘zini chetga tortish uchun foydalandi. Ushbu gumonlar Vashingtonda mojaro keltirib chiqargan va uning taranglashib ketgan munosabatlarni izga tushirishga oid umidlari puchga chiqishiga sabab bo‘lgan edi.

Putin AQShdagi tergovlarning asosiy gumonlanuvchisi Maykl Flinn bilan aloqalari ahamiyatli bo‘lmaganini, hatto “u bilan gaplashmagani”ni aytdi. Janob Flinn saylov kampaniyasi vaqtida Trampning maslahatchisi bo‘lgan, ishdan bo‘shatilishidan oldin Oq Uyda bir necha haftagina milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan edi.

Putin Trampning obro‘sini to‘kishi mumkin bo‘lgan ma’umotlar borligi to‘g‘risidagi xabarlarni inkor qilib, “bu ahmoqona gaplardan boshqa narsa emas. Bunaqa ma’lumotlarni biz qaerdan olishimiz mumkin?” – deb aytdi.

U o‘tgan hafta rossiyalik hakerlar “vatanparvarligi” sababli AQSh sayloviga aralashishga urinib ko‘rgan bo‘lishi mumkinligini aytib, davlatning har qanday aralashishini qa’tiy rad etdi. Ta’kidlashicha, Rossiyaning natijalarni o‘zgartirishga intilishiga zarurat ham, istiqbolda hech qanday foyda ham yo‘q edi.

"Bunday qilishga hojatimiz ham yo‘q. Prezidentlar keladi-ketadi, hatto hokimiyatdagi partiyalar ham almashadi, ammo asosiy siyosiy yo‘nalish o‘zgarmaydi", dedi Putin.

- AQSh razvedka idoralarining ushbu hisobotlarida ham aniq bir narsa yo‘q – ularda taxminlar va o‘sha taxminlarga asoslangan xulosalar bor, xolos. Bor gap shu. Agar aniq bir narsa – faktlar haqida gapirganimizda, gapimizning ma’nisi bo‘lar edi. Men bir vaqtlar ishlagan tashkilot, ya’ni KGBda mana bunaqa der edik: “Bizga manzil, ism va guvohlarning ko‘rgazmalarini beringlar”. Qani ular?,- dedi Putin.

AQSh razvedka hamjamiyati yanvar oyida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, “Putin AQSh prezidenti saylovini nazarda tutib, 2016 yildagi kampaniyaga ta’sir o‘tkazishga buyruq bergan”, bundan ko‘zlangan maqsad AQShdagi demokratiya tizimiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazish, Klintonni obro‘sizlantirish va prezident saylovida yutib chiqish uchun Trampning imkoniyatini oshirish edi.

AQSh rasmiylari va kuzatuvchilarga ko‘ra, Putin Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Hillari Klintonning saylanish imkoniyatini kamaytirishga urindi, chunki Klinton xonim Rossiyadagi inson huquqlari va demokratiya, Ukrainaga nisbatan tajovuzi singari masalalarda Rossiyani keskin tanqid qilayotgan, uning Qrimni bosib olgani va Sharqiy Ukrainada 9900 kishining yostig‘ini quritgan urushga aralashgani uchun joriy qilingan sanksiyalarni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotgan edi.

Putinning Klinton xonim bilan munosabatlari sovuqlashib qolgan va uni 2011 yilda, ya’ni to‘rt yillik bosh vazirlikdan so‘ng qayta prezident bo‘lish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan payt Rossiyada hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblagan edi.

Tramp esa, aksincha, saylov kampaniyasi davomida dangal qilib, Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga va terrorchilikka qarshi hamkorlikni kuchaytirishga harakat qilishini aytdi. Putin ham uzoq vaqtdan beri shunga da’vat qilib kelayotgan edi.

Putin bilan Tramp bir paytlar bir-biriga tahsinlar ham aytgan, ammo Putin AQSh prezidenti bilan hech qachon “maxsus munosabatlari” bo‘lmaganini bildirgan edi.

Janob Flinning Rossiyaning Vashingtondagi elchisi bilan muloqotlari boshqa omillar qatorida tergovlarga sabab bo‘ldi. Putin esa Moskvada 2015 yil dekabridagi ziyofat chog‘ida Flinn bilan yonma-yon o‘tirgan bo‘lsa ham, u bilan deyarli gaplashmagani to‘g‘risida bayonot berdi.

Uzoq vaqt KGB zobiti bo‘lib ishlagan Putin odatda tafsilotlarga e’tibor qilishidan, uchrashayotgan odamlari haqida ko‘p narsani bilishidan, muzokara va boshqa tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishidan faxrlanadi.

Putin yana AQShdagi ayrim OAVlarining Trampning kuyovi va bosh maslahatchisi Jared Kushnerning Kreml bilan maxfiy aloqa kanali ochishni taklif qilganiga oid tarqatgan xabari haqida hech narsa bilmasligini aytdi.

U AQShni boshqa mamlakatlarning saylovlariga aralashishda aybladi.

- Aralashish haqida gapirganda hamkasblaringiz bu yerda nima ish qilayotganiga e’tibor qilishingiz kerak. Ular bizning ichki siyosatimizga boshi bilan sho‘ng‘ib ketgan, oldingi qatorda o‘tirib olgan. O‘zini uyidagidek tutib, popkorndan bahramand bo‘lyapti. Ular bu yerda vaqtini chog‘ o‘tkazyapti. Bu bizning ichki ishlarimizga tizimli, surbetlarcha va mutlaqo printsipsiz aralashuv, jumladan, diplomatiya idoralari darajasidagi aralashuv bo‘lib, necha o‘n yillardan beri davom etib kelmoqda. Shu ishni bas qilsangiz, o‘zingizga ham, bizga ham yaxshilik qilgan bo‘lasiz,- dedi Putin.

Tahlilchilarga ko‘ra, Putin ko‘pincha Rossiyaga qarshi ayblovlarni inkor qilishga, rol almashishga ayblovchilarning o‘zini ayni ishlarni qilganlikda ayblashga urinadi.

Putinning anchadan beri Rossiyada davom etib kelayotgan korruptsiya va o‘zgacha fikrlovchilarni bekordan-bekorga jazolashga oid berilgan savoldan jahli chiqib ketdi:

Nega bizdan bunaqa savollarni so‘rashga haqqim bor deb o‘ylaysizlar? Va har doim shu ishni qilasizlar? Aql o‘rgatish va qanday yashash xususida bizga dars berish uchunmi? – dedi Putin.

XS
SM
MD
LG