Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:07

Toshkentdagi namoyish xalq faollashayotganini ko‘rsatadimi?


Ayovsiz kaltaklanishi oqibatida halok bo‘lgan kollej talabasi himoyasiga Toshkentdagi “Do‘stlik” bog‘ida 400 kishining to‘planishi 2005 yil Andijonda yuz bergan nomoyishlardan keyin kuzatilayotgan eng yirik aksiyadir.

5 iyun kuni bo‘lib o‘tgan namoyish ishtirokchilari 17 yashar talaba Jasur Ibrohimovni kaltakalaganlarni jazoga tortish talabi bilan imzo to‘plaganlar.

Bu namoyishni, unda ishtirok etganlarga ko‘ra, kuch ishlatar tuzilmalarining 30 nafarga yaqin xodimi kuzatgan va jinoyatga aloqadorlarning barchasini jazoga tortishga va’da bergan.

Ichki ishlar xodimlari yig‘ilgan imzolarni "hisobot uchun zarurligi bois” olib qolgan.

Namoyishchilarning ta’kidlashicha, ichki ishlar xodimlari ishtirokchilarga nisbatan kuch qo‘llamagan, xushmuomala bo‘lgan.

2016 yil dekabrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yilni "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilgandi.

“Do‘stlik” bog‘ida bo‘lib o‘tgan namoyish O‘zbekistonda xalq va hokimiyat o‘rtasida muloqot yuz berayotganiga dalolatmi?

Тошкентда уриб ўлдирилган ўқувчи ҳимоясига акция ўтказилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:21 0:00
Бевосита линк

“Shafqatsiz”

Toshkentdan fotograf Umida Ahmedovaning aytishicha, shaharda 25 yil ichida ilk bor yuzlab odamning tinch namoyishga to‘planishiga Jasur Ibrohimovning “shafqatsiz” kaltaklanib, o‘ldirilishi sabab bo‘lgan.

- Shu kunda butun shahar, kimga qaramasang, shu voqeani gapirayapti. Birinchidan, bu odamlarning joniga tegdi. Bunaqa voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Bosti-bosti qilib yuborishgan. Lekin, bir odam aytdiki, shu darajada shafqatsiz, ayovsiz urib, o‘ldirishgacha olib borgani bu signal. Ikkinchidan, hamma narsani pul bilan hal qilishi, odamlarning joniga tegdi. Qaerga borsang, pul bilan hal qilish mumkin, degan narsadan odamlar charchadi, - deydi Umida Ahmedova.

Umida Ahmedovaning fikrini dastaklagan mustaqil jurnalist Sid Yanishev yuzlab odamlarni namoyish o‘tkazishga o‘z farzandlari xavfsizligi undaganini aytadi:

- Kecha men namoyishga chiqqanlar bilan gaplashdim. Ular Jasurbek Ibrohimovning ota-onasini yaxshi taniganlar, qo‘ni-qo‘shnilari edi. Ular Jasurbekning boshiga tushganlar o‘z farzandlarida ham yuz berishi mumkinligini his qilib ko‘rganlar deb o‘ylayman. Ular o‘z farzandlari ham kollej yoki litseyga o‘qishga ketib, qaytib kelmasligini tasavvur qilishgan va bunga jim qarab tura olmasliklarini tushunib yetganlar, deb o‘ylayman – deydi Sid Yanishev.

“xalq tinchligi”

Tahlilchi Anvar Nazirovning ishonishicha, aholi faolligining ortishiga hokimiyatning xalqni gapirishga undayotgani sabab bo‘lmoqda.

- Umid berib qo‘yildi odamlarga. Gapiringlar, fikrlanglar, xalq bilan muloqot yili va hokazo. Bu faollik avvalambor ijtimoiy tarmoqlarda kuchayib borayapti. Bilasiz, hozirgi paytda, aholi fikrining shakllanishida ijtimoiy tarmoqlar o‘ynaydi o‘zining rolini, - deydi Anvar Nazirov.

U Jasur Ibrohimov o‘limi zamirida “ko‘p yillardan buyon” ko‘plab ijtimoiy muammolar to‘planib yotganini qo‘shimcha qiladi.

- Norozilik o‘zi ko‘p yillardan beri ko‘payib, saqlanib kelgan odamlar qalbida. Asli Jasur Ibrohimovning masalasiyam juda jiddiy. Ma’naviy muhitning chirib ketgani, korruptsiya. Boy oilalar bolalari istagan narsasini qilishi mumkin, xohlasa boshqa bolaniyam o‘ldirib qo‘yishi mumkin. Bu narsalar, aslida ijtimoiy noroziliklarning ko‘rsatkichi bo‘lib, bir sabab bo‘lib, chaqmoqday yorilib ketdi, - deydi tahlilchi Anvar Nazirov.

Toshkentdan psixolog Mahmud Yo‘ldoshevning ishonishicha, “Do‘stlik” bog‘ida o‘tkazilgan norozilik petitsiyalari xalqni katta ijtimoiy noroziliklarga yetaklamaydi.

- Biz 25 yil evaziga juda katta o‘zgarishlarni o‘zimizning ruhimizga singdirib oldik. Bu – mamlakatning tinchligi, xalqning tinchligi katta bir boylik ekanligini xalq biladi va bir kishi “ho‘y” desa, ko‘tarib ketadigan xalq emas, - deydi Mahmud Yo‘ldoshev.

Ammo, Sid Yanishev nazarida, o‘xshash namoyishlarning qaytalanishi “Do‘stlik” parkidagi namoyishda qatnashganlarga nisbatan qanday chora ko‘rilishiga bog‘liq bo‘ladi.

- Agar to‘satdan kechagi aksiya ishtirokchilariga qarshi haqiqatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani aniqlashsa, bunday namoyishlar takrorlanmasligi aniq. Boshqa hech kim ko‘chaga chiqmaydi. Ammo, agar aksiya ishtirokchilari jazolanmasa, u holda so‘nggi aksiya kelgusi chiqishlarga yaxshigina misol bo‘la olishi mumkin, - deydi Sid Yanishev.

XS
SM
MD
LG