Линклар

"O‘zbekkonsert" rahbari prezident haqida qo‘shiq kuylashni taqiqladi


Xonanda Dilfuza Ismoilova Mirziyoev haqida qo‘shiq aytgan birinchi san’atkor bo‘ldi.

“O‘zbekkonsert” rahbariyati san’atkorlarga prezident Shavkat Mirziyoevga bag‘ishlab qo‘shiq kuylashni ta’qiqladi. Toshkentdan olingan xabarlarga qaraganda, bu borada 2 iyun kuni “O‘zbekkonsert”da bo‘lib o‘tgan yig‘ilish paytida direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi Azamat Haydarov ma’lum qilgan.

“O‘zbekkonsert”da 2 iyunda o‘tgan yig‘ilishda tashkilot direktori vazifasini bajaruvchi Azamat Haydarov ayrim san’atkorlar tomonidan davlat rahbari faoliyatiga bog‘liq videotasvirlar asosida kliplar qilinib, badiiy sayoz matn asosida qo‘shiqlar yaratilayotganini tanqid qildi.

-Ayniqsa shaxs bilan bog‘liq, davlat rahbarlarining faoliyati bilan bog‘liq narsalarni montaj qilib kliplariga... bu hech qanday odob-ahloqqa to‘g‘ri kelmaydi, - deb aytgan Azamat Haydarov.

Bundan avvalroq 49 yashar o‘zbek kino artisti va qo‘shiqchisi Dilfuza Ismoilova o‘zbek san’atkorlari ichida birinchilardan bo‘lib Shavkat Mirziyoevni ulug‘lab qo‘shiq kuylagani xabar qilingan edi.

Shoir Tohir Muhammad tarafidan yozilgan matnga bastakor Rustam To‘lashov kuy bastalagan“Shu go‘zal yurt sultoni omon bo‘lsin” qo‘shig‘ini kuylagan Dilfuza Ismoilova 29 may kuni Ozodlik bilan suhbatda “ushbu qo‘shiq qalb amri¸ vijdon buyrug‘i bilan” Mirziëev Prezidentlikka saylangan 2016 yilning dekabrida yaratilganligi aytgandi.

- Prezidentimiz Shavkat aka juda yaxshi olib borayotganligini ko‘rib zavqlanib ketib, shoirimiz Tohir Muhammad bilan gaplashib o‘tirib, bu qo‘shiq ustida ish boshladik. Tohirjon chiroyli she’r yozdilar. Muzikani Rustam To‘lashevga berdik. Ijroni man aytib, dekabrda yozib bo‘lindi. Yanvarda oxirgi sayqal berib, qo‘shiq tayyor bo‘ldi. Keyin klip qilib kanallarga berdik¸ - degan edi suhbatdosh.

Biroq Azamat Haydarov yig‘ilishda davlat rahbarini madh qiluvchi ashullarni aytish orqali san’atkor yengil obro‘ topishga intilmasligi kerakligini, bu holat yaxshilikka olib kelmasligini ta’kidlagan.

Yig‘ilishda ishtirok etgan madaniyat vaziri o‘rinbosari Minhojiddin Hojimatov bu masalada Azamat Haydarovni qo‘llab-quvvatlagan. Unga ko‘ra, san’atkorlar tomonidan shunday mavzularda yozilgan badiiy sayoz she’rlarning qo‘shiq qilib kuylanishi, san’atkorning o‘zi davlat siyosatini tushunmay turib “siyosat to‘g‘risida ashulla aytishi” to‘g‘ri emas.

-Mayli, ashulla qilmoqchi bo‘lsangiz, vatan haqida, el-yurt haqida, mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida, buni sizga hech kim taqiqlamaydi. Keling, maslahatlashing, -degan vazir o‘rinbosari.

O‘zbekistonda bundan avvallari ham prezident haqida taniqli va san’atkorlar qator qo‘shiqlarni kuylashgan. Jumladan, 2015 yilda Yulduz Usmonova Islom Karimov haqida qo‘shiq kuylagan edi.

XS
SM
MD
LG