Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 23:04

Milliy xavfsizlik agentligining(MXA) ommaviy axborot vositalariga sizdirilgan o‘ta maxfiy hujjatiga ko‘ra, Rossiya harbiy razvedka xizmati hakerlari o‘tgan yilgi prezident saylovidan oldin AQSh ovoz berish tizimlarini buzib kirishga qayta-qayta uringan.

Hujjat “Intercept” internet nashriga sizdirilgan va 5 iyun kuni kechroq onlayn chop qilingandan so‘ng AQSh prokuraturasi Milliy xavfsizlik agentligi pudratchilaridan biri xodimining o‘ta maxfiy hujjatni “onlayn nashr”ga sizdirgani uchun hibsga olinganini e’lon qildi.

“Intercept” nashriga ko‘ra, maxfiy hujjatda Moskvadagi GRU – Bosh razvedka boshqarmasining hakerlik amaliyoti tavsifi keltiriladi. Ushbu razvedka xizmati saylovchilarni ro‘yxatga oluvchi AQSh xususiy shirkatlari va mahalliy hokimiyat idoralari axborot tizimlariga hujum qilgan.

Hujjatda aytilishicha, ushbu amaliyot maqsadi saylovni tashkil etishda ishtirok etgan 100 dan oshiq rasmiyga zararli josuslik ta’minot dasturi yuborish orqali AQSh ovoz berish tizimi yaxlitligiga putur yetkazish bo‘lgan. Bunday hujumlar oylab davom etib, 8 noyabrdagi saylov arafasidagina to‘xtatilgan.

“Intercept” nashriga ko‘ra, Milliy xavfsizlik agentligining Oq uyga yuborilgan hisobotiga 2017 yil 5 may sanasi qo‘yilgan va u Rossiyaning AQSh sayloviga ta’sir o‘tkazishga urinishlari to‘g‘risida jamoatchilik yoki matbuotga oshkor qilinayotgan eng yangi hujjatdir.

Nashr vakillari hujjatni qanday qo‘lga kiritganini oshkor qilmadi, ammo u haqdagi xabar internetda paydo bo‘lganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, prokuratura Milliy xavfsizlik agentligi pudratchisiga ishlayotgan 25 yasharRealiti Ley Uinnerning “5 may yoki shunga yaqin” sana qo‘yilgan o‘ta maxfiy hujjatni sizdirgani uchun hibsga olinganini bildirdi. Xabarda aytilishicha, Uinner Jorjiya shtatidagi ob’ektda 3 iyun kuni qo‘lga olindi.

Dastlabki ayblovga ko‘ra, Uinner mazkur hujjatni chop qilgan 6 kishidan biri bo‘lgan va u elektron pochta orqali ommaviy axborot vositalari bilan aloqa qilgan. Ayblov uning aynan qaysi nashr bilan bog‘langani aytilmasa-da¸Reyter buning aynan “Intercept” ekanini xabar qildi.

“Intercept” matbuot kotibi Vivian Syu MXA hujjatining anonim manbadan kelgani va manba shaxsiga oid “hech narsa bilmasligi”ni aytdi. U yana MXA hujjatning chop etilishiga qarshilik qilgani¸ so‘ngra uni qisqartirishni so‘ragani va “Intercept” hujjatning ayrim o‘rinlarini tahrir qilishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.

E’lon qilingan maxfiy hujjat Rossiyaning saylov natijalarini Tramp foydasiga og‘dirish maqsadida serverlarni buzib kirish va yolg‘on axborot tarqatish harakatlarini shaxsan Putin yo‘naltirib turgani haqidagi ayblovlarni yanada kuchaytirdi.

Ushbu xabar Putin keyingi qator intervyularida AQSh saylov jarayoniga aralashish urinishlariga oid ayblovlarni qayta-qayta rad etgandan oradan bir necha kun o‘tib paydo bo‘ldi. Rossiya prezidenti bu intervyularidan birida rossiyaliklarning hakerlik qilgani ehtimolini rad etmagan holda¸ ularning hukumatga hech qanday aloqasi yo‘qligini iddao qilgan edi.

MXA hisobotida bildirilishicha, “Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabining Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) xodimlari... AQShning nomi zikr etilgan kompaniyasiga qarshi 2016 yil avgustida kiberjosuslik amaliyotini o‘tkazgan, bundan saylovga daxldor kompyuter dasturlari va yangi texnologiyalarga oid ma’lumotlarni olish maqsadi ko‘zlangan.

Amaliyot qanchalik muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va qanday ma’lumotlar o‘g‘irlangani ma’lum emas, deyiladi hisobotda.

Yana qayd etilishicha, prezident Baraka Obama 2016 yil sentabrida Putinni AQSh saylov jarayoniga aralashmaslikdan ogohlantirgan bo‘lsa ham, saylov tizimlariga qarshi hakerlik hujumi oktabr oyiga oxirigacha davom etgan.

XS
SM
MD
LG