Линклар

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xondada Ozodbek Nazarbekovning ashulachilar xizmatidan pul o‘tkazish yo‘li bilan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun vazirlik qoshida tijoriy bo‘lim tashkil etish taklifini o‘rganmoqda. Vazirlikning ismi sir qolishini istagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda vazirlik bu taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

2 iyun kuni "O‘zbekkonsert" (avvalgi “O‘zbeknavo”) tashkilotida bo‘lgan majlisda O‘zbekiston Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Madaniyat vazirligi qoshida tijoriy bo‘lim ochish va san’atkorlar xizmatidan tekin foydalanib kelayotgan davlat tashkilotlari unga pul o‘tkazish yo‘li bilan ular xizmatidan foydalanishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

O‘z chiqishida xonanda¸ xususan¸ prokuratura va boshqa davlat muassasalari amaldorlarining o‘z bazmlarida xonandalar xizmatidan bepul foydalanish ustiga¸ do‘q urib san’atkorlarni obro‘sizlantirishi haqida shikoyat qildi.

"Davlat tashkilotlari oldida san’atkorlarning hurmati yo‘q. Davlat tadbirlari haqida gapirmayapman. MID (Tashqi ishlar vazirligi)da tadbir qiladi yoki prokuraturada oddiy o‘tirish qiladi, masalan¸ Navro‘zga o‘tiradi, nonni pulga oladi, suvni pulga oladi, restoranni pulga zakaz qiladi va san’atkor tekinga borishi kerak. Hurmat ham shunga yarasha bo‘ladi¸ chunki istagan payti bitta xat bilan tekinga chaqirishmoqda", - dedi Nazarbekov.

Xonandaning bu gapi uning majlis zalida o‘tirgan hamkasblari tarafidan qarsaklar bilan qarshi olindi.

Yana bir xonanda Adham Soliev "Kamolot" tashkiloti tarafidan viloyatlarda tashkillashtirilayotgan tadbirlarga taklif etilgan ashulachilar och va ko‘chada qolayotgani xaqida gapirdi.

"Biz san’atkorlarni kim himoya qiladi?" - dedi Adham Soliev.

Bunday holatlar bo‘lmasligi va qo‘shiqchilarni amaldorlar tahqiridan qutqarish uchun Nazarbekov Madaniyat vazirligi qoshida tijoriy bo‘lim ochishni taklif etdi.

"Ular vazirlikka xat bilan chiqadi. Sizlar uning ijrosini ta’minlab berishlaringiz kerak. Tijoriy bo‘lim bo‘lsa , mana shunaqa o‘tirish qilmoqchi bo‘lganlardan, "senga kim kerak"¸ deb so‘raydi. Pulini to‘la yoki tushir. Shunda sal hurmatimiz joyiga keladi. Hozir ularda bitta vazirlikka xat tashlasak¸ hammasi keladi, degan fikr bor. Keyin mana shunaqa oyoq ostilik, sal 15 minut kech qolsang, o‘dag‘aylab ham beradi yana", - dedi vazirlikda yig‘inda Nazarbekov.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonlik tanqili xonandalardan biri Ozodbek Nazarbekovning e’tirozi o‘rinli ekani, lekin uning taklifi ish berishiga ishonmasligini aytadi.

"Masalan¸ Genprokuraturadan Madaniyat vazirligiga telefon qilib “Ozodga aytinglar¸ birrov kirib ketsin”¸ desa baribir boradi u. O‘zgarmaydi bu narsa. Men ham shularning xizmatini qilganman, tekinga. Hamma qiladi, ilojsiz. Kerak bo‘lsa Yulduz ham boradi, G‘ulom ham boradi, Ozod ham boradi. Kerak bo‘lsa¸ dejurniy bo‘lib beradi, bepulga. Borganmiz, qanchadan-qancha prokuror, prezident devoni, Vazirlar Mahkamasi, militsiya boshliqlarining to‘yida bepul xizmat qilib berganmiz. Toki¸ kuch ishlatuvchi tizimlar mavqei madaniyat tiziminikidan baland ekan¸ bu shunday bo‘lib qolaveradi"¸ dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonlik xonanda.

O‘zbekistonda to‘ylarda san’atkorlarning ochiq tahqirlanishi yoki boshqa ko‘rinishda kamsitilishi uchrab turadigan holatdir.

O‘zbekistonlik xonanda Yulduz Usmonovaning ikki yil avval Toshkentning Osiyo Grand restoranida kuch ishlatar tizimida ishovchi amaldor ekani ishonilgan shaxs tarafidan kaltaklangani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Qo‘shiqchiga tarsaki tushirgan yigitning to‘yda mehmon bo‘lgan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari o‘tirgan stolga borib o‘tirgani ko‘rilgan edi. Taniqli qo‘shiqchini kaltaklagan yigitning javobgarlikka tortilganiga oid xabar yo‘q.

XS
SM
MD
LG