Линклар

Hajga velosipedda otlangan Husan Chayka Turkmaniston chegarasidan qaytishi mumkin


Namanganning Chortoq tumanidan Haj safariga velosipedda yo‘lga chiqqan 75 yashar Husan Hojiboev bilan Ozodlik 6 iyun kuni u 138 kilometrli Buxoro-Chorjuy avtoyo‘lining 3- kilometrida ketayotgan vaqtda bog‘landi.

Chortoqdan 2 iyun tongida yo‘lga chiqqan Husan Hojiboevning Ozodlikka aytishicha, u ketayotgan hududda qattiq shamol esayotgani tufayli, Turkmaniston chegarasiga 7 iyun oqshomida yoki 8 iyun ertalab yetib borishi mumkin.

Qishloqdoshlari orasida Husan Chayka degan laqab bilan tanilgan bu serg‘ayrat oqsoqol bilan uzangi ustidagi suhbatdan uning Haj ibodatini ado etish orzusi amalga oshmay qolish xavfi borligi ma’lum bo‘ldi.

Safarning dastlabki 4 kuni

- Buxoroning kunchiqish tomonidaman, Chorjo‘yga qarab yo‘l oldim, dedi Husan Chayka Ozodlik bog‘langan soniyada.

Ozodlik ziyoratchi bilan birinchi marta u Chortoqdan chiqib, Angren shahriga yetib kelgan paytda bog‘langan edi.

Ortda qolgan 4 kunda u Ohangaron, G‘allaorol va Zarafshon tumanlaridan o‘tganini aytib berdi.

Husan Chaykaning aytishicha, u bir martagina – Qamchiq dovonining Tanga topdi degan joyigacha velosipedini mashinaga ortib kelib olgan, undan buyog‘ini faqat velosipedda bosmoqda.

Viza qani, viza?

Husan Chayka Ozodlikning vizalaringiz bormi, degan savoliga dadil “vizam bor, hujjatlarim bor”, deb javob berdi.

- Nechta mamlakatning vizasini olgansiz? Masalan, Turkmanistonning, Eronning vizasini olganmisiz?

Ozodlikning bu savoliga Husan Chaykaning javobi sarlavhaga chiqarganimiz shubhani paydo qildi:

- Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Dunyo bo‘yicha barcha horijiy davlatlarga chiqish huquqiga ega, deb pechat bosib berishdi, dedi g‘urur bilan Husan Hojiboev.

O‘zbekistondan "chiqish vizasi" boshqa mamlakatlarga kirish imkonini bermaydi
O‘zbekistondan "chiqish vizasi" boshqa mamlakatlarga kirish imkonini bermaydi

75 ga kirgan oqsoqol bunday yozuv O‘zbekiston ma’murlari 2 yil muhlatga beradigan “chiqish vizasi” atalmish mamlakatdan chiqishga ruxsatnoma ekanligini bilmagan ko‘rinadi.

Oqsoqol bilan suhbatdan Saudiya Arabistoni va ungacha bosib o‘tiladigan mamlakatlarga kirish vizasi yo‘qligi ayon bo‘ldi.

"Mahalladan spravka" yoki "Vazirlar Mahkamasidagi uchrashuv"

Lekin Husan Hojiboevning ishonch bilan aytishicha, barcha hujjatlari joyida:

- Menda do‘xtirdan, mahalla qo‘mitasidan, militsiyadan beayb, nuqsonsiz odam ekanligimni tasdiqlovchi hujjatlarim etarli, dedi hoji.

“Beayb, nuqsonsiz” ekanligiga hujjatlari borligiga qaramay, Husan Hojiboev, aytishicha, har ehtimolga qarshi, safarga chiqish oldidan “Vazirlar Mahkamasiga” ham uchragan.

- Pasportimga dunyo bo‘yicha barcha horijiy davlatlarga chiqish huquqiga ega, deb pechat bosib berishdiyu lekin men ishonmasdan Vazirlar Mahkamasining xonadoniga bordim. 9- qavatdan Nuriddin Mahmudov degan odam pastga tushdi. Suhbatlashdim. Agar men yo‘ldan qaytadigan bo‘lsam, birinchidan chiqimdor bo‘laman, ikkinchidan obro‘yim to‘kiladi, uchinchidan mehnatim zoe ketadi, degandim, u “Siz tranzit bo‘lib ketaverasiz. Agar sizni sport federatsiyasi orqali jo‘natadigan bo‘lsak, Haj qildim, deya olmay qolasiz” dedi, otvetstvenniy bo‘lib, ikkita telefonini, familiyasini yozib berdi, dedi Husan Hojiboev.

Oqsoqoldan “otvetstvenniy bo‘lgan Nuriddin Mahmudov” bergan telefon raqamlarini so‘radik.

- U kishi yozib bergan qog‘oz uyda qolib ketibdi. Toshkentga kiyib borganim kostyumimni yechib, yo‘lga boshqa kostyumimda chiquvdim, dedi Husan Hojiboev.

U kishi bergan informatsiya “Nuriddin Mahmudov”ning kimligini bilish va uni topish uchun yetarli emas.

Ziyoratchi oqsoqolga vizalaringiz joyida emasga o‘xshaydi, noumid bo‘lib qolmang, dedik.

“Yo‘q, hammasi joyida. Bojini to‘layman. Beayb, benuqson odamligimni tushuntiraman, o‘tkazib yuborishadi”, dedi ishonch bilan Husan bobo.

Samaqandga veloziyorat

Chortoqlik 75 yashar oqsoqol velosipedda birinchi marta uzoq safarga chiqayotgani yo‘q. U o‘tgan yil sentabr oyida Chortoqdan Samarqandgacha bo‘lgan 520 km yo‘lni velosipedda bosib, prezident Islom Karimovning qabrini ziyorat qilib qaytgan edi.

Husan Hojiboevning ziyorati to‘g‘risidagi Ozodlik xabarini o‘nlab Internet nashrlar ko‘chirib bosganidan so‘ng, oqsoqol mashhur bo‘lib ketgandi.

Facebookda Husan boboning Samarqandga velosipedda qilgan ziyoratini “kichik haj”ga tenglashtirganlar bo‘lgan, bir guruh entuziastlar pul yig‘ib, u kishiga yangi velosiped sovg‘a qilgandi.

XS
SM
MD
LG