Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:27

Toshkent viloyati maktablarida Mirziyoev kelishiga “Zarbdor 10 kun” e’lon qilindi


Sardoba tumanidagi maktab direktori o‘qituvchilarni ishlashga majburlamoqda
Sardoba tumanidagi maktab direktori o‘qituvchilarni ishlashga majburlamoqda

Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi maktablarni prezident Mirziyoev tashrifiga tayyorlash uchun o‘n kunlik “zarbdor kun” e’lon qildi. Boshqarmaning ta’lim muassasalariga yuborgan xatida yozilishicha, barcha ta’lim muassasalari prezidentning nogahoniy tashrifiga yuz foiz tayyorlab qo‘yilishi shart. O‘qituvchilar maktablarni tayyorlashga sarf bo‘ladigan xarajatlar ularning hisobidan bo‘layotganidan shikoyat qilmoqda.

"Mirziyoev kelishiga maktablar yarqirasin!"

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Toshkent viloyatiga qilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy tashrifidan oldin viloyat Xalq ta’limi boshqarmasidan maktablar rahbarlariga mana bu mazmundagi maktub keldi:

“Viloyat xalq ta’limi tizimidagi barcha ta’lim muassasalarida joriy yilning 30 mayidan 9 iyuniga qadar 10 kunlik zarbdor kun e’lon qilinsin!”

Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi maktubi
Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi maktubi

Maktubda “pedagog xodimlar tarkibidan uchrashuv jarayonida so‘zga chiquvchilarni tayyorlash”, ta’lim muassasalariga rayhon va gullar ekish, daraxtlarga shakl berish, hojatxonani tozalash haqida yozilgan.

Bundan tashqari har bir sinfxonalarda metodik adabiyotlar, kamida 10ta diskda fanga tegishli bo‘lgan elektron darslar bo‘lishi, fizika, kimyo, biologiya fanlari laboratoriya xonalarini tartibga keltirish shartligi ta’kidlangan.

Maktubda, bir hafta muddatda ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan texnik xodimlarning har biri yagona ishchi libosi bilan ta’minlanishi ham aytilgan.

Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi maktubi
Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi maktubi

Ammo, maktubda bu ishlarni kim amalga oshirishi va unga ketadigan xarajatlar qaysi hisobdan to‘lanishi haqida hech narsa deyilmagan.

“Ta’til pulimiz prezidentni kutib olishga ketadigan ko‘rinadi”

Toshkent viloyati Zangiota tumanining maktablaridan birida ishlaydigan o‘qituvchi, rahbariyatning bu yangi topshirig‘idan o‘qituvchilarning ensasi qotganini Ozodlikka aytdi:

“Direktorni ham, o‘qituvchilarni ham boshi qotgan. Boshqarmadan shu ishlarni hammasini qilasan deb buyruq beribdi. Sinfxonalar o‘qituvchilarga bo‘lib berildi. Xonalarni remont qilish, eshiklarni tuzatish, xonani yangi standartdagi stendlar bilan jihozlash, gullar bilan to‘ldirish, parda ilish, hujjatlarni to‘g‘irlash – bu ishlarning hammasini o‘z cho‘ntagimizdan qilishimiz kerak ekan. O‘qituvchilarning 80 foizi ta’tilga chiqib ketgan. Lekin ular ham chaqirib olinyapti”, deydi o‘qituvchi.

Uning aytishicha, xomcho‘t qilib hisoblaganda har bir sinfxonani boshqarma aytgandek darajada ta’mirlab, jihozlash uchun 1-1,5 million so‘m atrofida pul ketadi:

“Hali maosh va ta’til pulimizni ham olganimiz yo‘q. Lekin, direktor topasan, qilasan, deb turibdi. O‘n kunda uyga bormasang ham, remontni tugat deyapti. Bundan tashqari bug‘doy o‘rimida qatnashish va paxta terimiga pul tayyorlab qo‘yish ham eslatildi. Rosa jonga tegib ketdi bular. G‘irt mardikorga aylantirib olishdi, biz, o‘qituvchilarni”, dedi Zangiota tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan o‘qituvchi.

“Prezidentga ko‘rsatish uchun qo‘shni maktabdan ijaraga oldik”

Ohangaron tumanidagi 59-umumta’lim maktabining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan birining aytishicha, moddiy bazasi xarob bo‘lgan maktabni sal epaqaga keltirish uchun qo‘shni maktablardan jihozlar ijaraga olingan:

“Prezident Ohangaronga ham kelar ekan, degan gap tarqalgandan keyin bizda tomoshaning zo‘ri bo‘lyapti. O‘zar qishlog‘ida 59-maktab bor. Bu maktab qurilganiga 3 yil bo‘ldi, lekin hech narsa berilmagan, na jihoz, na kompyuter, hatto ko‘rgazmali qurollar yo‘q. Prezident keladi degandan so‘ng, tumandagi boshqa maktablardan ijaraga narsa tashiy boshladik. Kimyo xonasiga stol-stul, shkaf olib keldik, 41, 38-maktablardan vaqtinchalikka kompyuterlar olib keldik”, deydi o‘qituvchi.

Uning aytishicha, ko‘zbo‘yamachilik ilgari tor doirasida bo‘lgan bo‘lsa, endi davlat darajasiga ko‘tarildi:

“Ikki haftadan buyon viloyat, tuman hokimining qadami uzilmay qoldi. Mahallamizga shosha-pisha asfalt yotqizildi, prezident bu yerga kirib qolishi mumkin, u yerga kirib qolishi mumkin deb, yo‘l yoqasida yashaydigan odamlarga majburan issiqxona qurdirdi, stadionga garchi o‘yinga yaroqsiz bo‘lsada, chim yotqizib chiqdik. Axir nima keragi bor, bunda futbol o‘ynab to‘lmaydiku, desak, o‘ti ko‘karib tursa bo‘ldi, deb javob berishdi. Bu ishlarning hammasini o‘qituvchilar qilishyapti”, deydi ohangaronlik o‘qituvchi.

Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasining mulozimi Hayot Valiev barcha ta’lim muassasalarida “10 kunlik zarbdor kun” e’lon qilinganini tasdiqladi.

Ozodlik o‘qituvchilarning shikoyatini bayon qilgach, mulozim, telefon raqamimizni yozib oldi va javobni tayyorlab aytishini bildirdi.

Ammo, Ozodlikning qayta-qayta qilgan qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

XS
SM
MD
LG