Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 05:00

Toshkentlik chavandoz militsionerlarga otlar Rossiyadan sotib olinadi


Otliq militsiya Markaziy Osiyo davlatlari orasida bungacha Qirg‘izistonda mavjud edi.

Toshkentda yangi tashkil qilinadigan otliq militsiya uchun otlarni O‘zbekiston hukumati Rossiyadan sotib oladi. Bu haqda Toshkent Ichki ishlar Bosh boshqarmasining patrul brigadasi boshlig‘i o‘rinbosari Murodullo Aliqoriev 8 iyun kuni matbuotga ma’lum qildi.

Murodullo Aliqoriev yaqin oylar ichida otlar Moskvadan sotib olinishini bildirdi. Unga ko‘ra, Rossiya poytaxtida Yevropadagi eng ko‘p sonili otliq militsiya otryadi mavjud. Bu yerda 245 ot va 434 chavandoz militsioner xizmat qiladi. Shuning uchun otlarni aynan Moskvadan sotib olishga qaror qilingan.

Bundan tashqari Moskvadan otliq militsiya uchun chavandozlik jihozlari, yarim pritsepli pikaplarni ham sotib olinadi. Pritsepli pikaplar otliq militsiyani ippodromdan Toshkent tumanlariga eltish uchun zarur bo‘ladi.

Toshkentda otliq militsiya tashkil etilishi to‘g‘risida bir hafta oldin ma’lum qilingan edi. Bungacha bunday militsiya tajribasi Andijon va Namangan viloyatlarida sinab qo‘rilgan. Bu ikki viloyatning har birida tarkibida 22 ot bo‘lgan otliq militsiya otryadlari mavjud.

“Bu viloyatlardagi militsionerlar uchun biz mahalliy otlarni sotib olgan edik. Endi ularning o‘rniga Rossiyadan Orlov zotidagi otlar keltiriladi”, deb bildirdi Murodullo Aliqoriev.

Mutaxasislarga ko‘ra, otlarni militsiya xizmatiga o‘rgatish uchun bir yildan bir yarim yilgacha vaqt kerak bo‘ladi. Otlarni o‘q, portlash, shovqinli granatalar ovozidan hurkimaslikka, hujum qilganlarga hujum qilishga o‘rgatish zarur bo‘ladi.

“Bizda hozir professional chavandozlar mavjud. Lekin ular ham rossiyalik hamkasblari ko‘magida malaka oshirishi zarur bo‘ladi. Shu yilning oxirigacha otliq militsiya Toshkent ko‘chalarini nazorat qilishni boshlaydi”, deb aytdi Murodullo Aliqoriev.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida otliq militsiya otryadlari mavjud. Bu otryadlar asosan odamlarning ommaviy yig‘ilishlari va namoyishlarini tarqatishda samarali ekanini tajriba isbotlagan.

Toshkent militsiyasi hozircha Rossiyadan 50 ot sotib olmoqchi. Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasining bildirishicha, otliq militsiya ommaviy tadbirlar va namoyishlar xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘llaniladi.

XS
SM
MD
LG