Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:56

FTB sobiq direktori Oq Uyni o‘ziga tuhmat qilganlikda aybladi


Federal tergov byurosi (FTB) sobiq direktori Jeyms Komi.
Federal tergov byurosi (FTB) sobiq direktori Jeyms Komi.

AQSh Federal tergov byurosi (FTB) sobiq direktori Jeyms Komi, prezident Donald Tramp byuroning ko‘p muammolari bor, deb yolg‘on gapirganini, o‘zini FTB Rossiya rasmiy shaxslari bilan aloqalarni tergov qilayotgani uchun ishdan bo‘shatilganini aytdi.

Komining 8 iyun kuni Senatning Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasi oldida aytishicha, tergovda asosiy e’tibor Trampning yordamchilari bilan Rossiya rasmiy shaxslari o‘rtasidagi aloqalarga qaratilayotgani Trampning “jig‘iga tekkan” va shu sababli u Komini ishdan bo‘shatishga qaror qilgan.

“Rossiya bilan bog‘liq masalani tergov qilayotganim qaysidir ma’noda unga bosim o‘tkazgani va jig‘iga tekkani uchun ishdan bo‘shatilganimni bilaman”, dedi Komi.

Trampning shaxsiy advokati, Mark Kazovits bunday ayblovlarni inkor qildi va o‘z navbatida Komini prezident bilan o‘rtada bo‘lib o‘tgan “xos muloqot”ni “ruxsat etilmasdan turib oshkor qilish”da aybladi.

Komining Senat oldida bildirgan dadil fikrlari Oq Uyni siquvga olgan va Vashingtonning aksariyat qismi e’tiborini tortgan siyosiy janjalning shu vaqtgacha bo‘lgan eng so‘nggi va muhim bo‘lagi bo‘ldi.

Trampning xavfsizlik masalalari bo‘yicha ilk maslahatchisi ishini FTB tergov qilayotganiga xalaqit berishga urinishiga oid masalalar uning yordamchilari bilan Rossiya rasmiy shaxslarining g‘ayriodatiy aloqalari haqidagi gaplarning “changida qolib ketdi”.

Maykl Flinn fevral oyida Rossiya hukumati amaldorlari, jumladan, Rossiyaning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi bilan muloqotlari to‘g‘risida Oq Uy rasmiy shaxslariga noto‘g‘ri ma’lumot bergani uchun Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi ishdan bo‘shatilgan edi.

AQSh qonunchiligida odil sudlovga xalaqit borish jinoyat ekani belgilab qo‘yilgan, ammo Trampga ayb qo‘yilishi masalasi huquqshunos ekspertlar o‘rtasida ba’zi munozaralarga ham sabab bo‘ldi.

Trampning ayrim yordamchilari Rossiya va boshqa shubhali chet el rasmiy shaxslari bilan aloqalari tafsiloti keltirilgan bir turkum OAV xabarlari Moskva o‘tgan yilgi saylov kampaniyasiga aralashish maqsadida hakerlik va targ‘ibot kampaniyasi o‘tkazgani xususidagi AQSh razvedka hamjamiyati xulosasiga mos keladi.

Kongressning kamida ikki qo‘mitasi ikkala masalani ham FTB barobarida ko‘rib chiqmoqda. FTB tergovni o‘tgan yilning iyul oyida Tramp bilan Demokratik partiya vakili Hillari Klinton o‘rtasidagi prezidentlik uchun kurash yakunlovchi bosqichga o‘tgan paytda boshlagan edi.

Trampning o‘tmishdoshi Braka Obama FTB direktorligiga tayinlagan Komi ushbu tashkilot olib borayotgan tergovning tabiati va miqyosi xususida jamotchilikka juda oz ma’lumot bergan edi. Mart oyida u Vakillar palatasi qo‘mitasi oldida bergan guvohligida tergov olib borilayotganini ochiqlagan, ammo buni boshqacha tarzda aytgan edi.

8 iyundagi tinglovdan bir kun oldin Senat qo‘mitasi Komi bilan Tramp munosabatlarining ayrim tafsilotlari keltirilgan yozma guvohligini oshkor qildi.

Komi o‘sha guvohligida 27 yanvar kuni, ya’ni Tramp prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng oradan bir hafta o‘tib, Oq Uyda berilgan kechki xususiy ziyofat chog‘ida undan o‘ziga sodiq bo‘lishni talab qilganini bildirdi.

Tramp 9 may kuni Komining faoliyatiga Adliya vazirligi tanqidiy baho berganini pesh qilib, uni qo‘qqisdan ishdan bo‘shatib yubordi.

Komi 8 iyun kuni Senat oldida bergan og‘zaki guvohligida bunga qarshi gapirib, Tramp yolg‘on gapirganini ta’kidladi.

– Ma’muriyat, FTBda tartibsizlik hukm surmoqda, u yomon boshqarilyapti, xodimlari rahbarga bo‘lgan ishonchini yo‘qotdi, deb menga va eng muhimi, tashkilotga tuhmat qilish yo‘lini tanladi. Bu oddiy va ochiqcha yolg‘on edi, – dedi Komi.

Komi Tramp bilan Oq Uyda uchrashganidan so‘ng uchrashuvlari tafsilotlarini qayd qilib borishi kerakligi to‘g‘risida o‘ylagani, chunki “u yolg‘on gapirishi mumkinligidan xavotirga tushib qoldim”, deb aytdi.

Komi o‘sha paytda o‘ylaganlarini xotirlaydi: “Bularni batafsil yozib borishim kerak, yozib borishim kerak”.

Yana u Tramp bilan suhbatiga oid qaydlari mazmunini “Nyu-York Tayms” gazetasiga sizdirganini, bundan ko‘zlangan maqsad ushbu ishni tergov qilish uchun maxsus prokuror tayinlashga undash bo‘lganini ham ma’lum qildi.

Kazovits Komini “xos ma’ulumot”ni oshkor qilgani uchun javobgarlikka tortishni taklif qildi.

Senatorlar Komidan, Trampning Flinn ishini tergov qilishni to‘xtatish borasida taklifi odil sudlovga to‘sqinlik qilishni anglatadimi, deb so‘radi. Komi, bu savol menga emas, maxsus prokuror, FTBning yana bir sobiq direktori Robert Myullerga berilishi kerak, deb e’tiroz bildirdi.

Keyinchalik u “Rossiya bilan bog‘liq olib borilayotgan tergov usulini o‘zgartirish” maqsadida ishdan bo‘shatildim, deb hisoblanishini aytdi.

Kazovits Komini keskin tanqid qilganiga qaramasdan, ishdan bo‘shatilgan FTB direktorining guvohligi Tramp Rossiya bilan til biriktirganlik yoki FTB tergoviga xalaqit berganlik uchun tergov qilinmayotganini aytdi.

Komi ishdan bo‘shatilgandan so‘ng oradan bir kun o‘tib, 10 may kuni Tramp kutilmaganda Rossiya tashqi ishlar vaziri bilan ushbu mamlakat elchisini Oq Uyda qabul qildi. Matbuot xabarlariga ko‘ra, Tramp ruslarga Komini ishdan bo‘shatgani bilan maqtangan va uni “tentak” deb atagan va uni ishdan bo‘shatish ma’muriyatiga bo‘layotgan bosimni kamaytirishini aytgan.

Trampning Komini ishdan bo‘shatishi Kongress a’zolarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Adliya vazirligi rahbari, bosh prokuror Jeff Seshnz oldinroq Rossiya rasmiy shaxslari bilan o‘zining ham aloqasi bo‘lgani uchun ushbu mamlakat bilan bog‘liq hech bir tergovda qatnashmaslikka majbur bo‘lgan edi.

Tramp o‘zining biror xatoga yo‘l qo‘yganini qayta-qayta inkor qildi.

U Vashington shahrida tarafdorlari oldida tinglov bilan deyarli bir vaqtda so‘zlagan nutqida kurashni davom ettirishga ahd qilganini ma’lum qildi.

Oq Uy voizi Sara Sanderz 8 iyun kuni jurnalistlarga Trampni “yolg‘onchi emas” deb aytdi.

Respublikachilar partiyasining Vakillar palatasidagi eng yuqori lavozimli vakili Pol Rayan Trampning Komidan sodiqlik talab qilishi “shubhasiz” noma’qul ish bo‘lganini aytdi.

Tinglov nihoyasiga etgandan so‘ng qo‘mita raisi, respublikachi Richard Berr, “tergovning oxiri ko‘rinmaydi”, dedi.

XS
SM
MD
LG