Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:25

Rossiyaning Bryansk viloyat sudi kelib chiqishi o‘zbekistonlik Ukraina vatandoshini O‘zbekistonga berib yuborish to‘g‘risida qaror chiqardi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 38 yoshli shahrixonlik Abdumannon Jumaboev joriy yil aprelida Sankt-Peterburgda qamoqxonada yotib chiqqan, lekin uni Rossiya Bosh prokuraturasi talabi bilan shaharning Frunze tuman sudi ozod qilgan. Himoyachisining aytishicha, Jumaboev O‘zbekiston xavfsizlik xizmati tomonidan “diniy-ekstremistik tashkilotga a’zolikda” gumon qilinib, qidiruvga berilgan.

2017 yilning 9 iyun kuni Bryansk viloyat sudi kelib chiqishi andijonlik 1979 yilda tug‘ilgan Jumaboev Abdumannon Jo‘raevichni O‘zbekistonga berib yuborish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Ozodlik Bryansk viloyat sudi mulozimidan bu xabar tasdig‘ini oldi.

- Viloyat sudi uning shikoyatini qondirmadi va Rossiyadan chiqarib yuborish to‘g‘risida hukm chiqardi, dedi o‘zini tanishtirmagan sud rasmiysi.

Asli shahrixonlik, ammo hozirda Ukraina vatandoshligini olgan Abdumannon Jumaboev 2017 yilning aprel boshlarida Lvov shahridan Sankt-Peterburgga shaxsiy ish masalasida - peterburglik tadbirkorlardan biri unga bermagan ish haqini olish maqsadida kelgan. Shu yilning 15 aprelida Abdumannon Jumaboev Rossiya maxfiy xizmatlari tomonidan ijarada turgan kvartirada hibsga olingan.

Rossiya Bosh prokuraturasi olib borgan tekshiruv natijasida va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bosimi ostida Peterburg shahri Frunze tuman sudining 2017 yil 17 mayidagi qarori bilan andijonlik muhojirga qo‘yilgan da’volar bekor qilingan va u Ukrainaga chiqib ketishi mumkinligi aytilgan.

18 may kuni Moskva-Lvov poezdida Rossiyadan chiqib ketayotgan Abdumannon Jumaboev rus chegarachilari tomonidan poezddan tushib qoldirilgan va yana bir bor ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Bryansk shahar sudi qarorida o‘zbek qochqini “Rossiya hududida migratsiya qonunlarini buzgani”ni qayd etilgan va uni ... O‘zbekistonga badarg‘a qilish to‘g‘risida hukm chiqarilgan.

A.Jumaboevning Ukraina pasporti
A.Jumaboevning Ukraina pasporti

Jumaboevning jamoatchilik himoyachisi, Inson huquqlari "Yordam" tashkiloti rahbari Bahrom Hamroev u Ukraina grajdani ekani va uni O‘zbekistonga berib yuborish barcha xalqaro inson haqlari me’yorlarining buzilishiga olib kelishini Ozodlikka gapirdi.

- Hech qaysi hujjatda uning Ukraina pasportiga ega ekanligi ko‘rsatilmasdan, qalbakilashtirib, O‘zbekistonga qaytarishmoqchi. U O‘zbekistonda “diniy ekstremizm” bo‘yicha qidiruvda edi. Aprel oyida Sankt-Peterburgda qamoqxonada yotib chiqdi. Biz shug‘ullandik ishi bilan – Rossiya Bosh prokuraturasi uni ozod etdi! 18 may kuni men shaxsan o‘zim unga Moskva-Lvov poezdiga bilet olib berdim. Rossiya chegarachilari yana poezddan tushirib, Jumaboev Abdumannonni ma’muriy javobgarlikka tortdi. Bugungi sudda prokuraturaning Jumaboevni ozod qilgani haqida gapirilmadi, uning O‘zbekistonda yoki xalqaro qidiruvda yurgani hech qaysi hujjatda aks etmadi. “U O‘zbekiston grajdani, O‘zbekistonga ketishi kerak!”, degan qaror chiqarildi, deydi huquq faoli.

“Yordam” inson huquqlari himoyasi tashkiloti rahbari Bahrom Hamroevga ko‘ra, rus FSBsi Abdumannon bilan birga turgan kvartira egalarini qonunga xilof ravishda fotosuratga tushirgan va Suriyada bo‘lgan-bo‘lmagani to‘g‘risida savollar bergan.

A.Jumaboevning ozod qilinishi to‘g‘risida Peterburgning Frunze tuman sudi chiqargan qaror
A.Jumaboevning ozod qilinishi to‘g‘risida Peterburgning Frunze tuman sudi chiqargan qaror

Bahrom Hamroev Abdumannon Jumaboev ishi O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining alohida nazoratida ekani, shu sababli rus chekistlari uni berib yuborishga shoshilayotganini iddao qildi.

- Bu yigitning Ukrainada oilasi bor, Andijonda hech kimi qolmagan. Bitta akasi bor – u ham Hizb-ut Tahrirga a’zolikda ayblanib 17 yildan beri qamoqdan chiqqan emas! Hujjatlarda esa uni ekstraditsiya emas, “migratsiya qonunlarini buzgan”, “Bryansk shahriga sayohatga kelgan” deyiladi va bir og‘iz ham uni chegarachilar poezddan tushirib olishganini bildirishmagan. Rossiya ishbilarmonlari unga 500 ming rubl pul bermagan – shu pullarini olishga kelgan aslida bu yigit, dedi Bahrom Hamroev.

“Yordam” tashkiloti raisi Bryansk viloyat sudining Jumaboevni O‘zbekistonga berib yuborish hukmi ustidan Yevropa inson huquqlari sudiga murojaat qilishi va ekstraditsiyani to‘xtatishini bildirdi.

Himoyachilar andijonlik qochqin Abdumannon Jumaboev Rossiyadan hududidan noqonuniy tarzda o‘g‘irlab ketilishi mumkinligini ham inkor etmadi.

XS
SM
MD
LG