Линклар

Surxondaryoning “Surxon” jamoasi 4 o‘yinchisini diskvalifikatsiya qilish haqidagi O‘zbekiston Professional futbol ligasining tartib-intizom qo‘mitasi qarori yuzasidan apellyatsiya kiritmoqchi. Bu haqda “Surxon” jamoasi ijrochi direktori Erkin Xolboboev Ozodlik bilan eksklyuziv suhbatda ma’lum qildi.

"Surxon"ning 4 o‘yinchisini diskvalifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni Liga qo‘mitasi Termiz o‘yingog‘idagi ommaviy mushtlashuv ortidan qabul qilgan edi.

4 iyun kuni “Surxon” va “Andijon” jamoalari uchrashuvida futbolchilar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv bo‘lishi ortidan PFL har ikki jamoaning 4 nafardan futbolchisi, shuningdek, “Surxon” shifokorini diskvalifikatsiya qilgan edi.

“Surxon” jamoasi ijrochi direktori Erkin Xolboboev Ozodlik bilan suhbatda jamoa rahbariyati PFL qarori yuzasidan shikoyat kiritishini aytdi.

- Professional liga qaroriga bizda ham e’tirozlar bor. Mutaxassislar bu xolni qay darajada o‘rgangan, bu - ularning fikri. Biz ham bu borada taklifimizni, e’tirozimizni kiritamiz. Chunki, “Surxon” yangi tuzilgan jamoa. Bunaqa keskin qaror yoshlarga salbiy ta’sir qilmasligi kerak. Hech kim ataylab mushtlashgani yo‘q. Vaziyat shuni taqozo qildi. Ularni chempionatning oxirigacha chetlatib yuborsak ruhan ta’sir qiladi, 17 yoshli o‘yinchini to‘qqizta o'yindan chetlatib, jarima yuklash unga ta’sir qiladi, - deydi Erkin Xolboboev.

O‘zbekiston futbol chempionati birinchi ligasidagi “Surxon” va “Andijon” jamoalari uchrashuvining to‘qsoninchi daqiqasida futbolchilar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv ortidan hakam bir vaqtning o‘zida biryo‘la sakkiz nafar futbolchiga (ikki jamoadan 4 nafardan) qizil kartochka ko‘rsatgandi.

“Championat.asia” saytining YouTube portalidagi kanalida ushbu janjal tasvirlari videosi joylashtirilgan.

Unda mezbon jamoa futbolchilari andijonliklarning yerda yotgan futbolchisini tepgani, janjalga klub shifokorlari ham aralashganini ko‘rish mumkin.

Mazkur o‘yin 2:2 hisobi bilan yakunlandi.

“Andijon” futbol klubining litsenziyalash bo‘yicha menejeri Ulug‘bek Mirzaev Ozodlik bilan suhbatda mushtlashishni “Surxon” jamoasi o‘yinchilari boshlab bergani va andijonlik futbolchilar ham o‘zini sportchiga mos tutolmaganidan taajjubda ekanini aytdi.

- Maydonda mushtlashish kerak emas. Endi sizni urib turgandan keyin o‘zingizni asabingizni ushlab qolish, jilovlash qiyin bo‘ladi. Solishtirib qaragan bo‘lsangiz "Surxon" jamoasining shifokori butun umr futbolda ishlamaydigan qilib chetlatildi. "Surxon" jamoasining bir o‘yinchisi mavsum ohirigacha o‘ynamaydigan qilib chetlatildi. Yana bir o‘yinchisi birinchi davra oxirigacha chetlatildi. "Andijon" jamoasida katta chetlatishlar yo‘q. Ikkita-uchta o‘yindan iborat chetlatishlar bo‘ldi bizda. Mushtlashish hech qanaqa jamoaga yarashmaydi, na oliy liga, na birinchi liga. Futbolchilar doim o‘zini sportchiga mos tutishi kerak, andijonlik futbolchilar ham shunaqa qilisholmadimi, demak ertaga ushbu mojaro yuzasidan yig‘ilish o‘tkazish belgilangan. Bu narsa qayta takrorlanmasligiga yordam beradigan balki qandaydir choralar ko‘riladi, - dedi Ulug‘bek Mirzaev.

Futbol sohasida mustaqil jurnalist Bobomurod Abdulla fikricha, Termiz o‘yingohidagi futbolchilar mushtlashuvi o‘zbek futbolidagi intizom va ahloq darajasi ne qadar ekanini ko‘rsatgan.

- O‘zbek futbolida hali shu paytgacha bitta o‘yinda sakkiz futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatilgani holati bo‘lmagan edi. Termizdagi bu mushtlashuv o‘zbek futbolida tartib-intizom qolmaganini ko‘rsatdi. Agar mana shunday mushtlashuv Britaniyaning oliy ligasida bo‘lganida butun jamoani chempionatdan chetlatishgan bo‘lar edi, deb o‘ylayman. To‘rtta-beshta o‘yinchini diskvalifikatsiya etib, futboldagi ahloq muammosini hal etib bo‘lmaydi. Kattaroq jazo ko‘rilishi kerak edi, - deydi Bobomurod Abdulla.

O‘zbekiston Professional futbol ligasi agar mushtlashish holati yana takrorlansa, "Surxon" va "Andijon" klublariga nisbatan yanada qattiqqo‘l choralar qo‘llanilishi, shuningdek, har ikki klubning rahbarlari va murabbiylar shtabi egallab turgan lavozimlari muvofiqligi ko‘rib chiqilishi haqda ogohlantirgan.

XS
SM
MD
LG