Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 09:30

Mustaqil O‘zbekistondagi liberal iqtisodning o‘ziga xos ramziga aylangan Demir supermarketlari yaqin kelajakda Toshkentda qayta ish boshlashi mumkin. Demir Holding egasi Ahmat Demirning Toshkent bilan muzokaralaridan yaxshi xabardor manbalarga ko‘ra¸ shaxsan prezident Mirziyoev topshirig‘i bilan bu turk shirkatining O‘zbekiston bilan mojarosi hal etilgan. Ahmat Demirning O‘zbekistonga qaytayotganini tasdiqlagan Toshkentdagi biznes tizimlaridagi mutasaddi¸ uning eski mol-mulkini qaytarib berish deyarli imkonsiz ekanini bildirdi.​

Ahmat Demir Toshkent ofisini qayta ochish taraddudida

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lining 25-27 aprel kunlari Toshkentga qilgan safari davomida unga bir guruh turk tadbirkorlari hamrohlik qilgan.

Ular orasida¸ o‘tmishda O‘zbekistonga sarmoya yotqizib¸ so‘ngra O‘zbekiston huquq tizimlarining turli ayblovlari ortidan biznesini tashlab ketishga majbur bo‘lgan turkiyalik yirik tadbirkorlar¸ xususan¸ Demir Holding egasi Ahmat Demir ham bo‘lgan.

“Ahmat Demirni O‘zbekistonga shaxsan prezident Mirziyoev taklif qildi. Prezident hukumatga uning¸ qolaversa¸ yana boshqa turk shirkatlarining O‘zbekiston bilan mojarolarini hal qilish vazifasini qattiq topshirgani ortidan prokuratura¸ Adliya vazirligi¸ Mulk qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa idoralar Demir bilan muzokara o‘tkazdi. Uning tortib olingan mol-mulkini qaytib berib¸ zararini qoplash yuzasidan kelishuvga erishildi. Demir Holding qayta ish boshlaganidan keyin unga katta imtiyozlar berilishi va’da qilindi. Ahmat Demir qaytish qarorini oldi va hozirda Toshkentda ish boshlashga hozirlanmoqda”¸ dedi Ozodlikning turk tadbirkorlari bilan muzokaralar jarayoniga yaqin manbasi.

Bu suhbatdoshning aytishicha¸ Ahmat Demirning Toshkent markazidagi Grand Mir mehmonxonasi va boshqa mulklari qaytib beriladigan bo‘lgan.

Hozircha Toshkent hukumati va turk tadbirkorining bu kelishuviga oid rasmiy xabar yo‘q.

“Turk biznesini qaytaraman deb¸ boshqa investorni xafa qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi”

Ahmat Demirning O‘zbekistonga qaytayotganini tasdiqlagan Toshkentdagi biznes tizimlaridagi mutasaddi¸ uning eski mol-mulkini qaytarib berish deyarli imkonsiz ekanini bildirdi.

- “Demir ketganidan keyin Grand Mir mehmonxonasi¸ Demir supermarketlari birja orqali sotilgan. Uni boshqa investorlar sotib olgan. Masalan¸ Grand Mirni rossiyalik oligarx Ilhom Shokirov sotib olgan¸ Demir supermarketlari Korzinkaga aylangan. Endi turklarning ishonchini qozonish uchun bu tadbirkorlardan qonuniy sotib olgan mulk va biznesini tortib olishsa¸ bu ham talonchilik bo‘ladi. Turk investorini xursand qilaman deb¸ boshqasini kidat qilishsa¸ ikki o‘n besh bir o‘ttiz bo‘ladiku! Shuning uchun¸ tushunishimcha¸ Ahmat Demir va boshqa turk investorlariga Toshkent hokimi boshqa yer va boshqa ob’ektlarni taklif qilgan va ular bunga rozi bo‘lgan”¸ dedi Toshkentdagi muzokaralarga yaqin Ozodlikning ikkinchi manbasi.

Demir tarixi

Mustaqil O‘zbekistonda ish boshlagan ilk turk shirkatlaridan sanaluvchi Demir Holding 1992 yilda Toshkentda ofis ochgan va ko‘p o‘tmay savdodan boshlangan biznesini to‘qimachilik¸ qurilish va turizm sohasiga kengaytirgan edi.

1995 yilda Toshkent markazida Demir supermarketining ochilishi katta voqea bo‘lgan va MXX bosh qarorgohi (Sayilgoh ko‘chasi) ning yonginasidagi bu supermarket tez orada o‘z peshtaxtalarida sotilgan sut¸ meva sharbatidan to sovunga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va turk matbuotining yozishicha¸ 7 mingga yaqin odamni ish bilan ta’minlagan yirik holdingga aylangan edi.

2003 yilning 3 may kuni prezident Islom Karimov Ahmat Demir guruhi tomonidan yangidan qurilgan Grand Mir (avvalgi Rossiya) mehmonxonasining ochilishida shaxsan qatnashgan va Demir Holding ishiga “eng yuqori baho – 10 ball” berganini aytgan edi.

Demir¸ keyinchalik Mir Store bo‘lib nomlangan supermarketlar 2010 yil oxirida nazorat tizimlari tekshiruvi bahonasida yopilib¸ qayta ochilmadi.

XS
SM
MD
LG