Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:44

Andijonda “Damas” haydovchilari militsiyaga bepul xizmat qilishga majburlanmoqda


Andijonda militsiya “Damas” haydovchilarini kechasi bilan ixtiyoriy-majburiy tarzda navbatchilik qilishga, yo‘l-patrul xizmati xodimlarini shahardagi nazorat postlariga bepul tashishga majburlayotganini aytishmoqda. Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda shaharda "Osoyishtalik posbonlari" tadbiri o‘tkazilayotgani va shu tadbir doirasida “Damas” haydovchilaridan yordam so‘ralayotgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Andijonlik haydovchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va hamkasblari kun bo‘yi yo‘lovchi tashib, kechasi militsiyaga bepul xizmat qilishga majburlanayotganini aytadi.

-To‘xtatib mashina texpasportini olib qo‘yadi. Keyin to‘rtta militsiya xodimi mashinaga minadi, “ketdik” deydi. Shu bilan ertalab 5 gacha ularning xizmatida, postma-post yuramiz. Ayrim "Damas"lar tomiga sirena ham qo‘yivolishgan. Shu xolatdan norozi bo‘lyapmiz, - deydi ismi sir qolishini istagan andijonlik haydovchi.

Militsiya bilan tortishadigan haydovchilarga esa, qoidani buzgani va mashina jarima maydonchasiga olinishi mumkinligi bilan pupisa qilinmoqda.

-Tezlikni oshirgansan, ikkinchi polosaga o‘tgansan, deydi. Kamchilik topadi. Ayrim haydovchilar navbatchilik qilishdan pul berib qutilmoqda. 20 ming so‘m bilan qutulsa bo‘ladi. Chunki bu kechasi militsiyaga xizmat ko‘rsatgandan arzonga tushadi. Navbatchilikda esa, kamida 15-20litr benzin ketadi. Buning ustiga vaqt ketadi. Tuni bo‘yi navbatchilik qilgandan keyin uyga borib kun yarmigacha uxlashdan boshqa chora qolmaydi, - deydi andijonlik “Damas” haydovchisi.

Andijon Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda “Damas” haydovchilaridan yordam so‘ralayotgan bo‘lishi mumkinligini tasdiqladi.

- Hozir Andijonda "Osoyishtalik posbonlari" tadbiri o‘tkazilyapti. Shu tadbir doirasida ayrim haydovchilardan qonun doirasida yordam so‘ralayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin, hech kim haydovchilarni bunga majburlayotgani yo‘q, - dedi Andijon militsiyasi mulozimi.

O‘zbekiston Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonunning 20 – moddasida militsiya xodimlari tashkilot va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish tartibi hamda mulk egasi ko‘rishi mumkin zarari va sarf-harajatlarini qoplash tartibi belgilab qo‘yilgan.

“Tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanganlik natijasida xarajatlar qilingan yoki zarar yetkazilgan taqdirda, shuningdek transport vositasining egasiga mulkiy zarar etkazilgan taqdirda ushbu xarajatlarning yoki zararlarning o‘rnini ichki ishlar organlari tomonidan qoplash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”, - deyilgan qonunda.

Lekin, haydovchilar militsiya ularga hatto yonilg‘i pulini bermayotganini aytishdi.

- Hech bo‘lmasa gazimizni quyib bering, desak “vatan uchun xizmat qilyabsan” deydi. Mana shu holat bizni g‘azablantiryapti, - deydi andijonlik haydovchi.

O‘zbekistonda “Damas” haydovchilari militsiya xizmatiga jalb etilishi birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

O‘tgan yilgi paxta mavsumida O‘zbekistonning bir qancha viloyatlarida, jumladan Andijonda ham militsiya "Damas" mashinalarini to‘xtatib, ularni hasharchilarni tashishga majburlagani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG