Линклар

O‘zbekiston Prezidenti ilk bor imomlarni Toshkentga iftorga chaqirdi


Prezident Mirziyoev muftiy Usmonxon Alimov bilan

O‘zbekiston Musulmonlar idorasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoev 15 iyun kuni respublikaning turli viloyatlaridan kelgan imom va boshqa diniy xizmatchilar bilan uchrashadi va shu kuni ular bilan birga iftor qiladi. Toshkentdagi manbalar iftorlik "Navro‘z" restoranida bo‘lib o‘tishini aytmoqda.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur bu uchrashuv va iftorlikka hozirlik ko‘rilayotganini aytarkan, unga respublikaning turli viloyatlaridan boradigan imomlar da’vat qilinganini tasdiqladi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda shayx hazratlari: "Ertaga (15 iyun kuni) Toshkentda anjuman bo‘ladi, prezidentimiz imomlarni qabul qilayapti. Imomlar bilan suhbatlashadilar, shunga hozirlik ko‘rayapmiz hozir", dedi.

Toshkentdagi boshqa ishonchli manbalar Ozodlikka prezident bilan o‘tadigan iftorlikda 1 ming 200 nafardan ortiq imom, Diniy idora va Diniy qo‘mita a’zolari, O‘zbekistondagi diniy ta’lim maskanlari xodimlari qatnashishi kutilayotganini xabar qildi.

Andijon viloyatidagi imomlardan biri ham ushbu tadbirga taklif qilinmagani, ammo qatnashmaydigan imomlarga turli viloyatlardan turib, anjumanni videoselektor orqali kuzatish tayinlanganini aytdi.

"Ertaga ertalab soat 7 ga hokimiyatga chaqirishdi, hamma tuman va viloyat imomlarini. Toshkentda diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘ladi va shuni videoselektor bilan viloyatlarga ulasharkan. Mingga yaqin imom Toshkentga to‘plangan hozir. Peshingacha yig‘in bo‘ladi. Kechqurun iftorlik bo‘ladi, deb aytishgan bizga", dedi andijonlik imom.

Darvoqe, bu imom Toshkentga bormagani sababiga oid Ozodlik savoliga javoban: "Issiq, toqatim ko‘tarmaydi, yoshim bir joyga borgan endi. Ertaga u yerga kirish va chiqishni o‘rgatishar ekan avval, repetitsiya bo‘larkan, deyishganiga bormadim, ochig‘i", dedi.

Prezidentning mamlakat imomlarini Ramazon oyida poytaxtga yig‘ib, iftorlikka da’vat qilishi O‘zbekiston tarixida ilk bor kuzatilayotgan hodisadir.

Shu bois, ijtiomiy tarmoqlarda bu voqeani hayajon bilan kutayotgan, unga ijobiy va salbiy munosabat bildirayotganlar ko‘p bo‘lmoqda.

Jumladan, Facebook foydalanuvchilaridan biri: "Ertaga peshingacha katta yig‘ilish, shomda “Navro‘z”da iftorlik bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyov, rasmiylar hamda mingdan ortiq (1200 nafar deyildi) imom ishtirokida marosim o‘tkaziladi. Biz fikr-mulohazalarni, takliflarni aytdik. Buyog‘i tadbirda qatnashuvchilarda qoldi", deb yozdi.

Yana bir foydalanuvchi ham ilk bor mamlakat prezidenti bilan iftorlikka kiradigan imomlar Toshkentdagi diniy ta’lim maskanlaridan birida mashq qildirilayotgani haqida yozdi:

"Ayni vaqtda tanlab olingan 28 imom TIU da repetitsiya qilyapti ekan. Nima imomlar shunchalik omi, uquvsiz odamlarmi?! Yo‘q, albatta. Ba’zi mansabdorlar tomonidan istalmagan ish - u imomlardan birining musulmonlar diniy ta’lim olishlarini osonlashtirish haqida fikrlarini gapirib qo‘yishidan qo‘rqishadi! Shu yerda ham ishni haqiqiy egalari bajarmiyapti. Millatga va Prezidentga xiyonat qilishyapti. Bu iftorlikka Prezident shaxsan yashirin topshiriqlari bilan tashabbus ko‘rsatib kelayotgan imomlarimizdan bir nechtasi chaqirtirilsa edi yaxshi natijalarga umid qilsak bo‘lardi".

Toshkentdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, imomlar, din xizmatchilari va prezident ishtirokidagi uchrashuv 15 iyun kuni Toshkent vaqti bilan ertalabki soat 10 dan 12 ga qadar bo‘lib o‘tadi.

Kun davomida yana qator tadbirlar rejalashtirilgani va oqshom soat 8 da "Navro‘z" restoranida iftorlik bo‘lishi kutilmoqda.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG