Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:04

BMT tinchlik saqlash xarajatlarini 570 million dollarga kamaytirdi


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 30 iyunь kuni tinchlikni saqlash uchun xarajatlarini 600 million dollarga qisqartirishga rozilik berdi. Bunga Qo‘shma Shtatlarning dasturni qisqartirish xususida taklif bergani sabab bo‘ldi.

Bir necha kun davom etgan muzokaralardan so‘ng Assambleyaning qudratli byudjet qo‘mitasi 1 iyuldan boshlanadigan yilga mo‘ljallangan 14 ta tinchlikni saqlash amaliyotiga 7,3 milliard dollarilk mablag‘ ajratilishiga rozi bo‘ldi. Bu joriy yildagi 7,87 milliard dollarlik byudjetdan 570 million dollar kamdir.

AQSh elchisi Nikki Haley o‘z mamlakati ushbu masalada g‘alaba qozonganini ma’lum qildi.

– Bu yerga kelganimizga besh oy bo‘lishiga qaramay, BMTning tinchlikni saqlash mablag‘larini yarim milliard dollarga qisqartirishga erishdik, ishimiz endi boshlanyapti, – dedi u.

Vashington tinchlikni saqlash uchun sarflanadigan mablag‘larning 28,5 foizini, BMT 5,4 milliard dollarlik asosiy byudjetining 22 foizini qoplaydi. Ayni paytda BMTning butun dunyodagi tinchlik saqlash missiyalarida 95 ming nafar harbiy xizmatchi ishtirok etmoqda.

Qo‘shma Shtatlar har safar mandatini yangilash oldidan xarajatlarni qisqartirish uchun har bir tinchlikni saflash missiyasini birma-bir ko‘zdan kechiradi.

BMT ham xuddi shu tariqa xarajatlarni tahlildan o‘tkazadi. Uning natijasi o‘laroq, 30 iyun kuni Kot d’Ivuardagi tinchlikni saqlash missiyasi to‘xtatildi, Nigeriyadagi missiya kelasi yili nihoyasiga etadi, Gaitidagi missiya esa oktabrda tamom bo‘ladi.

BMT yana Darfurdagi tinchlikni saqlovchi harbiy xizmatchilarini 44 foiz, o‘sha yerdagi xalqaro politsiya tarkibini, taxminan, 27 foiz qisqartirmoqda.

Tinchlikni saqlash xarajatlari bo‘yicha muzokaralar endi boshlanganda, BMT ularni oshirib, 8 milliard dollarga etkazmoqchi edi, ammo Qo‘shma Shtatlar 7 milliard dollardan ham kamaytirishni taklif qildi.

Italiyaning BMTdagi doimiy vakili Sebastiano Kardining ma’lum qilishicha, 7,3 milliard dollarlik byudjet Yevropa Ittifoqi istagan miqdorga yaqin bo‘ldi.

– Ushbu qarordan qoniqish hosil qildik, – dedi u. Uning fikricha, byudjet qisqartirilishi BMT missiyalarini amalga oshirishni xavf ostiga qo‘ymaydi, aksincha, “tinchlikni saqlash ishi”ni yaxshilaydi.

BMT voizi Stefan Dyujarrik, “byudjetning jami miqdori o‘tgan yilgidan kamroq bo‘ldi, ammo biz vazifalar bajarilishi uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishni qilamiz”, – deb aytdi.

BMT bosh kotibi Antonio Guterresh Vashington shahrida uch hafta davomida parlament a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning maqsadi BMTga AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressdan so‘raganidan ko‘proq mablag‘ ajratishga ko‘ndirish edi.

– Tinchlik va barqarorlikka erishish uchun tinchlikni saqlash ishiga kam ahamiyat berishimiz mumkin emas, – dedi Dyujarrik. – U xalqaro mojarolarning oldini olish va mustahkam tinchlikka erishish yo‘lida hamjamiyat qo‘lidagi xarajatlardan eng samarali foydalanish vositasi bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG