Линклар

2004 yilda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan 31 yashar Nodira Rajabova Ozodlik bilan suhbatda shu kunlarda Moskvada keksa nogiron kampirga boquvchilik qilib¸ O‘zbekistonda qolgan 5 kishilik oilani yolg‘iz boqayotgani, ammo mahalla qo‘mitasi o‘zini uyiga qaytarish uchun bosim o‘tkazaëtganini aytadi.

OzodMikrofonga gapirgan Nodira Rajabovaga ko‘ra, O‘zbekistonga qaytsa, 72 yashar xasta kampirni yolg‘iz qoldirish mumkin emasligi bois¸ Moskvadagi ishidan ayrilishi mumkin.

Bu ishdan ajralish esa¸ Nodira ta’kidicha¸ Navoiyning Karmana tumanida yashayotgan nogiron otasi, uy bekasi bo‘lgan onasi, ish topolmay yurgan ukasi va 6 yashar boqib olgan bolasi uchun tirikchilikning asosiy manbasi yo‘qolganini antlatadi.

Nogiron otaga pensiya

31 yashar Nodiraning aytishicha, otasi avtohalokatga uchrab, 1-guruh nogironiga aylangach, oilaning ta’minoti to‘lig‘icha to‘ng‘ich farzand bo‘lgani bois¸ o‘z zimmasiga tushgan.

Nodira Ozodlikka o‘z taqdiridan shikoyat qilish emas¸ balki nogiron otasiga pensiya puli berilmayotganini aytish uchun bog‘langanini ta’kidlaydi:

- O‘sha avariyadan keyin otam ishxonasida yiqilib tushib, avariyada jarohat olgan oyog‘idan yana lat yegan. Shundan beri har 6 oyda bir operatsiya qilib, suyak ichiga yig‘iladigan yiringni oldirib turishi kerak. Shu ahvoldagi odamning pensiyasini faqat ikki yil berib, to‘xtatib qo‘yishdi. Yugur-yugur qilib, yana to‘g‘irladi. Ozgina berib, yana to‘xtatishdi. Hozir prezident boshqa bo‘ldi¸ borib ko‘ring, balki berar, dedim. Berishmadi haliyam. Prezident portaliga yozdik – javob yo‘q, - deydi Nodira.

Ishsiz ukaga ish

Nodiraning aytishicha, Moskvada boquvchilik qilib yurgan paytida zinadan yiqilib, o‘zining ham oyog‘i singan.

O‘shanda ishidan ayrilmaslik uchun o‘rniga O‘zbekistonda ishlik bo‘lgan ukasini chaqirgan:

- Bu yerga ikki oyga, deb kelgan edi. Lekin uch oy qolib ketdi. Qaytib borsa, Navoiydagi zavodning otdel-kadr bo‘limi: “Rossiyada ishlabsan, senga ish yo‘q”, deb ish berishmayapti. Endi uyam ishsiz. Men telefon qildim, har 6 oyda unga aytaman, borib ko‘r-chi, o‘zgarish bordir, deb. Yo‘q, haliyam ish yo‘q. Bo‘lmasa, mutaxassisligi bor, hunari bor, avval ishlagan bola. Nega ish berishmaydi - tushunmayman, - deydi Nodira.

Vasiylikka olingan bola

Nodira 6 yashar bolani boqib olgani, uning ta’minoti ham o‘z zimmasida ekanini aytadi:

- Men sport bilan shug‘ullanib yurgan paytimda og‘ir jarohat olganman va bachadonimni oldirib tashlashgan majbur bo‘lganman. Keyin bir o‘g‘il asrab olganman, hozir 6 yoshga kirdi. Uni ham o‘zim boqaman. Ota-onam, ishsiz ukam, shu bolam – shularga oyida 400-300 dollar pul jo‘natib, uchma-uch boqayapman. Endi mahalla raisi meni O‘zbekistonga qayt, deyapti. Men borsam, ishimdan ayrilaman,- deydi Nodira.

Mahalladan surishtiruv

Nodira Rajabovaga ko‘ra, Karmana tumanidagi mahallasida u 2011 yilda Rossiyaga ishlagani ketgan va 5 yildan O‘zbekistonga qaytmagan fuqaro sifatida ro‘yxatga olingan:

- Hozir endi mahalla qo‘mitasi men qaytsin, deyapti ekan. Borib, butun ahvolimni tushuntirib, tushuntirish xati yozib, suhbatdan o‘tib, yana Moskvaga qaytishim mumkin ekan. Lekin, birinchidan borish-kelish biletimga pul muammo. Ikkinchidan, bu ishimni tashlab ketolmayman. Ishsiiz qolsam, ular menga ish topib bera oladimi? Ukamga ish bergani yo‘qku hali?! – deydi Nodira.

Erta so‘ngan chempion

Aytishicha, Nodira Rajabova 2014 yilda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.

Sportda uning yulduzi porlab kelayotgan bir paytda oilasining yagona boquvchisi bo‘lgan otasi avtohalokatga uchragan:

- O‘shandan boshlab, men hamma tomonidan ortga ketganman. Sportga ham, o‘qishga ham yetisholmay qolganman. Bo‘lmasa, Toshkentdagi Iqtisodiyot institutida o‘qiyotgan edim. Meni qayta-qayta sportga chaqirishgan. Lekin o‘shanda oilani boqishga majbur bo‘lib qolgan edim. Hozirgacha ham shu ahvoldan chiqolmadim. Lekin, o‘zimga ishonaman, ruhan sinmadim hali. Agar menga xalaqit berishmasa, men pul topib, bu ahvoldan chiqib ketaman. Lekin, yarim yildan beri mahalla ruhan ezib tashladi – qaytsin, kelsin, deb, - deydi Nodira.

Prezidentga murojaat:

- Prezidentimiz yangi bo‘ldilar, yoshlarga shuncha sharoit qilayaptilar. Hursand bo‘laman. Agar, bizga o‘xshaganlarga, masalan, menga ham yurtimizda ish bo‘lsa, men hozir ketardim. Otamga pensiya berishsa, ukamni o‘z ishiga qaytib olishsa, menga ham soham bo‘yicha ish bo‘lsa – jon deb ketardim. Bolamni o‘zim tarbiya qilardim, shu yurtga xizmat qiladigan farzand qilardim! – deya orzu qildi Nodira Rajabova.

Quyida Nodira Rajabova bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

* * * * * * * * * * * * * * * * * * * * *

Muhim eslatma: OzodMikrofon rukniga bo‘lgan murojaatlar mazmuni uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas. Bu rukn mushtariylarga o‘z fikrini erkin ifoda qilishi uchun berilgan minbardir!

XS
SM
MD
LG