“Islom davlati” ekstremistik guruhiga qarshi kurashayotgan AQSh yetakchiligidagi koalitsiya generali ishidchilar Raqqada mag‘lub etilganidan keyin ham ularga qarshi kurash o‘z yakuniga yetmasligini ta’kidladi.
23 iyul kuni britaniyalik general-mayor Rupert Jons Raqqadan 50 km masofada joylashgan Ayn Issa shahrida jurnalistlar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida koalitsiya jangarilarni Raqqadan siqib chiqarganidan keyin, Suriyada “yana ko‘p ish qilish kerak bo‘lishini” aytdi.
General Iroqda jangarilar Mosuldan siqib chiqarilganidan keyin ham qarshilik ko‘rsatayotganini aytar ekan, Raqqa ozod etilganidan keyin ham jangari guruh butunlay mag‘lub bo‘lmasligini ta’kidladi.
“Mosuldagi kabi Raqqaning ozod etilishi jangning yakuni bo‘lmaydi. Aslida bu jarayonning boshi bo‘ladi”, dedi Jons.
“Xalqaro koalitsiya sifatida Suriyada yana ko‘plab ish qilinishi kerakligini bilamiz”, deya so‘zini davom ettirdi u.
General “Suriya demokratik kuchlari” nomi bilan ma’lum bo‘lgan arab-kurd birlashmasini olqishlar ekan, AQSh dastaklayotgan mazkur guruh “Islom davlati”ga qarshi ishonchli hamkor ekanligini ta’kidladi.
“Islom davlati” jangarilari 2014 yilda Suriya va Iroqda yirik hududlarni egallab olgan edi.
Hozirgacha AQSh dastaklayotgan kuchlar jangarilar zabt etgan hududlarning yirik qismini ozod etdi. Ayni paytda Raqqa shahrida jangarilarga qarshi kurash davom etmoqda. Guruh Raqqani o‘zining Suriyadagi poytaxti, deb e’lon qilgan edi.