Линклар

13 декабр 2017, Тошкент вақти: 16:18

Bosh vrach kana chaqishidan ikki kishi nobud bo‘lganini tasdiqladi. Sirdaryodagi bog‘cha binosini chaqirtikanak bosdi. Jahon yovvoiy tabiat jamg‘armasi Turon yo‘lbarsi populyatsiyasini tiklash loyihasini amalga oshirayapti.

_____________________________________________________________

Qarshida kana chaqishidan 47 yoshli ayol va 16 yoshli o‘smir nobud bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashagan 47 yoshli ayol N.J. va 16 yoshli o‘smir D.O‘. kana chaqqani bois nobud bo‘ldi (“Darakchi”, 3 avgust). Qashqadaryo viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi Sherboy Sherovga ko‘ra, bu yil qish va bahor fasli seryog‘in kelgani va namgarchilik yuqori bo‘lgani sababli yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan kanalar har yilgidan ko‘paygan. Bu esa chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholi orasida kana chaqishi hollariga olib kelgan. Ikki nafar insonning vafotiga kana chaqqanidan keyin kasalxonaga kech murojaat qilgani sabab bo‘lgan. Umuman, viloyat bo‘yicha 98 kishida kana chaqishi qayd etilgan. Sherboy Sherovga ko‘ra, 2016 yilda viloyatda kana chaqishi oqibatida yuzaga kelgan gemorragik isitmadan 3 kishi vafot etgan.

Ozodlikdan: Mavzuni Ozodlik o‘z vaqtida yoritgan edi.

Sirdaryodagi bog‘cha binosi vayronaga aylandi, aholiga esa bog‘cha zarur

Cirdaryo viloyati Oqoltin tumani Farg‘ona shaharchasidagi “Shodlik” maktabgacha ta’lim muassasasi 10 yilcha avval yopilgan (“Oila va jamiyat”, 2 avgust). O‘tgan muddat ichida bog‘cha binosini chaqirtikanak bosgan, bir paytlar mustahkam bo‘lgan ikki qavatli imorat bugun to‘kilgudek ahvolda. Qayd etilishicha, 12 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan hudud uchun maktabgacha ta’lim muassasasi suv bilan havodek zarur. “To‘g‘ri, bolajonlarimizga bog‘cha kerak. Judayam kerak. Lekin qani o‘sha bog‘cha?!” deb yozadi gazeta.

Noyob Turon yo‘lbarsi Amudaryo to‘qaylariga qachon qaytadi?

Jahon yovvoiy tabiat jamg‘armasi Turon yo‘lbarsi populyatsiyasini tiklash uchun 15 yillik loyiha amalga oshirmoqda (“Hurriyat”, 2 avgust). Buning uchun Qozog‘iston hududi tanlangan bo‘lib, mutaxassislar ushbu noyob turni qayta tiklash va uning yashab ketishi uchun zarur sharoit yaratishga intilmoqda. Mutaxassislar e’tiroficha, yo‘lbars yashab-ko‘payishi uchun talab etiladigan ekotizimni yaratish mushkul vazifadir. Tabiiy sharoit yo‘lbarslarning yashash uchun qulay bo‘lishi, ya’ni ov uchun kiyik, to‘ng‘iz, sayg‘oq kabi hayvonlar, bir qator qushlar va yo‘lbarslar oziqlanadigan zaytun singari o‘simliklar bo‘lishi talab etiladi. Turon yo‘lbarsi (ba’zi manbalarda Kaspiy yoki Fors yo‘lbarsi) bir zamonlar O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, shuningdek, Kavkaz sarhadlarida tarqalgan. O‘tgan asrning 60-yillarida Amudaryo to‘qaylarida O‘rta Osiyoda yashagan eng yirik yirtqich – oxirgi Turon yo‘lbarsi otib o‘ldirilgan.

XS
SM
MD
LG