Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:54

Samarqand hokimi odamlarni paxta terimga majburiy chiqarishni buyurdi


Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev 1 avgust kuni kechasi soat 10 da viloyatdagi korxona, tashkilotlar, byudjet idoralari rahbarlarini chaqirib, shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan. Ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan rahbarlardan birining aytishicha, hokim sentyabrь oyida boshlanadigan paxta terimi kampaniyasi uchun 50 kishilik otryadlar tuzishni, barcha tashkilotlar rahbarlariga terimga odam chiqarishni buyurgan. Paxta terimida ishtirok etmagan tashkilot, korxona, restoranu oshxonalar gaz va elektr energiyasidan uzilishi haqida ogohlantirilgan.

Samarqand shahridagi korxonalardan birining ismi sir qolishini so‘ragan rahbari 1 avgust kuni kechqurun shoshilinch ravishda majlisga chaqirilganini Ozodlikka aytdi:

“Kechqurun soat to‘qqizlarda hokimiyatdan telefon qilib, zudlik bilan hokimiyatga yetib kelishimni tayinlashdi. Soat 10 da majlis boshlandi, viloyat hokimi majlis paxta yig‘im-terimi masalasiga bag‘ishlanganini aytdi. Viloyat hokimi paxtani terishda avvalo tuman aholisini jalb qilish, ikkinchidan, tashkilotlar kamida 50 kishilik otryadlar tuzishi shartligini aytdi. Uchinchisi esa rezerv, bular o‘qituvchilar va oliygohlar talabalari bo‘ladi, deb aytdi”, dedi tashkilot rahbari.

Uning aytishicha, hokim paxta terimi hashari bir oy davom etishini, keyin dalada qolgan paxtani fermer o‘z kuchi bilan yig‘ib olishi haqida gapirgan.

Viloyat hokimi, shuningdek, to‘yxona, restoran va boshqa katta ovqatlanish muassasalari, tadbirkorlar va taksoparklarga belgilangan miqdordagi odamni dalaga olib chiqishga ham topshiriq bergan.

Bu topshiriqni ushbu majlisda ishtirok etgan, Samarqand shahridagi ovqatlanish muassasalaridan birining rahbari ham Ozodlikka tasdiqladi:

“Hokim agar har biring terimga 40-50 tadan kam odam olib chiqmasang, gaz va svetingni uzaman, SESga aytaman yopib tashlaydi. Ishingdan muammo topish biz uchun problema emas, deb aytdi”, deydi majlis ishtirokchilaridan biri.

Bu rahbarning aytishicha, hokim to‘yxonalar egalarini ham chetlab o‘tmagan:

“Hokim yana to‘yxonalarga "shu davlatda ishlayapsanmi, har bir to‘ydan 10 milliongacha foyda qilayapsanmi? Gazingni, svetingni olib turibsanmi, demak davlatga ham foydang tegsinda, odam topib paxtaga chiqar", dedi”, deydi suhbatdosh.

Ismini aytmay, o‘zini "Samarqand viloyati hokimining yordamchisi", deb tanishtirgan mulozim Ozodlik bilan suhbatda, hokimning qanday majlislar o‘tkazishidan xabari yo‘qligini aytdi.

Viloyat hokimligi qishloq xo‘jaligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, viloyat hokimi paxta masalasida majlis o‘tkazganini Ozodlikka tasdiqladi:

“Hokimimiz paxtani qisqa muddatda terib olish tadbirlari haqida topshiriqlar berdi. Endi, ko‘pchilikka kelgan to‘y, hammamiz hashar qilib, o‘z ixtiyorimiz bilan dehqonga yordam bersak, nimasi yomon?! Bu yerda majburiylik yo‘q, hammasi ixtiyoriy”, - dedi mulozim.

Karimov o‘lganidan so‘ng, joriy yilning fevralida Toshkent viloyatining Bekobod tumani rahbarligiga olib kelingan Turobjon Jo‘raev, 13 iyun kuni Samarqand viloyati hokimi etib tayinlangan edi.

Avval Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlagan Turobjon Jo‘raev prezident Karimovning qattiq tanqididan so‘ng 2013 yilda ishdan bo‘shatilgan edi.

Turobjon Jo‘raev janubiy viloyatlarda hokim bo‘lib ishlaganida, uning mahalliy rahbarlar va hokimlarni urib, so‘kkani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

Surxondaryo viloyatining Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov 2011 yilning sentabrida viloyat hokimi Turob Jo‘raev tazyig‘idan so‘ng o‘zini osib qo‘ygan edi.

2011 yilning 25 oktabr kuni Jarqo‘rg‘on tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Turob Jo‘raev sakkizta kollej direktorini kaltaklagani xabar qilingan edi.

Turob Jo‘raev Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlaganda ham ayni shu uslubdagi "qattiqqo‘llik" faoliyatini davom ettirgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG