Линклар

Yevropa sudi Rossiyani Ali Feruzni O‘zbekistonga berib yuborish mumkinmasligidan ogohlantirdi


"Novaya gazeta" muxbiri Ali Feruz (Xudoyberdi Nurmatov)

“Novaya gazeta” muxbiri Ali Feruzning ishi Strasburgdagi sudda ko‘rilishi davomida uni O‘zbekistonga chiqarib yuborish mumkin emas.

Shu mazmundagi talabnomani Inson huquqlari bo‘yicha Evropa sudining Rossiya ma’murlari nomiga jo‘natgani to‘g‘risida “Memorial” inson huquqlari markazi yuridik direktori Kirill Koroteev Feysbukdagi sahifasida e’lon qildi.

Moskvadagi prezident ma’muriyati binosi oldida 3 avgust kuni faollar “Novaya gazeta” muxbiri Ali Feruzni O‘zbekistonga deportatsiya qilmaslik talabi bilan piket o‘tkazdilar. Bunday piketlar Peterburg, Vilnyus va Berlinda ham o‘tkazilgani xabar qilindi.

“Chegara bilmas muxbirlar”, Amnesty International va Human Rights Watch xalqaro tashkilotlari ham Rossiya hukumatidan Ali Feruzni deportatsiya qilmaslikni talab etayotir.

Human Rights Watch tashkilotining Rossiyadagi dasturlari rahbari Tanya Lokshina:

-Ali Feruz 2008 yilda mahalliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ikki kun ushlanib, kaltaklangani va qiynoqlarga solinganidan so‘ng O‘zbekistondan qochib chiqqan. U O‘zbekistonga qaytarilsa yana dahshatli qiynoqlarga solinishi mumkin. Rossiya uni O‘zbekistonga qaytarmasligi kerak, -deb bayonot berdi.

"Novaya gazeta" muharriri Dmitriy Muratov esa Ali Feruzni Yevropa davlatlaridan biriga olib chiqib ketilishi yuzasidan muzokaralar olib borilayotganini aytdi.

Seshanba kuni Moskvaning Basmanniy tuman sudi “Novaya gazeta”ning Ali Feruz taxallusga ega va kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan jurnalisti Xudoyberdi Nurmatovni Rossiyadan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

2 avgust kuni Ali Feruz sud qarori ortidan o‘z joniga qasd qilgani, ammo jurnalistni suitsidni oxiriga yetkazishdan sud ijrochilari to‘xtatib qolgani xabar qilingan edi.

O‘zbekiston vatandoshi ekani aytilayotgan Xudoyberdi Nurmatov mart oyida migratsiya qonunchiligini buzganlikda ayblanib Moskvada qo‘lga olingan edi. U tez orada hibsdan ozod qilingan. Jurnalist O‘zbekistonga qaytadigan bo‘lsa u yerda uni terrorchi tashkilotga a’zolikda ayblashlari mumkinligini iddao qilmoqda.

Rossiya hukumati Ali Feruzga vaqtinchalik boshpana berishdan bosh tortgan.

XS
SM
MD
LG