Линклар

Madaniyat, san’at va adabiyot vakillari ishtirokida 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoev taniqli san’atkorlarni musiqaga oid o‘quv dargohlari va kollejlarga direktor qilib tayinlash taklifi bilan chiqdi.

Ijodkorlar bilan uchrashuv chog‘ida prezident xalq artistlari Yulduz Usmonova, Zulayho Boyxonova, Gulsanam Mamazoitovalarga kollej direktorligini¸ yangi tuziladigan maqom maktabiga esa, g‘ijjakchi Abduhoshim Ismoilovni rahbar qilish taklifini ilgari surdi:

«Mana, davramizda G‘ulomjon Yoqubov, Farrux Zokirov, Ortiq Otajonov, Yulduz Usmonova, Mahmud Namozov, Zulayho Boyxonova, Ozodbek Nazarbekov, G‘afur va G‘ulom Eshjonovlar, Gulsanam Mamazoitova kabi Xalq artistlari o‘tiribdi. Sizlarning har biringiz bittadan san’at kolleji yoki musiqa maktabiga borib rahbarlik qilsangiz, men o‘ylaymanki, bundan san’atimiz faqat yutgan bo‘lar edi. Ayni vaqtda yuzlab shogirdlar yetishtirib, o‘zingizga haykal qo‘ygan bo‘lardingiz.» dedi prezident.

Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonda maqom yo‘nalishidagi o‘quv dargohi tashkil qilib, unga O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilovni rahbar qilib tayinlansa, maqsadga muvofiq bo‘lishini uqtirdi:

«Men maqom yo‘nalishida yangi kollej yoki musiqa maktabi ochishni, unga Abduhoshim Ismoilovni rahbar qilib tayinlashni taklif qilaman” dedi ijodkorlar bilan uchrashuvda prezident.

Xalq artistlarini rahbarlik lavozimiga tayinlash taklifini Mirziyoev yaqinda 100 yilligi mamlakat bo‘ylab nishonlangan taniqli hofiz Komiljon Otaniyozov ijod yo‘li misolida ochiqlab berdi:

“Mana, Komiljon Otaniyozov Markaziy Osiyoda maktab tashkil qildi. Qani, ayting-chi, bugun qaysi xalq artistimiz o‘zining shunday munosib shogirdlari borligi, shogirdparvarligi bilan maqtana oladi?" deya savol qo‘ydi prezident Shavkat Mirziyoev.

Ijodkorlar bilan uchrashuv paytida Mirziyoev O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovni endi tashkil qilinadigan yosh diktorlar maktabiga rahbar qilib qo‘yish zarurligini bildirdi.

Ayni majlisda qatnashib¸ musiqa sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan O‘zbekiston xalq artisti¸ sobiq madaniyat vaziri Farruh Zokirov Ozodlik bilan suhbatda musiqa maktablari va kolllejlarni san’atkor emas, balki malakali menejerlar boshqargani ma’qul, deya bildirdi:

- Men Madaniyat vaziri¸ parlament deputati bo‘lib ishlab ijodkorning rahbar bo‘lishi nimaligini boshimdan o‘tkazdim. Qiyin¸ judayam qiyin bu ikkalasini birga olib borish.. Ijodkor bu ilhom odami. Shu bois u birinchi navbatda ijodi bilan shug‘ullangani ma’qul. Menejer yoki ma’mur bo‘lish uchun boshqacha iste’dod kerak. Ijodkorlik va rahbarlikni birlashtirish juda qiyin. Shu bois, ijodkor rahbar bo‘lishi qiyin, deb o‘ylayman¸ muxlislarni maftun qilgan qo‘shiqchi hali yaxshi menejer degani emas,- dedi xalq artisti Farruh Zokirov.

Ozodlik suhbatlashgan xalq artisti Mahmud Nomozov O‘zbekiston prezidentining san’atkorlarni rahbar qilib qo‘yish taklifini maqulladi.

G‘ijjakchi Abduhoshim Ismoilov va qo‘shiqchi Zulayho Boyxonovalarning prezident taklifini qabul qilgan yoki qilmagani haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston prezidentining san’atkorlarni rahbar qilib ko‘tarish g‘oyasi yangi emas. Bundan bir oy oldin prezident O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovni “Yoshlar” teleradiokanaliga direktor etib tayinlagan edi.

26 kun rahbarlik qilgan Nazarbekov «ijod bilan shug‘ullanishga halaqit bergani» bois ishdan iste’fo bergan edi

XS
SM
MD
LG