Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 19:09

Xorazm militsiyasi tunda “bemaqsad” yurgan 4000 ga yaqin odamni bir kecha qamab qo‘ydi


Xorazm viloyatida bemaqsad yurgan 4000 odam ushlandi

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Xorazm viloyati prokuraturasi, "Yoshlar ittifoqi" Xorazm viloyati kengashi, Sud idoralari xodimlari, mahalliy hokimlik vakillari, mahalla posbonlari ishtirokida 26-27 avgust kunlari o‘tkazilgan «Tun» tadbiri davomida kechki soat 9 dan keyin «bemaqsad» yurgan 3706 nafar shaxs huquqbuzar sifatida ushlandi.

«Bemaqsad yurganlar» degan kalima Xorazm viloyat IIB tomonidan yoyinlangan matbuot xabarnomasida keltirilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati vakilining Ozodlikka aytishicha¸ ularning aksariyati bir sutka qamalgani ortidan huquqbuzar sifatida jarimaga tortilgan¸ ba’zilar bilan esa profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

"Sayoq" yurganni "tayoqlashga" qonuniy asos yo‘q

Ayni paytda IIV matbuot xizmati vakili kechqurun «bemaqsad» yurgan deb tasniflangan odamlarning aynan qaysi huquqiy asosda javobgarlikka tortilganini aytib bera olmadi.

Ismi aytilishini istamagan urganchlik advokat Ozodlik bilan suhbatda «bir kechada 4000 ga yaqin odamni faqat ko‘chada yurgani uchun ushlab ketishga hech qanday huquqiy asos yo‘q»ligini ta’kidladi.

- "Bemaqsad yurish" O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra¸ jinoyat yoki huquqbuzarlik hisoblanmaydi. Agar urush boshlanib¸ favqulloda holat e’lon qilinib¸ komendant soati joriy qilinmagan bo‘lsa¸ har bir shaxs sutkaning xohlagan paytida maqsadli yoki maqsadsiz sayr qilishi mumkin. Xorazm militsiyasi va prokuraturasi bu harakati bilan o‘zlarining huquqiy savodsizligini ko‘rsatdi¸ deydi bu advokat.

Urganch shahrida istiqomat qiladigan Matkarimov. M. ismli 46 yashar tijoratchi 26 avgust kuni bir kechani tergov izolyatorida o‘tkazgan 4000 ga yaqin xorazmlikdan biridir. Ozodlik bilan suhbatda Matkarimov issiq bo‘lgani bois kuni bilan uyda yotib¸ kechqurun kanal bo‘ylab sayrga chiqqanida ushlab ketilganini aytib berdi:

- Ortiqcha vazn bor menda. Qon bosimim ham yuqori. Yugursam nafasim siqiladi. Doktor tavsiyasiga ko‘ra¸ kunda 5-6 kilometr yurishim kerak. Shuning uchun kechki salqinda Qirg‘iz yop (kanal) bo‘ylab yurishga chiqdim. Kechki 12 lar edi. Birdan "Uazik" mashinada vahima bilan kelib¸ meni ushlab olib ketishdi. Bir kecha tarakanxonadagi (tergov izolyatori) shkonka (temir krovat) da yotdim. Ertalab sud qilib¸ huquqbuzar sifatida jarimaga tortib¸ qo‘yib yuborishdi¸ deydi u.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ u militsiya xodimi talabiga bo‘ysunmaslik va shaxsini tasdiqlovchi hujjatsiz yurganligi iddaosi bilan huquqbuzar deb topilgan.

Ozodlik muxbiri bu shaxs arizasi asosida Xorazm viloyat IIB rahbariyatiga murojaat qildi. O‘zini rahbar muovini deb tanishtirgan shaxs bu haqda matbuot xizmati vakili Zokir Ismoyilov tushuntirish berishini aytdi.

Zokir Ismoyilov esa «bemaqsad» tunda «sayr qilish»ning o‘zbekistonliklarga qaysi qonun asosida taqiqlanganini tushuntirib bera olmadi. Bu savolga javoban¸ Ismoyilov «yaxshi odamlar bemahalda ko‘chada yurmaydi» degan umumiy gap bilan kifoyalandi.

Kichik shahardagi "kattalar uchun katta " tadbir

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy advokatning aytishicha¸ «hamma bir-birini taniydigan Urganch kabi aholisi oz shaharda shuncha odamning faqat kechqurun yurgani uchungina qo‘lga olingani yuqoridan tushirilgan raznaryadka asosida qilinayotgan xo‘jako‘rsin amaldir»:

- Mana, siz aytgan o‘sha Matkarimov. Mast bo‘lmagan¸ jamoat va yo‘l harakatini buzmagan. Shunchaki kechqurun sayr qilib yurgan. Bitta muammo - ënida pasporti bo‘lmagan. Aslida¸ bu muammo ham emas. Agar militsiya shubhalangan bo‘lsa¸ u bilan birga uyiga borib¸ pasportini so‘rashi kerak edi. Qon bosimi oshgan odam izolyatorda o‘lib qolsa¸ militsiya javob berarmidi? Huquqiy bespredel bu, deydi advokat.

"Xorazm IIB ning g‘ayrati oshib ketgan"

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati vakili Ozodlik bilan suhbatda Xorazm viloyati IIV xodimlari bu kabi holatlarda qonundan chekinib¸ odamlar huquqini poymol qilganini tan oldi:

- Raznaryadka berilmagan ularga "faloncha ushla", deb. O‘zlarining g‘ayrati oshib ketgan. To‘g‘ri¸ "bemaqsad yuribdi" deb xabarnomaga sal noto‘g‘ri yozishibdi. 4 ming odam qo‘lga olinganida xatolar bo‘lishi ham tabiiy. Bu xatolarni viloyat IIB xodimlari kelajakda to‘g‘irlaydi¸ deb o‘ylayman. Lekin boshqa tarafdan¸ o‘sha tungi tadbirda to‘rt nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan IIV matbuot vakili.

Unga ko‘ra¸ «Tun» tadbiri 27 avgust kuni nihoyalangan. Urganchlik advokat esa qidiruvga berilgan to‘rt odamning ushlangani 4000 kishining bir kecha qamalib chiqishini oqlay olmaydi¸ deya fikr bildirdi:

- Ko‘chadagi odamni to‘xtatib¸ uying qarovsiz qoldi¸ deb ayb qo‘yishayapti. Bunday primitiv yondashuv qaerda bor? Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak, degan gap bor. Xorazmdagi militsiya xodimlari «hujjatlarni qalbakilashtirish¸ mahbuslarni qiynash va narkotik iste’mol qilish» aybi bilan jazo o‘tamoqda. Bultur bog‘otlik ikki militsiya xodimi bankdan 45 qop pul o‘g‘irlaganlikda ayblanib qamaluvdi. Bular oldin o‘zlari huquq asoslarini o‘rgansin¸ deydi suhbatdosh.

Хоразм милицияси тунда “бемақсад” юрган 4000 га яқин одамни бир кеча қамаб қўйди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:55 0:00

XS
SM
MD
LG