Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:15

Maktab, kollej, litsey, bog‘cha ishchilari yoppasiga paxtaga chiqarildi (FOTO)


Paxta terimiga yotoqqa jo‘natilayotgan andijonlik ishchi-xodimlari, 17 sentabr, 2017 yil (Ozodlik mobil muxbiri yo‘llagan surat)
Paxta terimiga yotoqqa jo‘natilayotgan andijonlik ishchi-xodimlari, 17 sentabr, 2017 yil (Ozodlik mobil muxbiri yo‘llagan surat)

Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Andijon, Toshkent viloyatlarida maktab, kollej, litsey o‘qituvchilari, bog‘cha tarbiyachilarining paxta terimiga yotoqqa jo‘natilayotgani xabar qilinmoqda. Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridan Ozodlikka bog‘langan tadbirkorlar ulardan 300-350 ming so‘mdan paxta terimiga, deya pul yig‘ilayotganidan arz qildi.

Ozodlik muxbiri, jumladan, Jizzax viloyati Zomin tumanida yoppasiga paxtaga safarbar qilingan o‘qituvchilardan biri bilan suhbatlashdi.

Ismini sir saqlagan o‘qituvchi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda, o‘zi ishlab turgan maktab o‘qituvchilari 10 kishilik guruhga bo‘linib, paxta terimiga yotoqqa jo‘natilayotganini aytdi.

"Birinchi gruppa bugun ertalab jo‘nab ketdi. 10 kunga yotoq. Zominning o‘zidagi bir necha sovxoz va yonimizdagi Zafaroboddagi sovxozlarga. 50-55 yoshlar orasidagi ayollar ham bor. Bechoralar o‘zimizdagi taksichilar bilan gaplashishibdi - ertalab olib boradi, kechga olib keladi, 5-10 ming so‘m yo‘lkiraga. Yo‘l puliyam o‘zidan", dedi ismini oshkor etishni istamagan o‘qituvchi.

Uning aytishicha, Zomin tumanidagi bog‘chalarda ham har bir guruhda bittadan tarbiyachi qoldirilgan, ikkinchi tarbiyachi esa 17 sentabrdan paxta terimiga chiqarilgan.

"Bizdan o‘z ixtiyorimiz bilan terimga chiqyapmiz, degan tilxatlarni yozdirib olishdi, o‘tgan yildagiday. Yaqindayam ishchilar majbur paxtaga chiqarilmaydi, falon-fismadon deyishyotgandi-ku?! Qani shu gaplar?! Hammasi avvalgiday, hech o‘zgarish yo‘q", dedi zominlik o‘qituvchi.

Uning aytishicha, Zominda shifoxonalar, "Tez tibbiy yordam" bo‘limlaridagi tibbiy xodimlarning yarmi paxta terimiga safarbar qilingan.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi mahalliy tadbirkorlardan biri bu viloyatda ham maktab, kollej, litsey o‘qituvchilari, bog‘cha tarbiyachilari, shifoxona xodimlari 16-17 sentabr kunlaridan paxta terimiga safarbar qilinganini aytdi.

"Endi kamiga bozordagi tadbirkorlardan kelib, pul yig‘ayapti, hokimiyatning odamlari. Paxta terimiga chiqasizlar yoki har biringiz 300-350 ming so‘mdan pul berasizlar, deyapti. Savdoni tashlab borolmaymiz - pul berdik, majbur. Talashib-torishib, 300 ming so‘m bervordik, hozirgina", dedi muxbir bilan mikrofonsiz gaplashgan samarqandlik tadbirkor, ismini aytmaslik sharti bilan.

Paxta dalasida tushlik qilyotgan samarqandlik ishchi-xodimlar, 17 sentabr, 2017 yil ( Mobil muxbir yo‘llagan surat)
Paxta dalasida tushlik qilyotgan samarqandlik ishchi-xodimlar, 17 sentabr, 2017 yil ( Mobil muxbir yo‘llagan surat)

Farg‘ona viloyatidan yozgan yana bir tadbirkor ham buyum bozorlarida savdo qilayotgan tadbirkorlardan paxta terimiga chiqish, agar chiqolmasa, pul berish talab qilinayotgani haqida yozdi:

"Farg‘ona viloyati, Furqat tumanidagi tadbirkorlar paxtaga chiqishga majburlanmoqda. Tuman hokimi, prokurori, militsiyasi boshlig‘i tadbirkorlarni soliq idorasi oldiga to‘plab, do‘q-po‘pisa bilan: "Hammang paxata chiqasan, davlatga foydang tegmaydi, hechyo‘q paxta terlaring", dedi. Majburladi, deb qaerga arz qilsang, qilaver, deyishyapti", deb yozdi ismini oshkor qilmayotganimiz farg‘onalik tadbirkor.

Davlat byudjetiga qaram tashkilotlar - ta’lim maskanlari, shifoxonalar xodimlari, oliy o‘quv yurtlarining talabalari 16-17 sentabr kunlari paxta terimiga jo‘natilgani haqidagi xabarlar Andijon, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlaridan ham kelmoqda.

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining paxta terimiga safarbarlik haqidagi buyrug‘i, 26 avgust, 2017 yil (Mobil muxbir yo‘llagan surat)
Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining paxta terimiga safarbarlik haqidagi buyrug‘i, 26 avgust, 2017 yil (Mobil muxbir yo‘llagan surat)

Bunga qadar Ozodlik Samarqand viloyatidagi 7 ta oliy o‘quv yurti talabalari va o‘qituvchilarini 15 sentabrdan boshlab 5 kun ichida kolonna qilib paxtaga yuborish to‘g‘risida viloyat hokimi topshiriq berganini xabar qilgan edi. Viloyatda terimchilardan “O‘z ixtiyorim bilan paxtaga chiqdim”, degan mazmunda tilxat olingani aytilgan.​

11 sentabrdan boshlab, O‘zbekistondagi qator oliygohlar talabalarini paxta terimiga jo‘natish boshlangan.

Andijon tibbiyot instituti binosiga yopishtirilgan e’lon
Andijon tibbiyot instituti binosiga yopishtirilgan e’lon

Bu yil O‘zbekiston hukumati rasmiylari paxta terimida majburiy mehnat taqiqlanishini va’da qilgan edi. Buning ortidan Toshkentdagi Xalqaro press klub o‘tkazgan yig‘ilishlarda turli viloyatlar hokimlari bu yil paxta terimiga hech kim majburan jalb qilinmasligini va’da qilishgan.

O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanilayotgani to‘g‘risida ko‘p yillardan beri xalqaro tashkilotlar va huquq faollari xabar berib keladi. Buning ortidan dunyoning 150 dan ortiq yirik shirkati o‘zbek paxtasi va undan tayyorlangan mahsulotlarga boykot e’lon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG