Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 07:02

23 ta guruh AQShdan MXX raisi Rustam Inoyatovni jazolashni so‘radi


Inson haqlari¸ matbuot erkinligi va ijtimoiy adolatni targ‘ib qiluvchi yigirmadan oshiq xalqaro guruhning AQSh Davlat kotibi va Moliya vaziriga yo‘llagan birgalikdagi maktubi e’lon qilindi. Unda AQSh hukumatidan inson haqlarini toptash va korrupsiya bobida “shuhrat topgan” 15 nafar davlat arbobiga nisbatan moliyaviy sanksiya va viza cheklovi qo‘llash so‘ralgan. Bu “qora ro‘yxat”da O‘zbekiston MXX raisi¸ general Rustam Inoyatov nomi ham bor.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson va Moliya vaziri Stiven Mnuchin nomiga yo‘llangan ochiq maktubda bu ikkala vazirdan Inson huquqlari bo‘yicha global Magnitskiy aktidan unumli foydalanib¸ xalqaro maydonda inson haqlarini toptash va korrupsiya bo‘yicha tanilgan xorij rasmiylariga jazo qo‘llash so‘raladi.

“Global Magnitskiy” inqilobiy vositaga aylanishi mumkin bo‘lgan qonun. Bu akt AQShga dunyodagi inson haqlarini eng ko‘p toptayotgan va korrupsiyalashgan xorij rasmiylarini jazolash imkonini beradi. Bu Aktni qattiq ishga solish kelajak kleptokratlarini jilovlash ehtimoliga ega; u hokimiyatda qolish uchun o‘zgacha fikrlovchilarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llovchilarni jinoyatga qo‘l urishdan oldin uning oqibatlari haqida o‘ylashga majbur qiladi. Qisqasi¸ bu qonun AQShga jazosiz qolayotganlarni jazoga tortish va dunë bo‘ylab inson haqlari himoyachilarini himoya qilish borasida xalqaro hamjamiyat yetakchisiga aylanish imkonini beradi”¸ deyiladi ochiq maktubda jumladan.

Maktub mualliflari AQSh prezidenti Donald Trampning aprel oyida Magnitskiy aktini jiddiyat bilan ishga solajagi haqidagi bayonotidan rag‘batlanganlarini ayta turib¸ bu jarayonni boshlash fursati kelganini ta’kidlaydilar.

Shu munosabat bilan inson haqlari va matbuot erkinligi himoyasi bilan shug‘ullanuvchi guruhlar¸ o‘zlari to‘plagan fakt va ma’lumotlar asosida dunyodagi eng korruptsiyalashgan va inson haqlarini eng ko‘p toptayotgan xorij rasmiylari¸ shuningdek korrupsiyalashgan biznes arboblarini jazoga tortishni so‘raydilar.

Moliyaviy sanksiya va AQShga viza cheklovi joriy etilishi so‘ralgan 15 xorijlik orasida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi¸ general Rustam Inoyatov nomi ham bor.

Inoyatovning xalqaro inson haqlari guruhlari hozirlagan qora ro‘yxatga kiritilishining bosh sababi¸ maktubdan ayon bo‘lishicha¸ bu shaxsning O‘zbekistondagi qiynoqlar bilan bevosita aloqasidir.

“Rustam Rasulovich Inoyatov O‘zbekiston MXX (SNB) rahbari. Bu shaxs noqonuniy hibsga olishlar¸ o‘z viloyatidagi muttahamchilik va korrupsiyani fosh etib¸ kambag‘al va nogironlarning ijtimoiy-iqtisodiy haqlari uchun kurashgan O‘zbekiston inson huquqlari tashkiloti raisining qiynoqqa solinishi uchun mas’uldir. Jabrlanuvchi 2006 yilning 29 aprelida SNB tomonidan 2005 yilning 13 may kungi Andijon voqealaridan keyin boshlangan kampaniya davomida uydirma ayb bilan tovlamachilikda ayblanib qamoqqa olingan. Hozirga qadar qamoqda qolaëtgan jabrdiyda muntazam ravishda qiynoqqa solingan¸ uning tanasi kaltaklangan¸ bo‘g‘ilgan¸ ba’zi hollarda haftalar davomida nihoyatda sovuq sharoitda ushlangan. Avvaliga 9 yilga qamalgan jabrdiydaning ozodlikka chiqishiga ikki hafta qolganida unga yana besh yil qo‘shib berilgan. Qamoq davomida ko‘plab xastalikka uchraganiga qaramay¸ unga risoladagiday tibbiy yordam ko‘rsatilmagan. MXX raisi sifatida Inoyatov MXX nazoratida saqlanayotgan mahbuslar sharoiti uchun bevosita mas’ul¸ 2013 yilda Qiynoqlarga qarshi qo‘mita tomonidan “sistematik¸ keng tarqalgan va rag‘batlantirilgan” deb baholangan qiynoqlar amaliyoti tepasida turgan shaxsdir”¸ deyiladi inson haqlari guruhlarining AQSh Davlat kotibi va Moliya vaziriga yo‘llagan ochiq maktubida jumladan.

Bu maktubga ilova qilingan inson haqlarini toptayotgan¸ korrupsiyalashgan xorijlik shaxslar ro‘yxatiga Baku shahar politsiyasi rahbari Mirgafar Seyidov¸ Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Saidmo‘min Yatimov¸ Rossiya Bosh prokurorining o‘g‘li Artyom Chayka¸ shuningdek Xitoy¸ Bahreyn¸ Saudiya¸ Misr¸ V’etnam¸ Panama va Ukrainadagi rasmiylar va biznesmenlar nomi kiritilgan.

Ochiq maktubga Human Rights Watch, Transparency International, Freedom House, PEN klub kabi xalqaro maydonda tanilgan 23 guruh qo‘shilgan.

XS
SM
MD
LG