Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:58

Iroqlik kurdlar Bag‘dod tahdidiga qaramay mustaqillik uchun ovoz bermoqda


Iroqning Kurdiston muxtor mintaqasi saylovchilari mustaqillik referendumida ovoz bermoqda. Rasmiy Bag‘dod esa mamlakat yaxlitligini saqlab qolish uchun kurashishi va neft sotuvidan tushayotgan daromad ajratmalarini qisqartirishini aytib tahdid qilmoqda.

Kurdiston mintaqasi hukumati (KVH) rahbari Ma’sud Barzoniy 25 sentabr kuni hech qanday huquqiy kuchga ega bo‘lmagan referendum mustaqillik uchun uzoq muddatli muzokaralarning dastlabki bosqichidir, dedi. Ushbu mintaqa 1991 yildan beri muxtoriyat maqomiga ega va Iroqdagi islomiy ekstremistlarga qarshi urushga ko‘p hissa qo‘shdi.

Ertalab soat 8 dan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan 5,3 million saylovchi ovoz berishi uchun 12 mingga yaqin saylov uchastkasi ochildi. Ovoz berish kabinalarining 12 soat ochiq turishi rejalashtirilmoqda.

Referendum dastlabki natijalarining ovoz berilganidan 24 soat o‘tib ma’lum qilinishi kutilmoqda. Lekin unda asosiy ko‘pchilikning “Ha” deb ovoz berishiga deyarli hech qim shubha qilmayapti.

Ma’sud Barzoniy huquqiy qimmatga ega bo‘lmasa-da¸ bu referendum Bag‘dod bilan muzokaralarga asos bo‘lishiga umid qilmoqda:

- Referendumdan maqsad chegaralarni belgilab olish yoki biror joyda qaror topgan holatni birovga tiqishtirish emas. Biz referendumdan so‘ng Bag‘dod bilan batafsil muloqot jarayonini boshlashga tayyor bo‘lamiz¸ dedi mintaqa hukumati rahbari jumladan.

BMT bilan G‘arb mamlakatlari xavotiri

BMT, AQSh va boshqa G‘arb mamlakatlari ushbu referendumning "Islom davlati" (ID) ekstremistik guruhiga qarshi urushdan chalg‘itishi va bahsli hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqarishidan xavotir bildirdi.

Shuningdek, referendumga shialar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Iroq hukumati, qo‘shni Turkiya va Eron ham qarshi chiqmoqda. Turkiya va Eron mustaqillik referendumi o‘z hududidagi kurdlar orasida ham separatchilik kaydiyatini kuchaytirib yuborishidan cho‘chimoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi 25 sentabr kuni tarqatgan bayonotda, Iroq Kurdistonida o‘tkazilayotgan referendum Turkiya milliy xavfsizligiga tahdid qiladigan bo‘lsa, xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, “barcha choralar” ko‘rilishi aytildi.

Iroq bosh vaziri Haydar al-Abodiy 24 sentabr kuni televidenie orqali murojaatida referendumni “konstitutsiya va fuqarolar tinchligiga zid” deb atadi:

-Kurd birodarlarimiz bir narsani aniq bilib olishi kerak: Iroq Kurdistonidagi muammolarning aksariyati ichki muammolardir, ularga rasmiy Bag‘dodning hech qanday aloqasi yo‘q. Binobarin, Iroqdan ajralib chiqish da’vatlari ularni murakablashtiradi. Kurdiston mintaqasidagi korruptsiya va xo‘jasizlik oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy va moliyaviy qiyinchiliklar chuqurlashadi. Men bu gaplarni kurdlarga qarata aytayapman: o‘z mintaqangiz rahbarlaridan neftь sotuvidan kelayotgan pul qayoqqa ketayatpi, deb so‘rab ko‘ring”¸ dedi Bag‘dod hukumati rahbari.

Al-Abodiy devoni tarqatgan bayonotda aytilishicha, Iroq hukumati Kurdiston hukumati oldiga xalqaro chegara postlari va aeroportlar nazoratini markazi hokimiyat idoralariga topshirish talabini qo‘ydi.

Anqara “boshboshdoqlik”dan ogohlantirmoqda

Ayni paytda Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Kayvon Xusraviy o‘z mamlakati Iroq hukumati iltimosiga ko‘ra Kurdiston mintaqasi bilan barcha xalqaro parvozlarni to‘xtatganini ma’lum qildi.

Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan telefon orqali referendum masalasini muhokama qilgani va u mintaqada “boshboshdoqlikni keltirib chiqarishi” mumkinligidan xavotir bildirganini aytdi.

Barzoniy xalqaro hamjamiyatning Kurdiston mustaqilligiga keskin qarshiligi referendumdan so‘ng “uzoq davom etmasligi”ga umid qilayotganini bildirdi.

U referendum mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishi mumkinligini istisno qildi va mintaqadagi chegaralarni qayta qo‘rib chiqishni da’vo qilmaslikka va’da berdi.

Iroq kurdlari yetakchilari referendum rasman Kurdiston yarim muxtor mintaqasi deb ataladigan uchta viloyat - Dahuk, Irbil, Sulaymoniya va ayrim qo‘shni hududlarda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.

Ushbu hududlarga neftga boy Kirkuk, Maxmur, Xanaqin va Sinjar shaharlari kiradi. Kurdlardan tarkib topgan Peshmerga jangchilari 2014 yili Iroqning aksariyat qismini bosib olgan ID jangarilariga qarshi janglarda bu hududlarni o‘z nazoratiga olgan edi.

XS
SM
MD
LG