Линклар

$15 million ustidagi tortishuv Behzod Ahmedovni Gulnora Karimova "dushmani"ga aylantirdi


2012 yil - Behzod Ahmedov va Rossiyaning MTS shirkati bilan ziddiyatga kirishgunga qadar Gulnora Karimova O‘zbekistondagi eng qudratli ayol sanalgan edi.

2 oktabr kuni Stokholm mahkamasi MTS-O‘zbekiston telekom shirkati bosh direktori Behzod Ahmedovning 2012 yilning 10 sentabrida Rossiya tergovchilariga¸ 2015 yil mayida Shveysariya tergovchilariga bergan guvohlik ko‘rsatmasini jamoatchilikka e’lon qildi. 10 yildan ko‘proq vaqt davomida Gulnora Karimovaning O‘zbekiston telekom bozorini to‘liq nazoratiga olishdagi o‘ng qo‘li bo‘lgan Ahmedov ko‘rsatmalaridan¸ aynan Ahmedov guvohligi yaqin tarixdagi eng yirik korrupsiya ishining boshlanishi va O‘zbekistonning eng qudratli ayoli sanalgan Gulnora Karimovaning mahkumga aylanishiga asos bo‘lgani ko‘riladi.

G‘arb telekommunikatsiya shirkatlaridan bir milliard dollarga yaqin pora olgani Yevropa va AQShda ochilgan jinoiy ishlar davomida o‘z isbotini topgan marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi hozirda O‘zbekiston qamoqxonasida besh yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Karimova imperiyasining qulashiga huquqiy zamin yaratgan Behzod Ahmedov esa¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 2012 yil iyunida Toshkentdan qochib chiqqanidan beri¸ Rossiyada yashamoqda.

To‘rt soatlik “dopros”

Stokholm mahkamasi e’lon qilgan hujjatlarning Ozodlik tanishib chiqqan birinchisi rasman “Protokol doprosa svidetelya”¸ ya’ni guvohni so‘roq qilish protokoli deb ataladi va unda 2012 yilning 10 sentabr kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligi uyushgan jinoiy faoliyatni tergov qilish Boshqarmasi 3-bo‘limining alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi O.Silchenko tomonidan o‘tkazilgan so‘roqda Ahmedov aytgan gaplarning asosiy mazmuni aks etgan.

Roppa-rosa to‘rt soat davom etgani qayd etilgan 17 sahifalik so‘roq protokolining har bir betiga Behzod Ahmedov ¸oxirgi sahifasiga esa¸ unga advokatlik qilgan Valeriy Orlov ham matnning to‘g‘riligini tasdiqlab qo‘l qo‘ygan.

Protokolda yozilishicha¸ Behzod Ahmedov Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 189¸190 va 191-moddalari asosida ochilgan 369659-sonli jinoiy ish (Rossiyadagi MTS shirkatining O‘zbekistondagi faoliyatida monopoliyaga qarshi qonunchilik buzilgani yuzasidan 2012 yili ochilgan ish - tahr.) bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilingan.

So‘roq boshlanishidan oldin Behzod Ahmedov Rossiya Jinoiy-protsessual kodeksining 3-moddasi bo‘yicha guvoh sifatida o‘z xavfsizligining kafolatlanishini so‘raydi¸ o‘zi¸ oilasi va yaqinlariga qarshi ko‘rsatma berishdan bosh tortishini ta’kidlaydi va ko‘rsatmalarining¸ hatto keyinchalik o‘zi inkor qilgan taqdirda ham¸ jinoiy ishda dalil sifatida ishlatilishiga izn beradi.

Ahmedov mukammal bilishini aytgan rus tilida¸ tarjimonsiz o‘tkazilgan so‘roq¸ 2012 yilning 20 avgust kuni uning advokat vositasida o‘z xavfsizligi kafolatlanishi haqidagi so‘rovi qondirilganidan so‘ng o‘tkazilgan.

Беҳзод Аҳмедов оиласи билан.
Беҳзод Аҳмедовнинг 2012 йил 10 сентябрида Россия терговида берган гувоҳлик кўрсатмаси протоколи

“Rad etish mumkin bo‘lmagan takliflar”

Asosiy mazmuni 15 sahifadan joy olgan Ahmedov ko‘rsatmasi boshdan oxiriga qadar uning o‘shandagi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan munosabatlari¸ biznes sherikchiligi haqida.

Karimova bilan ToshDUning falsafa-iqtisod fakultetida birga o‘qigan opasi Nilufar orqali 2001 yilda tanishganini aytgan Ahmedov¸ 2001 yil dekabridan boshlab asl egasi Karimova bo‘lgan OA STORES shirkatining qog‘ozdagi menejeriga aylangani¸ bir paytning o‘zida¸ “O‘zdunrobita” Amerika-O‘zbekiston telekom shirkatining Toshkent bo‘yicha servis markazi direktori bo‘lib ishlaganini aytadi.

Men Gulnora Karimovaning o‘z shirkati boshqaruvchisi sifatida qayddan o‘tish taklifiga yo‘q deya olmadim¸ chunki unga yo‘q deyish mumkin emas edi”¸ deydi o‘z ko‘rsatmasida Ahmedov va bu ish uchun hech qachon oylik olmaganini qo‘shimcha qiladi.

Protokolda keltirilgan ko‘rsatmaga ko‘ra¸ Behzod Ahmedov “O‘zdunrobita” ta’sischilari boshqaruv kengashi raisi¸ AQShdagi ICG Inc. shirkati prezidenti Dadley Kristi bilan 1996 yili Amerikada o‘qib yurgan paytida tanishgan. “O‘zdunrobita”ning 45 foizlik aksiyalariga egalik qilgan ICG prezidenti va Gulnora Karimova o‘zaro tanishish va birga biznes qilishni istagani ortidan¸ Ahmedov ularni Londonda 2001 yil kuzida yuzma-yuz uchrashtiradi.

2001 yilgi mazkur uchrashuv tafsilotlaridan Ahmedovning O‘zbekiston telekom bozorini o‘z nazoratiga olish jarayonida Gulnora Karimovaning o‘ng qo‘li¸ asosiy muzokarachisiga aylangani anglashiladi.

"O‘zdunrobita"ning tortib olinishi

London ortidan Dubayda o‘tkazilgan muzokaralar nihoyasida “O‘zdunrobita”ning amerikalik hissadorlari¸ “O‘zbekistonda jiddiy muammolar boshlanishi” tahdid ostida o‘zlariga qarashli aksiyalarning 20 foizini Karimovaga qarashli Revi Holdings shirkatiga berishga rozilik beradi. Buning evaziga Karimova shirkatning konvertatsiya bilan bog‘liq muammolarini hal etish va unga xalqaro aloqa litsenziyasini olib berishni va’da qiladi.

Guvohlik ko‘rsatmasida aytilishicha¸ 20 foizlik aksiyani Karimovaga qarashli shirkatga o‘tkazish haqidagi memorandumga 2001 yil noyabrida Revi Holdings boshqaruvchi direktori Farhod Inog‘omboev va ICG bosh ta’sischisi Shahid Feroz qo‘l qo‘yadi¸ 2002 yil yanvarida Revi Holdings “O‘zdunrobita” ta’sischilari guruhiga rasman qo‘shiladi¸ Ahmedov shirkat bosh direktori etib tayinlanadi.

Inog‘omboev Karimova bilan kelishmovchilik ortidan AQShga chiqib ketgach¸ Karimova 2002 yil oxirida¸ Behzod Ahmedovning guvohlik berishicha¸ “O‘zdunrobita” aksiyalarini fuqaroviy eri Rustam Madumarov nomiga ochilgan Swisdorn Limited shirkatiga rasmiylashtiradi.

2003 yilga kelib amerikalik investorlar “O‘zdunrobita”ga xaridor izlay boshlashi ortidan Rossiyaning MTS shirkati birinchilardan bo‘lib qiziqish ko‘rsatadi va 2004 yil avgustida¸ bu paytga kelib¸“O‘zdunrobita”ning 59 foizini qo‘lga olgan Karimova 33 foizlik aksiyani 100 million dollarga¸ amerikaliklar esa¸ o‘z ixtiyoridagi 41 foizlik aksiyasini 21 million dollarga sotish haqida MTS bilan kelishuv imzolaydi. Karimova "O‘zdunrobita"ning qolgan 26 foiz aksiyasini 2007 yili MTSga 250 million dollarga sotadi.

Behzod Ahmedov o‘zi 10 yil ishlagan “O‘zdunrobita”ni amerikalik investorlar va davlatdan Gulnora Karimovaga suv tekinga olib berish¸ qolaversa uni MTSga sotishda ham¸ o‘z ko‘rsatmasidan¸ Karimovaning asosiy muzokarachisi bo‘ladi va shu asnoda Karimovaning bu jarayondan 350 million dollarni o‘zlashtirishida markaziy rol o‘ynaydi.

O‘ziga qarshi ko‘rsatma bermasligini boshdayoq aytgan Ahmedov¸ bu jarayonda o‘zining qancha ishlagani haqida tergovga ma’lumot bermaydi.

Coscom boshiga ham "O‘zdunrobita" kuni tushdi

Karimovaning O‘zbekiston mobil aloqa bozoridagi birinchi yurishi 350 million dollarning asosan Hong Kongdagi bank hisoblariga borib joylashishi bilan yakunlanar-yakunlanmas¸ Ahmedov O‘zbekistondagi yana bir telekom shirkati - SOSCOMni ham ayni shaklda Karimova nazoratiga o‘tkazish va so‘ngra uni xorij investoriga sotish poydevorini qurishga kirishadi.

Protolda qayd etilishicha¸ 2007 yil bahorida¸ O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoridagi ikkinchi yirik o‘yinchi - Coscom shirkati aksiyalarining 97 foiziga egalik qilgan Amerikaning MCT Corp. uni Qatar Telekomga sotish bo‘yicha kelishuv imzolaydi.

Bu savdodan ulush talab qilgan Karimova¸ amerikaliklar ko‘nmagach¸ Coscom litsenziyasini 10 kunga to‘xtatadi va bu tahdid ortidan amerikaliklar Qatar Telekom bilan kelishuvni bekor qilib¸ Karimova talab qilganidek¸ o‘z hissasini Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli TeliaSoneraga sotishga majbur bo‘ladi.

Bu oldi-berdida ham MTS-O‘zbekiston bosh direktori vazifasida ishlab turgan Behzod Ahmedov¸ o‘zining guvohlik berishicha¸ Karimova so‘roviga muvofiq asosiy muzokarachi bo‘ladi. Ahmedov olib borgan muzokaralar natijasida¸ protokolda qayd etilishicha¸ TeliaSonera tomonidan Karimovaga qarashli Takilant shirkatining Latviya va Shveysariyadagi bank hisoblariga jami 330 million dollardan ortiq mablag‘ o‘tkaziladi.

(AQSh Adliya vazirligi bilan sudgacha erishilgan kelishuvda aksiyalari Amerika qimmatbaho qog‘ozlar bozorida savdoga qo‘yilgan TeliaSonera shirkati Gulnora Karimovaga 331million dollar pora berganini tan oldi va bu ishi uchun qarib 1 milliard dollar jarima to‘ladi.)

15 million dollarlik "qora mushuk"

Avvaliga “O‘zdunrobita”¸ uning ortidan Coscomni Gulnora Karimovaga olib berish va so‘ngra ularni sotish asnosida Karimovaning xorijdagi bank hisoblariga qariyb bir milliard dollar kelib o‘rnashishida markaziy shaxs bo‘lgan Ahmedovning Karimova “dushmani” (Karimovaning o‘z ta’rifi)ga aylanishi sababi¸ so‘roq protokolidan anglashilishicha¸ 15 million dollar tortishuviga borib taqaladi.

2011 yil 16 dekabr kuni Ahmedov bosh direktor bo‘lgan “O‘zdunrobita¸ bu vaqtga kelib¸ MTS-O‘zbekiston shirkatida soliq va prokuratura tizimlari kompleks tekshiruv boshlaydi. Uch oy davom etgan bu tekshiruv natijasida “O‘zdunrobita” 2008-2010 yillarda davlatga 1¸5 million dollar kam soliq to‘lagan deb topiladi va Ahmedovga ko‘ra¸ shirkat bu soliqni belgilangan vaqt ichida to‘laydi.

Tekshiruv davom etayotgan bir paytda Karimova Avakyan orqali Ahmedovga o‘ziga 15 million dollarlik jarima puli to‘lash talabini qo‘yadi.

2012 yilning 15 fevral kuni¸ hali tekshiruv borayotgan paytda¸ Gayane Avakyan meni Toshkentdagi “Shoshkent” ofisiga chaqirdi. Bu yerda Avakyan menga chekkalariga Karimova tomonidan qo‘lda izoh yozilgan kompyuterdan chiqarilgan ikki varaqlik qog‘oz berdi. Unda “O‘zdunrobita”ning 2007 yildan 2001 yil noyabriga reklamaga sarflagan xarajati ko‘rsatilgan edi. Avakyan menga bergan xatda Karimova mendan 30 milliard so‘m (15 million AQSh dollari)ni o‘z shaxsiy hisobim va menejment hisobidan unga topshirishni talab qildi. Karimova talabida¸ “O‘zdunrobita” reklama xizmatlari uchun O‘zbekistondagi turli kompaniyalarga to‘lagan pullar¸ maqsadli foydalanilmagani uchun¸ shaxsan unga qaytarilishi lozim deyilgan. Karimova qarashicha¸ “O‘zdunrobita”ning barcha reklama xizmatlari unga qarashli bo‘lgan “Terra grupp” orqali ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan”¸ deyiladi Ahmedovning Rossiya tergovchisi o‘tkazgan so‘roqdagi ko‘rsatmasida jumladan.

Ahmedovga ko‘ra¸ Karimova 15 million dollarni berilgan muhlat ichida o‘z hisobiga o‘tkazmasa¸ qamatish bilan tahdid qilgan va shundan so‘ng u o‘z uyini sotib¸ unga dastlabki 1 163 000 dollarni naqd bergan.

Ahmedov shuningdek¸ Karimova Kann kinofestifali doirasida o‘tkazilgan xayriya kechasiga kirib¸ Bill Klinton va Monako shahzodasi bilan suratga tushish imkoni uchun to‘langan 250 ming dollarni to‘lashni ham o‘ziga yuklagani va bu pulni Karimovaning AQShdagi bank hisobiga o‘tkazganini aytadi.

Tahdid va bosimlarni davom ettirgan Karimova¸ qolgan pulni to‘lash uchun Ahmedovdan Moskvadagi uyini sotishni¸ aks holda¸ nafaqat o‘zi¸ xotini va bolalari ham tazyiq ostiga olinishini aytavergach¸ Karimova topshirig‘i bilan chegaradan chiqarilmaydigan shaxsga aylangan Ahmedov 2012 yilning 6 iyun kuni O‘zbekistonni noqonuniy tark etadi.

"Moskvadan yuborilgan chopar"

So‘roq protokolida¸ o‘zi va oilasi xavfsizligi uchun O‘zbekistondan qochib chiqishga majbur bo‘lganini aytgan Ahmedov¸ 30 iyun kuni Shveysariyada Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlarning qo‘lga olingani haqida matbuot orqali xabar topganini aytadi. Ahmedov¸ bu shaxslarning Shveysariya bankidagi hisob raqamidagi pul va boshqa ko‘chmas va ko‘char mulkning asl egasi Gulnora Karimova ekanini aytadi¸ o‘zining bu hisoblarga aloqasi yo‘qligini bildiradi.

Ayni paytda¸ Shveysariya huquq tizimlari bu shaxslarning Behzod Ahmedov nomiga ochilgan hisob raqamidan millionlab dolalr pulni chiqarish uchun kelganida qo‘lga olinganini bildirgan edi.

Bu voqea ortidan Ahmedov¸ advokat orqali Shveysariya prokuraturasi bilan hamkorlik qilish va ularga guvohlik ko‘rsatmalari berishga tayyorligini bildirgani va shu maqsadda o‘ziga shveysariyalik advokat yollaganini aytadi.

Bu ko‘rsatmalardan esa¸ avvaliga Shveysariya¸ so‘ngra Shvetsiya¸ Fransiya¸ Hollandiya va AQShda ochilgan O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoridagi korrupsiya va unda prezident to‘ng‘ichining roli yuzasidan boshlangan jinoiy ishlarning Gulnora Karimovaga kelib taqalishini fosh etishga¸ aynan Ahmedov hamkorligi yo‘l ochgani ko‘riladi.

2012 yil kuzida shvetsiyalik telejurnalistlar hozirlagan uch qismlik hujjatli videomaterialga asos bo‘lgan ma’lumotlar bilan Ahmedovning Moskvada bergan ko‘rsatmasidagi uyqashlik ham¸ bu filmlardan biriga sarlavha bo‘lgan "Moskvadan chopar" ortida kim turganini tushunishga yordam beradi.

2012 yilda Shveysariyadagi Bilan jurnaliga bergan intervyusida Gulnora Karimova aynan Behzod Ahmedovni o‘ziga qarshi kompromat sizdirayotganlikda ayblagan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG