Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 04:57

Paxta xashariga chiqqanlar orasida yuzlab GM Uzbekistan ishlari bor


Toshkent viloyatiga vodiydan kelib paxta terayotgan hasharchilar.

GM Uzbekistanning Asakadagi zavodlarida ishlaydigan minglab xodim 14 sentabrdan boshlab paxta terimiga jo‘natildi. Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan zavod ishchisiga ko‘ra¸ konsern ishchi-xizmatchilari Jizzax va Toshkent viloyatlarida paxta termoqda.

GM Uzbekistan matbuot markazining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik muxbiriga zavod ishchilarining faqat kichik bir qismi mehnat ta’tili hisobidan paxta terimida qatnashayotgani va bu holat korxonaning umumiy ish sur’atiga zarar keltirmayotganni aytdi.

Mulozimga ko‘ra¸ zavod ishlayapti va konveyer to‘xtamagan.

Bundan oldin Ozodlik bilan bog‘langan asakaliklardan biri konveyer to‘xtaganligini aytgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan Asakadagi GM Uzbekistan ishchisining aytishicha¸ zavoddagilarni paxtaga jo‘natish yarim maxfiy tarzda amalga oshirilmoqda:

- Andijon hokimi o‘quvchilar paxta terishi jinoyat deb aytgan kundan (24 sentabr - tahr.) 4 kun o‘tib bizni paxtaga chiqara boshlashdi. 14 oktabr shanbadan boshlab esa, tashkiliy tarzda paxtaga chiqarildik. Paxtaga UzDeudan keldik (GM Uzbekistanning avvalgi nomi - tahr.) demanglar¸ zavod logosi bor kiyimlarni kiymanglar deb tayinlashdi¸ deydi suhbatdosh.

Andijon viloyat hokimligidagi mulozimga ko‘ra¸ GM Uzbekistanning Asakadagi zavodidan 14-15 oktyabr kunlari 3 ming hasharchi paxta hashariga chiqqan. Mulozim ta’kidicha¸ Asakadan Toshkent va Jizzax viloyatlariga 31 ming terimchi tashkiliy jo‘natilgan.

GM Uzbekistanning Asakadagi zavodida ishlaydigan mulozimning aytishicha¸ paxtaga jo‘natilgan ishchilarning asosiy qismi yangi ishga olinganlardir:

- Ular ishga olinib, hali ish jarayoniga aralashib ulgurmagan yosh kadrlar¸ bundan tashqari ko‘p ishchi va masterlar o‘zining o‘rniga mardikor yollab paxtaga jo‘natishdi. Zavod ham to‘xtamasligi va umumxalq hashari bo‘lgan paxta terimida ham faol ishtirok qilish kabi vazifa qo‘yildi¸ va biz bu ishni uddalayapmiz, deydi mulozim.

Zavod ishchilari «Uyushmagan aholi» qatorida paxta termoqda

Andijon paxta shtabida navbatchilik qilayotgan mulozimnig aytishicha, paxta dalalarida yurganlarning ko‘pi «uyushmagan aholi» vakillaridir:

- Masalan, dala bo‘ylab yo‘lda ketayapsiz. Paxta terishga ishtiyoq uyg‘ondi. Borib, mahalliy paxta shtabidan etak so‘rab olib¸ terib¸ kilosiga pulini o‘sha yerning o‘zidan naqd olib ketaverasiz. Uyushmagan aholi orasida zavod ishchilari yoki maktab o‘qituvchilari bo‘lishi mumkin. Bu ularning o‘z ixtiyoriy ishi¸ deydi mulozim.

Ozodlik suhbatlashgan Asakadagi GM Uzbekistan ishchisining aytishicha¸ Jizzax va Toshkent viloyatlariga yotoqli paxtaga ketmagan ishchilarga ishdan keyin yoki yakshanba kunlari «uyushmagan aholi» bo‘lib paxta terish buyurilgan.

Zavod ishchisning ishonishicha¸ Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov paxta frontiga qo‘shimcha ishchi kuchlarini safarbar qilishning yangicha usullaridan biri sifatida “uyushmagan aholi” degan tushunchani amaliyotga joriy qilgan.

Aslida, "uyushmagan aholi" iborasi bu yilgi terim mavsumida butun mamlakat bo‘ylab tilga olinmoqda.

Keyingi kunlarda Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridan mamlakatning shimoliy va g‘arbiy viloyatlariga 30 ming nafardan ortiq odam paxta terimiga maxsus poezdlarda safarbar etildi. Korxona va tashkilotlar xodimlaridan, mahallalar aholisidan tashkil topgan maxsus otryadlar Xorazm, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda paxta termoqda.

XS
SM
MD
LG