Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:27

Paxta terimiga odam chiqarishga mas’ul samarqandlik doktor yurak xurujidan o‘ldi


Marhum Fahriddin Saidov
Marhum Fahriddin Saidov

Samarqand tuman tibbiyot birlashmasida bolalar vrachi bo‘lib ishlagan va tibbiyot xodimlarini paxtaga safarbar qilish bilan shug‘ullangan 52 yashar Faxriddin Saidovning 16 sentabr kungi selektor majlisidan chiqqach, 2 kun o‘tib o‘lgani bugun ma’lum bo‘ldi.

"Qo‘rqmaslar" inson huquqlari guruhi a’zosi Malohat Eshonqulovaning Ozodlikka ma’lum qilishicha, Faxriddin Saidov paxta bo‘yicha selektor majlisidagi haqoratlar ortidan yurak hurujiga uchragan.

Eshonqulovaning Ozodlik bilan suhbatda davolovchi vrachga tayanib aytishicha¸ marhum o‘limidan ikki kun oldin majlisda hokim tarafidan qattiq tergalgan, u o‘z zimmasiga tuman tibbiyot birlashmasi Kasaba uyushmasi raisi sifatida mingga yaqin tibbiyot xodimini paxtaga chiqarish uchun majburiyat olgan.

- 16 sentabr kuni vrach va hamshiralar Faxriddin Saidovning oldiga kelib paxtaga chiqmaymiz, deb turib olishgan. Prezident doktorlar paxtaga chiqmasin deb turgan vaqtda nimaga bizni paxtaga terishga majburlayapsiz deyishgan paytda Saidov yuragini changallab yiqilgan va reanimatsiya bo‘limida joni uzilgan, deydi Malohat Eshonqulova.

Eshonqulovaga ko‘ra¸ shu kunlarda tumanda shifokorlar hamon paxta dalalarida qolmoqda.

Paxta-2017: Qurbonlar soni ortmoqda

12 oktabr kuni Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida 4-sinf o‘quvchisi ustiga devor qulashi oqibatida nobud bo‘lgan edi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor taxiatoshliklarning Ozodlikka aytishicha¸ maktab o‘qituvchisi o‘rniga paxtaga yollangan bolaning onasi fojia paytida dalada bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyat, Qarshi tuman, Pistakent qishlog‘ida yashovchi 28 yashar Lobar Ashurova paxta dalasida "ichki qon ketishi oqibatida" olamdan o‘tdi. Bu fojia Lobar Qashqadaryo viloyat sil kasalliklari shifoxonasida sanitar bo‘lib ishlaydigan onasining o‘rniga paxta terimiga chiqqan paytda sodir bo‘lgan edi.

Andijon viloyat, Ulug‘nor tuman hokimi 57 yashar Asilbek Yusupov 5 oktabr kuni olamdan o‘tdi. Tuman hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ 6 oktabr kuni dafn qilingan Yusupov 3 oktabr kuni paxta yig‘im-terimiga oid viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov​ o‘tkazgan selektor majlisida hokim tomonidan tergalgani ortidan ish kabinetida og‘iz-burnidan qon ketib, yiqilib tushgan.

19 sentabr kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 43-bog‘chada 2 yashar Abdulloh ustiga bir qozon qaynoq ovqat to‘kilishi oqibatida olamdan o‘tdi. Bog‘chada oshpaz bo‘lib ishlaydigan Gulnora Rahmonova o‘g‘liga qaraydigan qaynonasi paxta terimiga chiqarilgani bois, bolasini o‘zi bilan bog‘chaga olib borgan payti ushbu fojia sodir bo‘lgan.

16 sentabr kuni Andijon shahrida yashovchi 58 yoshli Muzaffar Umrzoqov maktabda farrosh bo‘lib ishlaydigan rafiqasi o‘rniga paxtaga chiqqan paytda dalada jon berdi.

Shu kuni Jizzax viloyat, Sharof Rashidov tuman, "Uch tepa" dahasidagi 32-maktabida Yoshlar ittifoqi tashkilotchisi 39 yashar Gulzoda Tojiboeva paxtadan qaytayotganida avtobus tagida qolib o‘ldi.

19 sentabr kuni BMT bosh minbarida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatda bolalar mehnati¸ umuman majburiy mehnatga barham berilgani haqida bayonot qildi. Ushbu bayonotdan uch kun o‘tib, talabalar, shifokor va o‘qituvchilar paxta dalalaridan shoshilinch ortga qaytarildi. Biroq Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, turli soha vakillarini paxta terimiga majburan chiqarish jarayoni davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG