Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:57

Mirziyoev Qirg‘izistonning saylangan prezidentiga tabrik maktubi yo‘lladi


Qirg‘izistonning saylangan prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov.
Qirg‘izistonning saylangan prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga saylangani bilan muborakbod etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar tarqatdi.

“Sizning g‘alabangiz – Qirg‘izistonning birodar xalqi mamlakatingizdagi chuqur tizimli islohotlar va o‘zgarishlarni davom ettirishga, aholi farovonligini yanada oshirishga, jamiyatda tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni ta’minlashga, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatning obro‘-e’tiborini mustahkamlashga qaratilgan reja va dasturlaringizni keng qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolatdir”, deyiladi Mirziyoevning Jeenbekovga yo‘llagan tabrik maktubida.

Nomada O‘zbekiston o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratishi va ikki mamlakat xalqi manfaati uchun ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash uchun barcha zarur choralar ko‘rishga tayyor ekani urg‘ulangan.

C.Jeenbekov O‘zbekiston bosh vaziri A.Aripov bilan, Bishkek, 2017 yil 16 avgusti.
C.Jeenbekov O‘zbekiston bosh vaziri A.Aripov bilan, Bishkek, 2017 yil 16 avgusti.

“Ishonchim komilki, so‘nggi yil davomida erishilgan ijobiy siyosiy muloqotning yuksak darajasi va tomonlarning mavjud masalalarni o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarni hisobga olgan holda hal qilishga tarafdorligi yanada rivojlanadi”, deyiladi O‘zbekiston prezidenti maktubida.

Qirg‘izistonda shu yil 15 oktabrida bo‘lib o‘tgan prezident saylovida So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov 54,81 foiz (917 529 kishi) ovoz bilan g‘alaba qozongan. U amaldagi prezident Almazbek Atambaevning safdoshi bo‘lib hisoblanadi.

O‘qituvchidan chiqqan prezident

Kasbi zootexnik va hisobchi bo‘lgan 58 yoshli S.Jeenbekov mehnat faoliyatini maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan va bosh vazir lavozimigacha ko‘tarilgan.

A.Atambaev va S.Jeenbekov, Bishkek, Oq uy, 2017 yil mayi.
A.Atambaev va S.Jeenbekov, Bishkek, Oq uy, 2017 yil mayi.

U davlat rahbari lavozimiga kelgan taqdirda salafi A.Atambaev siyosatini davom ettirishga va’da bergan. Xususan, 15 oktabrdagi chiqishida Jeenbekov: “Men Almazbek Atambaev kursini davom ettiraman. Mening asosiy maqsadim erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va islohotlarning yangi bosqichini amalga oshirishdir”, degan.

1995 yildan beri katta siyosatda bo‘lgan S.Jeenbekov uch marta parlament deputati bo‘lib saylangan. O‘sh viloyati gubernatori, Qishloq xo‘jalik vaziri, Davlat kadr xizmati rahbari, Prezident devoni rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2016 yil martida u Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimiga tayinlangan hamda shu yil avgustigacha hukumatni boshqargan.

Karimov dafniga kelgan siyosatchi

S.Jeenbekov (chapdan to‘rtinchi) o‘tgan yil sentabrida Samarqandda I.Karimov dafn marosimida qatnashgan.
S.Jeenbekov (chapdan to‘rtinchi) o‘tgan yil sentabrida Samarqandda I.Karimov dafn marosimida qatnashgan.

O‘tgan yili O‘zbekistonning avvalgi prezidenti I.Karimov dafn marosimida ham Qirg‘izistonni bosh vazir S.Jeenbekov tamsil etgan edi.

Jeenbekovning tanqidchilari uning ish uslubi va islohotchilik jihatlarini tanqid qilib keladilar. Biroq A.Atambaev Jeenbekov rahbarlik qilgan hukumat o‘ziprezidentlik qilgan paytdagi “eng yaxshi hukumat” bo‘ldi, degan fikrda.

XS
SM
MD
LG