Tojikiston Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi 370 nafar shaxsni jinsiy ozchilik vakili sifatida ro‘yxatga oldi. Ular Tojikiston IIV tomonidan o‘tkazilgan “Axloq” va “Tozalash” nomli amaliyotlar chog‘ida aniqlangan, deya xabar qiladi Tojikiston Bosh prokuraturasining “Qonuniyat” jurnali.
Ro‘yxatga 319 nafar besoqolboz erkak va 48 nafar lesbiyanka ayol kiritilgan. “Ularning jinsiy ozchilikka mansubligi isbotlandi va ular tezkor qaydga olindi”, deb yozadi jurnal.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi bu xabar yuzasidan izoh berganicha yo‘q. Biroq ro‘yxatni tuzishda ishtirok etgan va ismini oshkor etilishini istamagan tartib posbonlaridan biri bu shaxslar fohishalar singari OITV infeksiyasini yuqtirish ehtimoli yuqoriligi hamda o‘z mijozlarini tez-tez o‘zgartirib turishlari vajidan aholining nochor qatlamiga kirganlari tufayli tezkor qaydga olinganlarini ma’lum qildi.
Tojikistonda 1998 yili sovet davridagi qonunlar bekor qilinib, bir jinsli munosabatlar jinoiy ta’qib qilinmay qo‘ygan, biroq besoqolbozlar va boshqa jinsiy ozchilik vakillari hali ham jamoatchilik ongidan mustahkam o‘rin olgan tabular bilan to‘qnash kelib turadilar.
OITS, sil va bezgakka qarshi kurash global jamg‘armasi 2015 yil mayidagi bayonotida “Tojikistonda erkaklar bilan jinsiy aloqaga moyil erkaklar soni taqriban 30 ming kishini tashkil etishi” haqida bildirgan. Biroq bu raqam Tojikiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan rad etilgan.